Jamiyat | 19:09 / 16.12.2019
17581
5 daqiqa o‘qiladi

Partiya vakili to‘rtinchi hokimiyatga ishonchsizlik bildirdi. Aslida jurnalistlarning vazifasi nima?

Xalqaro matbuot markazida bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub sessiyasida Xalq-demokratik partiyasi Markaziy kengishi a'zosi Boymurod Yusupov jurnalistlar faoliyatini savol ostiga qo‘ydi.

Boymurod Yusupov / Xalqaro press klub

«Jurnalistlar o‘zlarini 4-hokimiyat deb hisoblashadi. 3 yilda so‘z erkinligi ta'minlandi, jurnalistlar aholini qiynayotgan qaysi muammoni ko‘tarib chiqib, aniq bir taklif kiritdi ushbu muammoni yechishga?», degan partiya vakili.

Davletovuz telegram-kanali muallifi «To‘rtinchi hokimiyat» illyuziyasi haqida» sarlavhali postida uning so‘zlariga javoban o‘z fikrlarini bildirib, hammani o‘z ishini qilishga chaqirdi.

O‘tgan asrda kommunistik makonda diktatorlik va avtoritar usulda hokimiyat boshqarilgan o‘nlab mamlakatlarning nomida «demokratik», «xalq» so‘zlarini qo‘llash urf bo‘lgan. GDR, KXDR, XXR va hokazo. Shu yo‘l bilan yo‘q narsaga — xalq hokimiyatiga, demokratiyaga urg‘u berilgan. Ya'niki qayerda demokratiya, xalq hokimiyati bo‘lmasa, o‘sha yerda shu qadriyatlarning imitatsiyasi kuchaygan. So‘z erkinligi bor mamlakatlarda ham to‘rtinchi hokimiyat degan tushuncha yo‘q. So‘z erkinligi bilan muammo bor joylarda esa «to‘rtinchi hokimiyat» eng ko‘p tilga olinadigan aldamchi tushunchalardan biridir. 

Garchi bizga «to‘rtinchi hokimiyat» atamasi yoqmasa-da, lekin qachon bunday maqomga erishish mumkinligi haqida ikki og‘iz. To‘rtinchi hokimiyat amalda bo‘lishi uchun, avvalo, hokimiyatning asosiy uchta rasmiy tarmog‘i — ijro, parlament va sud hokimiyati to‘la mustaqil bo‘lishi, kuchli bo‘lishi va bir-birini tiyib tura olishi kerak. 

Ijro hokimiyati kuchli bo‘lsa-yu, parlament ham, sud tizimi o‘lik bo‘lsa, OAV hech qachon erkin bo‘lmaydi. Mabodo kimdir shunday deyayotgan bo‘lsa, bu g‘irt yolg‘ondir. Ijro hokimiyati harchand demokratiya, so‘z erkinligi haqida chiroyli gapirmasin, u so‘z erkinligidan hech qachon manfaatdor bo‘lmaydi. Ijro hokimiyati bergan so‘z erkinligi bu so‘z erkinligi emas. Bunaqa so‘z erkinligi bo‘lmaydi. Hatto mazkur uchta tarmoqdan bittasi zaif bo‘lsa, masalan, sud hokimiyati, OAVning erkinligi har doim tahdid ostida bo‘ladi. Qirg‘izistondagi oxirgi voqealar bunga misol.

Ikkinchi masala. Quyidagi skrinshotda muqaddam deputat bo‘lgan bir partiya vakili jurnalistlar muammolarni hal qilish uchun qanday amaliy takliflar bildirgani, qanday muammolarni hal qilgani bilan qiziqibdi. Bu «zato osmonimiz musaffo»dan keyin turadigan eng bema'ni va avtoritar rejimlarda qo‘l keladigan gapdir. 

Jurnalistlar xolis va haqqoniy axborot berish, uchta hokimiyatning so‘zi va amali mosligini tekshirish, jamoatchilik ilg‘ashi qiyin bo‘lgan masalalarni atroflicha yoritish orqali jamoatchilikka yordam beradi. Jamoatchilik ana shu axborotlar yordamida saylovlarda deputatlarni saylash orqali ularga yana ishonch bildiradi yoki saylamasdan jazolaydi. Yangi parlament orqali esa jamoatchilik hukumatni nazorat qiladi, unga e'tirozini aytadi, mandatini beradi. Demokratiya o‘zi shu. 

Uchinchi masala. Qachon mamlakat taraqqiy etadi? Insoniyat davlatchiligi shuni isbotladiki, hamma o‘z ishini qilsa, ya'ni deputat ham, hukumat ham, sud ham o‘z ishini qilsa, prokuratura sektor bilan emas, qonun ustuvorligi bilan shug‘ullansa, universitet, maktablar talaba-o‘quvchilarning sochi, shimining uzunligini o‘lchamasdan, faqat ta'lim berish bilan shug‘ullansa, taraqqiyot bo‘ladi. Jurnalist o‘z ishini qilsa va sifatli qilsa, aslida davlatga 420 milliard so‘m sarflab targ‘ibot mashinasini ushlab turishga hojat qolmaydi (O‘zbekistonning 2020 yilgi budjetida Milliy teleradiokompaniyaga 420 mlrd 216,5 mln so‘m mablag‘ ajratilgan - tahr). 

IMHOning indallosi shundaki, hamma o‘z ishini qilsin.

Mavzuga oid