O‘zbekiston | 13:20 / 24.12.2019
83758
2 daqiqa o‘qiladi

Bodikameralar qanday ishlaydi?

Bugun, 24 dekabr kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida yo‘l xarakati xavfsizligi tizimida amalga oshirilgan chora-tadbirlar va galdagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Azizbek Ikromov 2020 yil 1 yanvardan boshlab YPX xodimi xizmat vazifasini bajarishda bodikameralardan foydalanilishini ma'lum qildi.

«YPX xodimlarini bodikameralar bilan to‘liq ta'minlashdan oldin sinov jarayonini amalga oshirdik. Xitoyning «Xaytera» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan 50ta bodikamera Toshkent shahrida - 32tasi YPX xodimlari, 18tasi PPX xodimlari tomonidan shu yilning sentabr-oktabr oylarida test sinovlaridan o‘tkazildi. Respublika bo‘yicha server moslamalarini joylashtirish uchun 65ta, bodikameralarni joylashtirish uchun 192ta joy tayyorlandi. «Xaytera» kompaniyasidan 6 ming 193ta bodikamera xarid qilindi. Bu qurilmalarga tegishli dasturlar o‘rnatildi, sim kartalar bilan ta'minlandi va himoyalangan VPN-kanallari orqali aloqa yo‘lga qo‘yildi. Tarmoqni tashkil etish maqsadida «O‘zbektelekom» AJning uyali aloqa tizimi (2G/3G)dan foydalaniladi. Birgina Toshkent shahriga 2 ming 876ta bodikamera ajratildi.

Bodikamerani YPX xodimi boshqarmaydi va uni o‘chirish imkoniga ega emas. Barchasi markaziy server orqali nazorat qilinadi. Bir marta quvvat olganda, 8 soat uzluksiz ishlaydi. Quvvat tugaganda, avtomatik quvvatlagichga ulangan holda doimiy faoliyatini olib borishi mumkin. Bodikamera 25-30 metrgacha masofadagi obektni tasvirga ololadi va ma'lumotlar bir oygacha saqlanadi», deya Ikromovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ikromovning ta'kidlashicha, yo‘ldagi qonunbuzilish holatlarining atigi 20 foizini inson omili aniqlash imkoniga ega. Bodikameralar esa buni 100 foiz aniqlay oladi. Demak, qonunbuzilish holatlarini to‘liq fiksatsiya qilish va bartaraf etish uchun sharoit bo‘ladi.

Mavzuga oid