O‘zbekiston | 19:58 / 13.12.2019
2657
2 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva: «Inson huquqlarining ta'minlanishi muhim, lekin bu birdaniga bo‘ladigan ish emas»

«Davlat hamma narsani birdaniga qilib qo‘ya olmaydi. Biz, albatta, inson huquqlarini ta'minlashimiz kerak. Lekin bu birdaniga bo‘ladigan ish emas», deb hisoblaydi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva.

Norboyeva 13 dekabr kuni jurnalist va blogerlar bilan uchrashuvida O‘zbekistonda qonunlarning ishlashi va inson huquqlarining ta'minlanishi masalasi yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Inson huquqlarining ta'minlanishi, shubhasiz, zarur masala. Lekin davlat hamma narsani birdaniga qila olmaydi. Imkoniyat degan narsani hisobga olish kerak. Bu mablag‘ bilan, kadrlar masalasi bilan bog‘liq», ─ deydi u.

Senat raisi buni maktabgacha ta'lim va tibbiyot muassasalari misolida izohladi.

«Mustaqillikning ilk yillarida bog‘chalarda qamrov 17 foiz edi. Oxirgi uch yil ichida bu ko‘rsatkich 48 foizga yetkazildi. Endi bolalarni ikki yoshdan qabul qilish, maktabgacha ta'lim muassasalarining shanba kuni ham ishlashini ta'minlash masalasi ko‘rib chiqiladi. Ammo bu birdaniga bo‘lmaydi-ku. Bog‘chani tashkil etdik ham deylik, lekin unda ishlaydigan yaxshi kadr yo‘q.

Yoki tibbiyot muassasalarini olaylik. Odamlarimiz Hindistonga borib davolanyapti. O‘sha muassasani o‘zimizda qurib, moslamalarni olib keltiramiz. Lekin bu zamonaviy texnologiyalarni ishlata oladigan kadr muammo. Shuning uchun bularning barchasi bosqichma-bosqich bo‘ladi, vaqt talab etiladi», ─ dedi Tanzila Norboyeva.

«Hamma narsa birdaniga bo‘lib qolmasligini xalqqa tushuntirishda ommaviy axborot vositalarining roli katta. Odamlarimiz sabrli, tushunadi. Ikki-uch yil sabr qilinsa, hammasi iziga tushadi. Mana, investitsiya kiryapti, qonunlar qabul qilinyapti. Natija tez orada bo‘ladi. Qonunning amaliyotga tatbiq etilishi darrov bo‘ladigan ish emas», ─ deya qo‘shimcha qildi Norboyeva.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid