Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Global gegemon bo‘lib qolish yoki dunyo iqtisodiyotini parchalab tashlash – Xitoy qaysi yo‘ldan boradi?
Xitoyning iqtisodiy o‘sishi va uning ish olib borish usullari diplomatik, savdo va texnologik aloqalarni xavf ostida qoldiryapti, deb yozadi Financial Times.
Oktabr oyida Xitoy Xalq Respublikasining 70 yillik bayrami tantanalariga boshchilik qilgan Si Tszinpin ancha ko‘tarinki kayfiyatda edi.
«Besh ming yildan ortiqroq shavkatli taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan mamlakatimiz kelgusi ikki asrlik maqsadlariga erishish va buyuk Xitoy milliy yangilanish orzusini amalga oshirish yo‘lida ham o‘z tarixi solnomasiga yana bir yorqin zarvaraqni bitib qo‘yajak», – dedi respublika yetakchisi.
Foto: AFP
XXR raisida bunday baland notada gapirish uchun sabablar yetarlicha. Xitoyning 14 trillion dollarlik iqtisodiyoti faqat AQShdan ortda qolyapti. Standard Chartered`ga ko‘ra, Xitoy xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha kelasi yilning o‘zidayoq birinchi o‘ringa chiqib oladi. O‘rtacha hisob-kitoblarga qaraganda, Xitoy iqtisodiyoti 2030 yilda AQShdan o‘zib ketishi kutilyapti.
McKinsey konsalting firmasiga ko‘ra, Xitoy – dunyoda eng ko‘p tovar ayirboshlovchi mamlakat. Bu yilgi Global Fortune 500`ga kiritilgan sub'yektlarning 20 foizidan ko‘prog‘i – Xitoy va Tayvan kompaniyalaridir.
Qolaversa, Xitoy – to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritish va jalb etish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga ega ikki davlatdan biri; tadqiqot va ishlanmalar uchun mablag‘ ajratish bo‘yicha esa dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi – o‘tgan yili bu yo‘nalishda qariyb 300 mlrd dollar sarflangan.
Xalqaro tashkilotlar boshqaruvida ham ushbu mamlakat vakillari yetarlicha. Masalan, Xalqaro telekommunikatsiyalar ittifoqini xitoylik mulozim boshqarmoqda; o‘tgan yilga qadar Interpol rahbari ham xitoylik edi.
Bir paytlar gadjetlarning arzon ko‘chirma variantlarini ishlab chiqarib yurgan Xitoy hozir texnologiyalar borasida AQSh bilan raqobatlashmoqda. Bu esa sun'iy idrok, beshinchi avlod telekommunikatsiya tarmoqlari kabi sohalarda qurollanish poygasini yuzaga keltirdi.
«Xitoy va dunyo o‘rtasidagi o‘zgarayotgan munosabatlar markazida, katta ehtimolki, texnologiyalar turibdi», deya qayd etilgan Xitoyning xalqaro aloqalari to‘g‘risidagi McKinsey hisobotida.
Hisobotga ko‘ra, boshqa mamlakatlar Xitoyning global savdoga qaratayotgan e'tiborini susaytirib, o‘z ichki bozorini o‘stirishga ko‘proq ahamiyat bera boshlaydimi-yo‘qmi, degan savolga javob qidirishmoqda.
Tadqiqotda keltirilishicha, Xitoyning o‘sishi va ishlash usullari xalqaro miqyosda o‘ziga xos to‘lqin hosil qilgan bo‘lib, bu to‘lqin xalqaro munosabatlarga tahdid solib, savdo aloqalari, texnologiya va kapital oqimiga xavf tug‘dirmoqda.
Mamlakat bu tendensiyani to‘xtatib, global iqtisodiyot bilan integratsiyalashuvga qaytadimi yoki hozirgidek dunyodan uzila borishi oxir-oqibat butkul ajralib ketishiga olib keladimi – ayni shu savol so‘roq ostida qolmoqda.
Agar voqealar rivoji ikkinchi variantdagidek tus olsa, buning natijasida ikki qutbli jahon iqtisodiyoti vujudga keladi: Xitoy bir tomonda, dunyoning qolgan qismi ikkinchi tomonda. Internetdagi bo‘linish («splinternet») ham shu tarzda ro‘y bergan edi.
Xitoy-Amerika savdo urushi va tariflarning oshishi global logistika zanjirlari uzilishi xavfini keltirib chiqarmoqda, chunki ishlab chiqaruvchilar Janubi-sharqiy Osiyo va boshqa joylardagi arzonroq qirg‘oqlarni afzal ko‘ryaptilar. Texnologik kurashning kengayishi va milliy xavfsizlik borasidagi xavotirlar elektron chiplar va boshqa soha ishlab chiqaruvchilarini qora ro‘yxatga kiritilgan Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlik qilishda ehtiyotkor bo‘lishga undamoqda. Masalan, AQSh tashuvchilariga Huawei`dan ta'minotchi sifatida foydalanish taqiqlangan.
Biroq Amerikaning o‘z texnologik gigantlari (ularning ko‘pchiligi uzoq vaqtdan buyon Xitoy kompaniyalarini intellektual mulk o‘g‘riligi va noteng o‘yin qoidalarida ayblab keladi) taqiqlarga salbiy reaksiya bildirgani ular Xitoy bozoriga kirishni qanchalik xohlashini ko‘rsatadi. Taqiqqa qaramay, noyabr oyida Huawei`ga AQSh kompaniyalari bilan ishlash huquqini beruvchi litsenziya muddati uchinchi marta uzaytirildi.
Huawei`ning qora ro‘yxatga tushirilishi atrofidagi voqealar qanday rivoj topishi texnologik sohadagi aloqalarning kelajagini belgilab beradi. Tahlilchilarning fikricha, to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiq joriy etilgan taqdirda Xitoy o‘zini o‘zi ta'minlash bo‘yicha harakatlarini faollashtirib, amerikalik o‘yinchilarni 1,4 milliardlik bozordan chiqarib yuborishga majbur bo‘ladi, natijada Amerika o‘z darvozasiga o‘zi gol urgan bo‘lib chiqadi.
Albatta, yon berish eshiklar ochiq qolishini kafolatlamaydi. Xitoy aviatashuvlar, mehmonxona xizmatlari va kinosanoat kabilarda ham o‘z qudratini namoyish etib ulgurgan – o‘z paytida bu sohalar ham indamay rozi bo‘lish yoki isyon qilishdan birini tanlashiga to‘g‘ri kelgan edi.
Masalan, Amerikaning Marriott International mehmonxonalar tarmog‘i va Xitoy hukumati o‘rtasida ro‘y bergan voqeani olaylik. Mehmonxona onlayn murojaat formalaridan birida o‘zini o‘zi idora etuvchi orol – Tayvanni alohida mamlakat deb ko‘rsatgan, buning ortidan «milliy qonunlarni qo‘pol ravishda buzish va Xitoy xalqining diliga ozor yetkazish»da ayblangan edi. Shundan so‘ng mehmonxonalar tarmog‘i uzr so‘rab, onlayn formaga o‘zgartirish kiritgan.
Boshqalar esa osonlikcha uzr so‘rab qo‘ya qolishgani yo‘q – Amerikaning South Park multkomediyasi shular jumlasidan. «Xitoydagi guruh» nomli epizodda mamlakatdagi senzura satira qilingan, shundan so‘ng shou prodyuserlari Twitter`da yolg‘ondakam kechirim so‘rab chiqishdi. «NBA kabi biz ham Xitoy senzorilarini quchoq ochib kutib olamiz. Biz ham erkinlik va demokratiyadan ko‘ra ko‘proq pulni yaxshi ko‘ramiz. Endi hammasi joyidami?»
Shunga qaramay, Xitoyga qarshi turish uchun karikaturachilarning dovyurakligi kifoya emas. Butun dunyoga xizmat qilishni istaydigan transmilliy korporatsiyalar Xitoyga oid masalalarda ehtiyotkorlik bilan qadam tashlashi lozim.
Yana bir masala – Xitoyning irodasiga bo‘ysungan kompaniyalarning boshqa joylardagi faoliyati ijobiy davom etmasligi ehtimoli. Aytaylik, milleniallar avlodi ularning nazdida nomaqbul qaror qabul qilgan kompaniyalarning krossovkalari yoki filmlaridan yuz o‘girishi ehtimoldan xoli emas.
Agar dunyoning qolgan qismidagi iste'molchilarning butun boshli bir avlodi bu mahsulotlarni boykot qilsa, Xitoy bozoriga kirish ham u qadar jozibador bo‘lmay qolishi mumkin.
Rossiya va Xitoy ajralmas sherikka aylanyaptimi? Sharq gigantlari munosabatidagi to‘rtta muhim nuqta
Mavzuga oid
19:43 / 27.05.2025
Xitoydagi kimyoviy zavodda portlash sodir bo‘ldi
18:42 / 26.05.2025
Xitoyda robotlar ilk bor ringda bir-biri bilan olishdi
17:57 / 26.05.2025
Xitoy «istalgan vaqtda» Tayvanga hujum qilishga qodir - FT
13:15 / 26.05.2025