O‘zbekiston | 18:14 / 21.12.2019
9812
3 daqiqa o‘qiladi

Senator O‘zbekistondagi so‘nggi o‘zgarishlarni «revolyutsion demokratiya» deya baholadi

Senator Alisher Kurmanov O‘zbekistonda so‘nggi davrda kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni “revolyutsion demokratiya” deya baholadi.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov 22 dekabr kungi saylovlarni kuzatish maqsadida tashrif buyurgan mehmonlar ─ Fransiya milliy kengashi deputatlari Per Kabare va Kerol Byuro-Bonnar bilan uchrashdi.

Senator mehmonlarni O‘zbekistonda, xususan, parlament tizimida amalga oshirilgan o‘zgarishlar bilan tanishtirdi.

“Ilgari Oliy Majlis Senati bir yilda to‘rt marta yig‘ilgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib, har oyda yalpi majlislar o‘tkazmoqda. Bu qonun ijodkorligidagi o‘zgarishlarni, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan qonunlar soni ortayotganini ko‘rsatadi”, ─ deya qayd etdi senator.

Alisher Kurmanov

Kurmanov mamlakatdagi islohotlarni “revolyutsion demokratiya” sifatida baholadi.

“Biron maqsadga erishishning ikki yo‘li bor: evolyutsion (bosqichma-bosqich, tadrijiylik asosida ─ tahr.) va revolyutsion (keskin, inqilobiy o‘zgarish ─ tahr.). O‘zbekistondagi islohotlar, jamiyat hayotida parlament rolining ortishi, yangi saylovlarni kuzatib, bu o‘zgarishlarni revolyutsion demokratiya deb atashimiz mumkin. Hukumat ochiqlik siyosatini tanladi, endi bu yo‘ldan ortga qaytish uchun imkoniyat ham, istak ham yo‘q”, ─ deydi u.

“Fransiya ─ Markaziy Osiyo” parlamentlararo guruhi vitse-prezidenti Per Kabare O‘zbekiston parlamenti oldida turgan muhim vazifani qayd etib o‘tdi.

Per Kabare

“O‘zbekiston prezidenti davlat organlari, hukumat idoralarini xalq uchun ochiq va yaqin qilishga astoydil harakat qilayotganini kuzatib turibmiz. Parlament ham xuddi shu yo‘ldan borishi, ochiqlik prinsipini mahkam ushlashi kerak. Har qanday parlament xalq bilan yaqin bo‘lish uchun saylovlardan oldin o‘ziga olgan majburiyatdan uzoqlashmasligi lozim. Yangi shakllanayotgan vakillik organi uzoq yillar davomida parlament va xalq o‘rtasida paydo bo‘lgan bo‘shliqni ham to‘ldirishiga to‘g‘ri keladi”, ─ deya ta'kidlaydi janob Kabare.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid