O‘zbekiston | 22:40 / 16.12.2019
60150
2 daqiqa o‘qiladi

Jurnalist Ekologik partiya vakillariga arqon berdi va o‘zlarini daraxtga bog‘lashlarini taklif qildi

Bugun, 16 dekabr kuni Xalqaro press klubda siyosiy partiyalar ishtirokida navbatdagi anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan jurnalist Malohat Yo‘ldosheva O‘zbekiston Ekologik partiyasi vakillariga o‘zlarini daraxtga bog‘lashlarini taklif qildi.

“Ekologik partiya tashkil topganiga 11 oy bo‘ldi, saylov kampaniyasi e'lon qilinganiga 85 kun bo‘ldi. Besh kun vaqtinglar qoldi. Shuncha paytdan buyon shuncha daraxt kesilyapti. Lekin birorta partiya vakili chiqib, shu kesilayotgan daraxt uchun men turib beraman deganini ko‘rsatmadi”, dedi u.

U butun dunyoda yashillar partiyasi vakillari daraxt kesiladigan bo‘lsa o‘sha daraxtga o‘zlarini bog‘lab, bu holatga qarshilik qilishlarini ta'kidladi.

“Men bugun Ekologik partiyaga hammaning oldida mana shu arqonni beraman. Mana shu arqon bilan respublikada kesilayotgan har bitta daraxtga Ekologik partiya a'zosi o‘zini bog‘lasin”, dedi jurnalist.

Ekologik partiya vakili esa o‘z navbatida tabiatni asrash nafaqat partiya a'zolarining, balki butun jamiyatning vazifasi ekanligini aytdi.

Mavzuga oid