O‘zbekiston | 18:33 / 19.12.2019
8965
3 daqiqa o‘qiladi

«Hozirgi davrga moslashish kerak». Allamjonov gazetalarning moliyaviy ahvoliga to‘xtaldi

O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining «Zarafshon» zali Media hall’ida «Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar» munozara klubining navbatdagi tadbiri bo‘lib o‘tdi.

«O‘zbekistonda keng ko‘lamli o‘zgarishlar sharoitida fuqarolik jamiyatining rivojlanishi» mavzusidagi tadbirda Prezident xalq qabulxonalari - hokimiyat va xalq o‘rtasidagi muloqot vositasi ekani, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning huquqiy asoslari va mexanizmlari, OAV sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi muammolarni aniqlash va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda OAV roli, so‘z erkinligini ta'minlash kafolati omili sifatida blogosferani rivojlantirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov tadbir davomida gazetalarning moliyaviy ahvoli haqida berilgan savol javob qaytardi.

«Bugungi kunda nega internet jurnalistika gazetalarga nisbatan rivojlanmoqda? Bu bugungi davr talabi, orqaga yo‘l yo‘q. Bugun gazetalar ham sekin-sekin bunga moslashishga majbur, shart. Balki eshitilganda juda ham qo‘pol eshitilar, lekin hozir qattiq bir shunday jarayon ketyaptiki, gazeta jurnalistikasi internet jurnalistikasiga moslashishi kerak. Bugun barcha gazeta tahririyatlariga ham biz tavsiya beryapmizki, internetga o‘tishni sekin boshlash kerak. Nega? Sababi, internetning auditoriyasi gazetaning auditoriyasiga qaraganda juda ham katta va har bir yozgan jurnalist o‘z materialini ko‘proq odam o‘qishini, ko‘proq tarqalishini xohlaydi. 

Bundan tashqari, iqtisodiy ahvoli bo‘yicha kuni kecha prezident qarori chiqdi. Bu bo‘yicha biz hozir takliflar berishimiz kerak, umuman, bosma OAVning iqtisodiy ahvolini yaxshilash, ularning xodimlari oylik maoshini ko‘rib chiqish masalasida. Lekin, men bu narsani qanday qilish haqida o‘ylayapman. Nega desangiz, davlat tomonidan moliyaviy qanday yordam bo‘lishi mumkin. Uning uchun qandaydir jamg‘armalar bo‘lganida edi, u jamg‘armalar ma'lum bir grantlar asosida qo‘llab-quvvatlasa. Bu narsa ham hozir ko‘rib chiqilmoqda, yangi fondlar joriy qilinyapti, ularning moliyaviy manbalari belgilanyapti. Davlat avval qanday yordam bergan? Xabaringiz bor, majburiy obuna qilib bergan. Majburiy obunaning hisobidangina gazetalar faoliyat yuritgan. Hozir endi unday bo‘lishning iloji yo‘q. Faqatgina hozirgi davrga moslashish kerak, shundagina to‘g‘ri faoliyat olib borish mumkin», - dedi Komil Allamjonov.

Mavzuga oid