O‘zbekiston | 19:32 / 11.12.2019
16374
3 daqiqa o‘qiladi

«Human» agentligi rahbariga qarshi ish sudga oshirildi

O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuraturasi «Human» agentligi mansabdor shaxslariga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakunlanib, ish sudga oshirilganini ma'lum qildi.

«O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti tomonidan «HUMAN xususiy bandlik Agentligi» MChJ rahbari Sh.Fayzullayevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari yakunlanib, jinoyat ishi bo‘yicha ayblov xulosasi Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan 11.12.2019 yilda tasdiqlanib, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudiga yuborildi.

Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida ayblanuvchi Sh.Fayzullayevga tegishli bo‘lgan xonadonlar, avtomashinalar, qimmatbaho mol-mulklar xatlangan va naqd pullar olinib, IIV depozit hisob raqamiga topshirilgan.

Shuningdek, «HUMAN xususiy bandlik agentligi» MChJ mansabdor shaxslari tomonidan fuqarolardan olingan juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘lari 11ta xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga turli yo‘llar bilan ko‘chirish orqali o‘zlashtirilgan qismi jinoyat ishi qo‘zg‘atgan holatda alohida ish yurituvga ajratildi.

Hozirda tergov harakatlari olib borilayotgan va sudda ko‘rilayotgan jinoyat ishlari doirasida jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlarni to‘liq qoplash choralari ko‘rilmoqda», deyiladi bosh prokuratura xabarida.

Shu yilning 18 sentabr kuni O‘zbekistondagi ilk xususiy bandlik agentliklaridan biri – «Human XBA» litsenziyasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 10 kun muddatga to‘xtatilgani haqida xabar qilingandi. 20 sentyabrda agentlik rahbari Shohnur Fayzullayevga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani va JKning 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi «a» bandida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinuvchi sifatida jalb etilgani, Fayzullayev ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingani haqida ma'lum qilindi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi «Human» xususiy bandlik agentligiga berilgan litsenziyani to‘xtatgan.

Mavzuga oid