«Optimist»: «Kompyuter – mening qo‘lim, oyog‘im»
Mirali G‘iyosov – Toshkent Davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti filologiya fakulteti 2-bosqich talabasi. Ayni paytda 20 yoshda.
Uni universitetda hamma taniydi, o‘qituvchilarning, talabalarning kompyuterlarida biror muammo paydo bo‘lsa, tezda Miralidan yordam so‘rashadi. Kitobxonlik tadbirlariga birinchilardan bo‘lib taklif qilishadi. Bir so‘z bilan aytganda, u ikki tomonlama iqtidorli.
«Har bir odam bir ishni boshlashdan oldin uni eplay olishiga, natija chiqarishiga aniq ishonch hosil qilishi kerak. Men ham bakalavr yo‘nalishini tanlayotganimda qiziqishim shu sohaga ekaniga va bu orqali adabiyotimiz uchun kichik bo‘lsa-da, foydam tegishiga ishonganman», - deydi Mirali G‘iyosov o‘zi haqida hikoya qila turib.
«Kitob o‘qiyman», - deyish urf bo‘lgan... »
«Hozirgi paytda «Bo‘sh vaqtingizda nima bilan band bo‘lasiz?» degan savolga «Kitob o‘qiyman», deya javob berish urf bo‘lib qolgan. Lekin men uchun kitoblarning chinakamiga katta ahamiyati bor.
Dadam ona tili va adabiyot o‘qituvchisi bo‘lgani uchun oilamizda kitobga alohida urg‘u berilgan.
Men audiokitoblar eshitib, ular orqali bilim olib oliy ta'lim muassasasiga kirishga muvaffaq bo‘ldim», - deydi Mirali.
«Kompyuter mening qo‘lim, oyog‘im...»
Uning ta'kidlashicha, bolaligidan kompyuterga qiziqishi yuqoriligi tufayli texnikadan foydalanishni yaxshi o‘zlashtirgan.
«Kompyuter mening qo‘lim-oyog‘im. Agar hayotimdan kompyuter olib tashlansa, juda ko‘p ishlarim qiyinlashib ketadi. Darslar davomida yozishim, o‘qishim shu qurilma bilan bog‘liq.
Ayniqsa, ko‘zi ojiz inson uchun kompyuter katta ahamiyat kasb etadi», - deydi Mirali.
«O‘zbekistonda professional ko‘zi ojiz foydalanuvchilar sanoqli...»
Mirali G‘iyosov audioyozuvlarni montaj qilishni yaxshi o‘zlashtirgan. Kichikligidan o‘z mikrofoni va kompyuteri bilan turli asarlarni o‘zi sahnalashtirib, har xil qahramonlarga ovoz berishni, so‘ng o‘zi montaj qilib, tayyor holatga keltirishni o‘rganib olgandi.
«Montajni internet orqali mustaqil tarzda o‘rganganman. Chunki ko‘zi ojiz kompyuter o‘rgatuvchi ustozlar, professional kompyuter foydalanuvchilar sanoqli», - deydi Mirali.
Mana shu harakatlari natijasida ham texnika sohasida, ham adabiyotda qator yutuqlarga erishgan.
2017 yil V'yetnamda o‘tkazilgan ko‘zi ojiz kompyuter foydalanuvchilar uchun «Global IT challange» tanlovida O‘zbekiston jamoasi bilan birgalikda «Excellent challanger» nominatsiyasida eng birinchi deb topilgan.
Bundan tashqari, 2019 yil ko‘zi ojiz kitobxonlar orasida respublika bo‘yicha «Yil kitobxoni» deb topilgan.
«Ko‘zi ojiz talabalar uchun Brayl darsliklari umuman yo‘q...»
«O‘qishga kirganimdan keyin sezdimki, ko‘zi ojiz talaba uchun fanlarni o‘zlashtirish, topshiriqlarni boshqalar bilan bir xil darajada bajarish qiyinlik qiladi», - deydi qahramonimiz.
Buning sabablari faqatgina maktab ta'limiga oid Brayl shriftidagi kitoblar mavjudligi, lekin o‘rta maxsus, oliy ta'lim uchun maxsus darsliklar umuman yo‘qligi bilan bog‘liq.
Mirali ayni mana shu qiyinchilikni sezgan holda kompyuterga bo‘lgan iqtidorini to‘g‘ri yo‘naltirishga qaror qiladi.
U hali beri Brayl yozuvidagi darsliklar nashr qilinishi qiyin masala ekanligini hisobga olib, darsliklar va badiiy kitoblarning audio variantini yaratishni maqsad qilgan.
Mana shu yo‘l bilan boshqa ko‘zi ojiz talabalarga, bundan tashqari, audiokitobdan foydalanishni yaxshi ko‘radigan yoshlar uchun qulaylik yaratishga harakat qila boshlaydi.
«Ko‘ngillilar studiyasi ish boshladi...»
«2018 yil fevral oyidan boshlab, audiostudiya ochish va ko‘ngilli talabalar bilan birga ishlash taklifi bilan chiqqanmiz. Ustozlarimiz yordami bilan ishlarimiz tezlashdi.
Shundan buyon hozirgi kunga qadar turli oliy o‘quv yurtlari uchun kerakli darsliklar, qo‘llanmalar va badiiy asarlarning audio variantini yaratishni boshladik.
Studiyamizning boshqa mavjud studiyalardan farqi hamma ko‘ngilli tarzida ishlaydi. Ishlarimizni hech qanaqa moddiy mablag‘ kutmagan holda amalga oshiramiz», - deydi Mirali G‘iyosov.
«Mualliflik huquqiga hurmat bilan qarash kerak...»
Miralining ma'lumot berishicha, tayyorlanayotgan audiokitoblar alohida telegram kanaliga joylashtirib boriladi.
Bundan tashqari, turli bayramlarda bu kitoblardan foydalanishga ehtiyoji bor ta'lim muassasalariga tarqatish yo‘lga qo‘yilgan.
«Ba'zida biz telegram kanaliga joylashtirgan audiokitoblar ertasi kuni hech qanaqa ruxsatsiz boshqa bitta shunga o‘xshash yo‘nalishdagi kanalda ko‘rib qolamiz.
Lekin, o‘ylaymizki, yaratilgan narsaga nisbatan mualliflik huquqi degan narsaga hurmat bilan qarash zarur», - deya qarashlarini bayon etadi qahramonimiz.
«O‘zbekcha nutq sintezatorlari yo‘q...»
«10 daqiqa o‘qilgan ovozdan kamida 10ta xato chiqadi. Ularni to‘g‘rilab, kerakli musiqalarni tanlab, tayyorlash mening va jamoa a'zolari zimmasida.
Ko‘pchilik ko‘zi ojiz bo‘la turib kompyuterni qanaqa qilib ishlatish mumkinligiga qiziqishadi. Javobi oddiy. Windows tizimida ishlovchi kompyuterlarda alohida nutq sintezatorlari - «Screen reader» bor. U ekrandagi amallarni ovozli tarzda o‘qib beradi. Biroq bitta muammo – o‘zbekcha nutq sintezatorlari yo‘q», - deydi Mirali G‘iyosov.
U ayni paytda o‘zbekcha nutq sintezatorini yaratish bilan bog‘liq loyihalarda ham ishtirok etmoqda.
Mirali «Odam hamisha yangiliklarni kuzatib borishi va o‘zini jamiyatga aloqador deb bilishi kerak», deb hisoblaydi. U yangiliklarni o‘qib boradi va doimiy ravishda ijtimoiy tarmoqlarni kuzatadi.
Kelajakda o‘zi o‘qiyotgan universitetda ustoz bo‘lib ishlashni, ma'ruzalar o‘qishni niyat qilgan, shuningdek, texnikaga bo‘lgan qobiliyatini ham to‘g‘ri yo‘naltirishni maqsad qilgan Mirali G‘iyosovga barcha ishlarida omad tilaymiz.
Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov
Mavzuga oid
17:15 / 11.05.2024
Magistraturada o‘qimay Britaniyada PhD’ga qabul qilingan qiz – o‘zbekning 23 yoshli Dengizi saratonni tadqiq qilyapti
18:43 / 29.09.2022
«Keyingi 5 yilda minglab o‘zbeklar gigant ayti kompaniyalarda ishlashadi» - Amazon’da ishlayotgan dasturchi
09:00 / 29.09.2022
“7-10 yoshli o‘quvchilarim lego-robotlar yasaydi” - 18 yashar robototexnik
12:02 / 27.09.2022