O‘zbekiston | 10:10 / 23.12.2019
27881
2 daqiqa o‘qiladi

Mirishkorda ovoz berish jarayoni yakunlanishiga chiroq o‘chdi. Holat prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda

Foto: Videodan kadr

Qashqadaryo viloyati saylov komissiyasi Mirishkor tumanida ovoz berish jarayoni yakunlanishi bilan (soat 20:00da) saylov uchastkasida svet o‘chgani, shundan keyin saylov komissiyasi a'zolari saylov qutisiga soxta byulletenlarni tashlashga uringani holati yuzasidan munosabat bildirdi.

«Fasebook ijtimoiy tarmog‘ining «Xalq bilan muloqot» guruhidagi bloger Karimberdi Turamurodning «Ko‘rdim, chiroqni yoq!» sarlavhali xabar Qashqadaryo viloyat saylov komissiyasi tomonidan o‘rganildi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 146-moddasida saylov komissiyalari a'zolari tomonidan saylov hujjatlarini qalbakilashtirish, saylov yoki imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, berilgan ovozlarni ataylab noto‘g‘ri hisoblash uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Jinoyat kodeksining 10-moddasida qilmishida jinoyat tarkibining mavjudligi aniqlangan har bir shaxs javobgarlikka tortilishi shart deb ta'kidlab o‘tilgan.

Xabar va unga ilova qilingan videotasvirdagi ma'lumotlar huquqiy baho berilishi uchun Mirishkor tuman prokuraturasiga taqdim etildi.

Qayd etib o‘tish joizki, Saylov kodeksining 96-moddasida saylov davomida yo‘l qo‘yilgan, ovoz berish yakunlariga ta'sir qilgan qoidabuzarliklar sababli saylov umuman yoki ayrim saylov okruglari bo‘yicha yoxud ayrim saylov uchastkalari bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkinligi belgilangan», deyiladi Qashqadaryo viloyati saylov komissiyasi xabarida.

22 dekabr kuni bloger Karimberdi To‘ramurod Mirishkor tumani Jyeynov shaharchasidagi 850-Kattapoy saylov manzilida ro‘y bergan holat videosini e'lon qilgan, unda soat 20:00da svet o‘chishi bilan saylov komissiyasi xodimlari Qashqadaryo viloyati kengashi deputatligiga nomzod bo‘lgan Abduvohid Turdialiyevich Begaliyev foydasiga to‘ldirilgan byulletenlar bog‘lami saylov qutisiga tashlab yuborilgani haqida aytilgandi.

Mavzuga oid