O‘zbekiston | 18:32 / 11.12.2019
3630
2 daqiqa o‘qiladi

Statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasi ishlab chiqilmoqda

11 dekabr kuni Davlat statistika qo‘mitasi hamda Jahon banki ekspertlari guruhi ko‘magida «Statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasi 2020–2025» loyihasi bo‘yicha yirik seminar tashkil etildi. Tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati, Jahon banki ekspertlari, Kadrlarni qayta tayyorlash va statistik tadqiqotlar instituti rahbariyati hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Xalqaro amaliyotda ko‘pchilik davlatlarda Jahon banki yordamida «Milliy statistikani rivojlantirish strategiyasi» ishlab chiqilgan bo‘lib, u barcha milliy statistikani ishlab chiqaruvchilarning rivojlanish yo‘nalishlarini, mamlakatning milliy statistika tizimini ham tashkiliy, ham institutsional jihatdan rivojlantirishga ta'sir ko‘rsatuvchi o‘rta muddatli islohotlarni amalga oshirish yo‘llarini o‘z ichiga oluvchi strategik hujjat hisoblanadi. Mazkur ko‘p yillik strategiya hujjat ham ichki, ham mamlakat tashqarisidagi statistika axborotlari iste'molchilarining zaruratlarini aks ettiradi.

Tadbirda berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, Milliy Strategiyani tayyorlash jarayoni milliy statistika tizimini batafsil baholashni ko‘zda tutadi, uning natijasi bo‘yicha o‘rta muddatli istiqbolga maqsad va vazifalarini belgilagan holda yanada rivojlantirishning aniq strategiyasi, shuningdek, uni samarali amalga oshirish uchun harakatlar rejasi ishlab chiqiladi.

Strategiyaning qabul qilinishi milliy statistikaning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ko‘p yillik dasturlari bilan uzviy bog‘liqlikda rivojlanib borishini, statistikani ishlab chiqaruvchilar faoliyatini ochiqlik va oshkoralik darajasini oshirishni ta'minlaydi. Siyosiy qarorlar qabul qilinishi, milliy statistika tizimini jahon statistika makoniga tizimli ravishda integratsiyalash uchun sifatli va ishonchli axborot asosini yaratadi.

Mavzuga oid