O‘zbekiston | 16:45 / 20.12.2019
38831
3 daqiqa o‘qiladi

«Parlament jur'atli bo‘la olmagani uchun» – Alisher Qodirov Yunusoboddagi fojia sababi haqida

Foto: Xalqaro press-klub

Vakillik organlariga saylovlar arafasidagi demokratik debatlarning so‘nggi soni bugun, 20 dekabr kuni bo‘lib o‘tmoqda.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, muhokamalar vaqtida «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi vakili Alisher Qodirov 18 dekabr kuni Toshkent metrosining Yunusobod yo‘li qurilishida ro‘y bergan fojia haqida ham eslab o‘tgan.

Siyosatchining fikricha, bu kabi hodisalarning ro‘y berishiga sabab – parlamentning ijro hokimiyati oldida o‘z xarakterini ko‘rsata olmaganida.

«Parlament shu paytgacha ijro hokimiyati oldida o‘zining jur'atli xarakterini ko‘rsatib kela olmagan. Aynan shu sababli kechagiga o‘xshagan musibatli holatlar bo‘lyapti.

Agar parlament ijro hokimiyati oldiga masalalarni aniq-lo‘nda qo‘ya olganida edi, ijro hokimiyatida mas'uliyat va qonunchiligimizdagi hozirgiga o‘xshagan muammoli holatlar bo‘lmagan bo‘lar edi», – dedi Qodirov.

Partiya yetakchisining ta'kidicha, parlament bu safar jur'atli bo‘lishi kerak.

«Parlament ijro hokimiyatida o‘z vakolatlari doirasida kerak bo‘lsa vazirlarga ishonchsizlik bildira olishi kerak.

Parlamentning ochiq faoliyat yuritishi uchun xalaqit beradigan ayrim mezonlar sababli deputatlar jur'atli faoliyat yurita olmagan, bu kamchiligimizni tan olyapmiz. Xalqimizning e'tirozi ham aynan shunda. Agar xalq ishonch bildirgan har bir vakil jur'atli bo‘la olsa, ijro hokimiyati, hokimlarning oldida tizzasi qaltiramasdan, o‘ziga ovoz bergan xalqning ishonchiga tayangan holda masalalarni keskin qo‘ya olsa, bugungiga o‘xshagan juda ko‘p muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish imkoniyatiga ega bo‘lamiz», – deb xulosa qildi u.

Bugungi vakolat yetarlimi, degan savolga Alisher Qodirov: «Albatta, yetarli», deya javob qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zLiDeP vakili Yunusoboddagi fojia uchun mutasaddilar xalqdan uzr so‘rashi kerakligini aytgan edi.

Mavzuga oid