O‘zbekiston | 20:20 / 18.12.2019
90675
3 daqiqa o‘qiladi

«Kim bo‘lishidan qat'i nazar qonun oldida javob berishi kerak» - Svetlana Ortiqova Shuhrat G‘aniyev haqida

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev bilan bog‘liq so‘nggi xabarlarga munosabat bildirdi.

«U javobgarliksiz qolayotganidan Bosh prokuraturaning xabari bor. Farg‘ona viloyat hokimining xatti-harakatlari, so‘zlari ustida o‘zining munosabatini bildiryapti. Agar rasmiy saytimizga kirsangiz, bu haqda bayonotlar ham berilgan. Hattoki, senatorlik paytimda shu viloyat hokimining ishini «Senatning reglament va odob komissiyasida muhokama qilganmiz, kechirim ham so‘raganlar, uch oy muhlat ham berilgan.

O‘ylaymanki, Bosh prokuratura agarda [hokim] qonun doirasidan chetga chiqqan bo‘lsa, u kim bo‘lishidan qat'i nazar o‘z munosabatini bildiradi, surishtiruv olib boriladi. Agarda qonunni chetlab o‘tgan bo‘lsa, qonun oldida albatta javob beradi.

Shaxsiy munosabatimga keladigan bo‘lsak, har bir inson avvalambor o‘zini hurmat qilish kerak. O‘zini hurmat qilsa, o‘zini tarbiyali deb hisoblasa, unda boshqa odamga, yoki vaziyatga, yoki qonunga va jamiyatga qarata salbiy fikrlarni aytmaydi. O‘ylaymanki, bu masalaga hali qaytamiz. Senat ham bunga o‘zining munosabatini bildirishi kerak. Kim bo‘lishidan qat'i nazar Konstitutsiya oldida, qonun oldida javob berishi kerak», deydi Bosh prokuror o‘rinbosari.

Joriy yilning sentabr oyida Shuhrat G‘aniyev Farg‘ona viloyatida ayollarning ro‘mol o‘rashiga qarshi kampaniya e'lon qilgani aks etgan audio tarqalgach, hokim Senatning Reglament va odob komissiyasi yig‘ilishida uzr so‘ragan, unga qattiq ogohlantirish va 3 oy sinov muddati berilgan edi.

14 dekabr kuni Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning ovozi deb aytilayotgan audiomaterial tarqaldi. Unga ko‘ra, G‘aniyev 2 dekabr kuni o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida Quvada gaz yo‘qligiga norozilik bildirib, avtomobil yo‘lini to‘sish voqeasini ijtimoiy tarmoqqa qo‘ygan shaxsning «janozasi o‘qilmagani» uchun Quva tumani hokimini tergagan.

Keyinroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev prokuraturadan Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev bilan bog‘liq navbatdagi shov-shuvli holatga huquqiy baho berishni so‘radi.

Hozircha bu hodisa yuzasidan rasmiy munosabat bildirilmadi.

Mavzuga oid