O‘zbekiston | 09:20 / 20.12.2019
61615
4 daqiqa o‘qiladi

Propiska tizimida jiddiy o‘zgarish kutilmoqda

ID kartalar orqali propiska tizimiga butkul barham berish rejalashtirilmoqda.

2021 yilga qadar Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy va vaqtinchalik propiska qo‘yish tartibida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev va IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Muhamedov Kun.uz`ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Doniyor Toshxo‘jayev:

– Biz ham OAVdagi aholi murojaatlari, fikrlarini o‘rganib boramiz. Bu masalani bir kunning o‘zida hal qilishning o‘zi noto‘g‘ri bo‘ladi. Masala uzoq tahlillarni talab qiladi.

Ulug‘bek Muhamedov:

– Bugungi kunda Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska masalasi avvalo qonun bilan tartibga solingan. Bu qonunni tartibga solish esa o‘rganishlarga asoslangan. Aytib o‘tganingizdek, bu masalada murojaatlar juda ko‘p.

Nima uchun Toshkent shahriga propiska yopiq? Biroz izoh bermoqchiman. Propiska yopiq, degan ibora sal noo‘rin, deb hisoblayman. Sababi qonun bilan tartibga solingan 12ta modda bor. Unga ko‘ra, kimlar propiskaga o‘tishi belgilab berilgan.

Prezidentning 2018 yil 26 dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini yaratish hamda O‘zbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 4079-sonli qarori bilan, 2021 yildan respublika hududida personallashtirilgan ID kartalar joriy qilinadi.

Hozirda rivojlangan xorijiy davlatlar tajribalari o‘rganilmoqda. ID kartalarni kiritish chog‘ida propiska masalasini ham soddalashtirish rejalashtirilmoqda.

Doniyor Toshxo‘jayev:

Doniyor Toshxo‘jayev

– Bu masala hozirda tegishli vazirliklar tomonidan o‘rganilmoqda. Masalan, Xalq ta'limi, Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha ta'lim va boshqa vazirliklar. Ular nimani o‘rganmoqda? Deylik, biz propiskani ochib qo‘ydik. Millionlab fuqaro Toshkentga keladi va tabiiyki, davlat o‘sha fuqarolari oldidagi majburiyatlarini bajarishi kerak bo‘ladi. Ya'ni maktab o‘quvchilari maktabga, bog‘cha yoshidagilar bog‘chaga joylashishi, fuqarolar ishga joylashishi, tibbiy va boshqa xizmatlardan foydalanishi kerak. Vazirliklar esa bu borada imkoniyatlarni o‘rganmoqda.

Men bu o‘rganishlarning yakuniy muddatini aniq aytolmayman, lekin eng uzog‘i 2021 yilgacha, ya'ni ID kartalarga o‘tish paytida bu masala hal bo‘lgan bo‘ladi.

Ulug‘bek Muhamedov:

Ulug‘bek Muhamedov

–  Aksariyat rivojlangan davlatlarda ID kartalar tizimi amal qiladi. Pasport esa faqat xorijga chiqishda kerak bo‘ladi.

Savolni aniq berdingiz, propiska tizimi qachon bekor qilinadi? Shu o‘rinda bir narsani eslatib o‘tmoqchiman, bizga propiska tizimini bekor qilish masalasi qo‘yilgan, lekin qayd qilish masalasi bor. Barcha vazirliklar imkoniyati o‘rganib chiqilgach, ID kartalar orqali fuqarolarga yengillik yaratiladi. Bu tizim orqali propiska tizimini to‘la yo‘qotish nazarda tutilgan.

Suhbatni to‘liq shaklda tez orada saytimiz orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid