O‘zbekiston | 16:48 / 12.12.2019
38792
3 daqiqa o‘qiladi

«Prezidentni aldagan vatan xoini bo‘ladi-ku!» – Svetlana Ortiqova afv etiluvchilar ro‘yxati tuzilishi haqida

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova «Kun.uz»ga bergan intervyusida nima uchun yildan yilga afv etilayotganlar soni kamayib borayotgani, afv etiluvchilar ro‘yxatini shakllantirish jarayonida tanish-bilishchilik, korrupsiya bor-yo‘qligi haqida to‘xtaldi.

«Prezident huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha komissiya a'zosi sifatida aytamanki, nega ilgari ko‘plab odamlar afv etilgan, chunki ilgari afv etishga loyiqlar ko‘pchilik bo‘lgan. Ular hozir ozodlikka chiqdi.

Endi oddiy tilda aytganda, jazoni ijro etish muassasalarida og‘ir-og‘ir jinoyatlarni, masalan, o‘limga, ko‘pchilikning o‘limiga sabab bo‘lgan jinoyatlarni sodir etgan yoki juda katta hajmdagi giyohvand moddalar iste'mol qilgan, boshqalarga o‘tkazish, odam savdosi bilan shug‘ullangan, qotillik qilgan yoxud terrorchilik harakatlarida qatnashgan, qo‘li qonga belangan shaxslar qolyapti-da. Komissiya a'zolariyam shunaqa toifadagi shaxslarni prezidentga taqdim qilishda sarosimada qoladi. Chunki komissiyaning har bir xatti-harakati va prezident farmoni orqasida ijtimoiy oqibat bo‘ladi.

Bunday toifadagi shaxslar afv qilinadigan bo‘lsa, jamoatchilik o‘rtasida «Shunaqa jinoyat qilsayam uni prezident afv etdi-ya» degan gap-so‘z ko‘payadi. Shuning uchun ham kundan-kunga afv etishga loyiq shaxslar kamayib bormoqda. Ba'zilarida shunaqa og‘ir jinoyatlarni sodir qilgan shaxslar uchraydiki, prezidentga biz uning hujjatlarini taqdim qilolmaymiz, vijdon yo‘l qo‘ymaydi», — deydi Svetlana Ortiqova.

Bosh prokuror o‘rinbosari, prezidentga afv so‘rab murojaat qilgan mahkumlar bilan ishlash, ularning hujjatlarini o‘rganish, afv etiluvchilar ro‘yxatiga kiritishda prezident huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha komissiya a'zolari tomonidan tanish-bilishchilik, korrupsiyaga yo‘l qo‘yilishi ehtimoli xususida ham fikr bildirdi.

«Vatan farzandi sifatida komissiya a'zolari, shu yo‘nalishda ishlaydigan ishchi guruh a'zolari hech qanaqasiga korrupsiyaga qo‘l urishi mumkin emas. Chunki bu prezidentimizni aldash bo‘ladi. Prezidentni aldagan vatanning xoini bo‘ladi-ku! Qanaqasiga, shundog‘am jinoyatni sodir qilgan shaxsdan nimadir tama qilish mumkin? Ularning ota-onasi, farzandi, bobosi, momosi qiynalib yurishibdi-ku? Ba'zilarining ota-onasi vafot etganda, ularni qabrga qo‘yolmagan mahkumlar ham bor. Yaqinda afv etilgan mahkum ayolning qizi turmushga chiqib, farzandli ham bo‘lgan, nevarasini hali qo‘liga olgani yo‘q. Qanday qilib o‘z mansabimni suiiste'mol qilaman?! Kafolat beraman, komissiya a'zolari, ishchi guruh a'zolari, shu yo‘nalishda ishlaydigan mansabdor shaxslar qonun, Konstitutsiya doirasida, prezident talabi doirasida amalga oshiradi va itoat qiladi», — deydi Svetlana Ortiqova.

Avvalroq Bosh prokuror o‘rinbosari mahkumlar qachon prezidentdan afv so‘rashi mumkinligi, tergov jarayonida qiynoq qo‘llanishiga munosabat bildirgan edi.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid