Jamiyat | 17:30 / 20.12.2019
9331
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda ikki kishini 180 ming dollarga “tushirgan” “mayizfurush”ga sud hukmi o‘qildi

Illyustrativ foto

Ma'lum bo‘lishicha, Z.K. bundan uch yil oldin mayiz savdosi bilan tezda katta foyda olishga ishontirib fuqarolardan katta miqdorda pul olib o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan. 

Xususan, sudda ma'lum bo‘lishicha, 2016 yil 16 aprel kuni Samarqand shahrida yashovchi fuqarolar K.J. va B.D.ning ishonchiga kirib mayiz savdosini birga amalga oshirib, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, keyinchalik daromadni teng taqsimlashni va'da qilgan. Bu ishni boshlash uchun 300-350 ming dollar kerak bo‘lishini uqtirgan. Yuqoridagi ikki fuqaro dastlab shubhalangan va mayiz savdosi bilan ilgari shug‘ullanmagani, tavakkal qila olmasligini bildirgan. Ammo Z.K. bir necha yillardan beri shu biznes bilan shug‘ullanib foyda ko‘rishi, hozir ayrim hududlarda mayiz juda arzon ekani va bunday imkoniyat boshqa qaytarilmasligini aytgach, J.K. 100 ming, I.B. 80 ming dollar olib kelib bergan.

Ammo qancha vaqt o‘tsa ham foydadan darak bo‘lmagach, yigitlar o‘z pullarini qaytarishni talab qila boshlashadi va uning bir qismini (39 ming dollar) olishadi. 

Ikkovlon hartugul bitta ishni pishiq qilishgan – pulni topshirayotganda tilxat olishgan. So‘zlashuvlarning barchasi telefonda yozib olingan. Ana shu kabi dalillar keyinchalik sudda asqotdi. 

Mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi F.Raxmanov tomonidan tomonidan ko‘rib chiqildi. Z.K. olti yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Mavzuga oid