O‘zbekiston | 12:30 / 16.12.2019
13681
2 daqiqa o‘qiladi

Yog‘och-qirindili plitalar importini qisqartirishga oid qaror loyihasi muhokamadan olindi

«Yog‘och-qirindili plitalar hamda ularning muqobil turlarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, importni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasidan olindi. Bu ma'lumotni Kun.uz’ning hukumatga yaqin manbasi tasdiqladi.

Prezidentning bu haqdagi tegishli qarori loyihasi noyabr oyi oxirida normativ huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgandi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasida respublikaga import qilinayotgan 1 metr kub yog‘och-qirindili plitalar va uning muqobil turlariga (TIF TN kodi 4410), 2020 yil 1 yanvardan boshlab qatiy 25 AQSh dollari hamda 2021 yil 1 yanvardan boshlab qatiy 30 AQSh dollari miqdorida aksiz solig‘i joriy etish mo‘ljallangandi.

Yana bir mahsulot importini keskin qisqartirish ko‘zda tutilgan qaror loyihasi muhokamasi vaqtida tadbirkorlar va ekspertlar jiddiy e'tirozlarini bildirishgandi.

O‘zbekiston mebel va yog‘ochni qayta ishlash sanoati assotsiatsiyasi yog‘och-qirindili plitalar (DSP) hamda ularning muqobil turlari importiga aksiz joriy etish rejasiga munosabat bildirib, import DSPga boj solish haqidagi ushbu mantiqsiz qaror qabul qilinsa, minglab tadbirkorlar kasod, o‘n minglab odamlar ishsiz qolishidan ogohlantirgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ham yog‘och-qirindili plitalar importi bo‘yicha aksiz solig‘iga qarshi chiqqandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid