Sport | 09:38 / 24.12.2019
10887
9 daqiqa o‘qiladi

Iqtidorli sportchilarni taqdirlash va rag‘batlantirish tartibi ma'lum bo‘ldi

Iqtidorli sportchilarni taqdirlash va rag‘batlantirish to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining muhokama uchun e'lon qilingan qarori loyihasiga ko‘ra, respublika oliy ta'lim muassasalariga imtiyoz asosida qabul qilinishiga talabgor o‘quvchi-sportchilar toifasiga o‘rta (11-sinf negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limini bitirganiga 3 yildan ortiq muddat bo‘lmagan hamda so‘nggi uch yil davomida sportning olimpiya turlari shu jumladan, sportning texnik va amaliy turlari, “Kurash” milliy sport turi, sambo, shaxmat, shashka, avtomobil va mototsikl sporti, sportning aviamodel va raketamodel turlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbarligida o‘tkazilgan xalqaro sport musobaqalari (Olimpiya, Paralimpiya, Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari va kuboklari) hamda Respublika sport musobaqalarini o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq o‘tkazilgan respublika sport musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni (1, 2, 3-o‘rin) qo‘lga kiritgan fuqarolar kiradi.

Xalqaro va respublika sport musobaqalari g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash

Respublika va xalqaro sport musobaqalarning individual turlarida g‘olib va sovrindorlikni qo‘lga kiritgan imtiyozga ega sportchilar oliy ta'lim muassasasiga qo‘shimcha davlat granti asosida test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qilinadilar.

Respublika va xalqaro musobaqalarning jamoa turlarida g‘olib va sovrindorlikni qo‘lga kiritgan komandalarning (o‘z komandalari tarkibidan – akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta'lim maktablari bitiruvchilaridan uch nafar nomzodni belgilaydilar) imtiyozga ega sportchilari oliy ta'lim muassasasiga qo‘shimcha davlat granti asosida test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qilinadilar.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligining tavsiyasiga asosan, Respublika va xalqaro musobaqalarning jamoa turlarida g‘olib va sovrindorlikni qo‘lga kiritgan komandalarning qolgan vakillariga ularning sportdagi natijalarini inobatga olgan holda oliy ta'lim muassasasiga qo‘shimcha davlat granti asosida test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qilinishlari mumkin.

Xalqaro va respublika sport musobaqalari g‘olib va sovrindorlarining trenerlarni taqdirlash va rag‘batlantirish

Viloyat va respublika sport musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchi-sportchilarning trenerlari musobaqa tashkilotchilari tomonidan ta'sis etilgan sovrinlardan qat'iy nazar quyidagi:

viloyat bosqichida: 1-o‘rin uchun – 10 baravari, 2-o‘rin uchun – 8 baravari, 3-o‘rin uchun – 5 baravari;

respublika bosqichida: 1-o‘rin uchun – 35 baravari, 2-o‘rin uchun – 30 baravari, 3-o‘rin uchun – 20 baravari miqdorida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar.

Xalqaro sport musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchi-sportchilarning trenerlarini taqdirlash alohida normativ-hujjatlarda belgilanadi.

Viloyat, respublika va xalqaro sport musobaqalari g‘oliblarini tayyorlagan sport ta'lim muassasalarining trenerlariga quyidagi malaka toifalari:

viloyat bosqichi g‘olibini tayyorlagani uchun birinchi malaka toifasi;

respublika va xalqaro musobaqalar g‘olibini tayyorlagani uchun oliy malaka toifasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi.

Xalqaro va respublika sport musobaqalari g‘olib va sovrindorlari bo‘lgan o‘quvchi-sportchilarning trenerlarini rag‘batlantirish amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Xalqaro va respublika sport musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchi-sportchilarning trenerlarini moddiy rag‘batlantirish uchun mablag‘lar Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar hisobiga amalga oshirilishi nazarda tutiladi.

 Respublika oliy ta'lim muassasalariga imtiyoz asosida qabul qilinishiga talabgor o‘quvchi-sportchilardan arizalar qabul qilish

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining joylardagi hududiy organlari imtiyozga ega sportchilar ro‘yxatini shakllantiradi va vazirlikka taqdim etadi.

Imtiyozga ega sportchilar O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining joylardagi hududiy organlariga ariza va hujjatlarini har yili 15 mayiga qadar topshiradi.

Imtiyozga ega sportchilar vazirlikning joylardagi hududiy organlariga quyidagi hujjatlarni topshiradilar:

Jismoniy tarbiya va sport vaziri nomiga ariza (zaxira sifatida 2 ta oliy ta'lim muassasasi hamda ta'lim yo‘nalishi va tili xam aniq ko‘rsatilishi shart);

fuqarolik pasporti nusxasi yoki ichki ishlar bo‘limlari tomonidan berilgan 09-shakl bo‘yicha jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, pasport seriyasi va raqami ko‘rsatilgan ma'lumotnoma;

pasport yoshiga yetmaganlar uchun tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;

umumiy o‘rta ta'lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjat (ilovasi bilan) nusxasi;

respublika va xalqaro sport musobaqasi sovrindori (1, 2, 3-o‘rin) diplomi (asli);

respublika va xalqaro sport musobaqasi buyrug‘idan ko‘chirma;

respublika va xalqaro sport musobaqasi nizomi;

respublika va xalqaro sport musobaqasi bayonnomasidan ko‘chirma;

tegishli sport turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorat maktablari, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi tavsiyanomasi;

o‘z komandasidan uch nafar nomzodni tanlab olganlik to‘g‘risida trenerlar kengashi qaroridan ko‘chirma.

 Respublika oliy ta'lim muassasalariga imtiyoz asosida qabul qilinishiga talabgor o‘quvchi-sportchilarning ariza va hujjatlarini umumlashtirish, ko‘rib chiqish va ularni talabalikka tavsiya etish

 Imtiyozga ega sportchilar tomonidan topshirilgan ariza va hujjatlar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan umumlashtirilib, ro‘yxati shakllantiriladi va 15 iyunga qadar Jismoniy tarbiya va sport vaziri tomonidan tashkil etiladigan Imtiyozga ega sportchilar hujjatlarini o‘rganish bo‘yicha maxsus komissiya tomonidan o‘rganib chiqiladi.

Maxsus komissiya tarkibiga Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi vakillari, sport federatsiya (uyushma)lari va sport tashkilotlari mutaxassislari jalb qilinishi mumkin.

Maxsus komissiya xulosasiga ko‘ra har bir oliy ta'lim muassasasiga imtiyozga ega sportchilar ro‘yxati ta'lim muassasalari va ta'lim yo‘nalishlari kesimida shakllantirilib, qo‘shimcha davlat granti asosida kunduzgi ta'lim shakliga talabalikka tavsiya etish uchun Ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga yuboriladi.

Imtiyozga ega sportchilarning xalqaro sport musobaqalarida erishgan yutuqlariga alohida e'tibor qaratiladi.

Bir ta'lim yo‘nalishida o‘qish istagini bildirgan imtiyozga ega sportchilar soni 20 nafardan ortiq bo‘lgan taqdirda, sportda erishgan natijasi pastroq bo‘lgan o‘quvchi-sportchilar maxsus komissiya qarori bilan sport turlarining soha bo‘yicha mos kelishiga rioya qilingan holda ularning doimiy yashash joyidagi oliy ta'lim muassasasiga tavsiya etadi.

Taqdim etilgan hujjatlarning qalbakiligi yoki mazkur tartibda belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlangan taqdirda mazkur imtiyozga ega sportchilar talabalikka tavsiya etilmaydi.

 Respublika oliy ta'lim muassasalariga imtiyoz asosida qabul qilinishiga talabgor o‘quvchi-sportchilarni o‘qishga qabul qilish

 Davlat komissiyasi qaroriga asosan talabalikka tavsiya etilgan imtiyozga ega sportchilar Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan “Oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, tegishli hujjatlarini tavsiya etilgan oliy ta'lim muassasasiga taqdim etadilar.

Davlat komissiyasining qarori 20 nafargacha imtiyozga ega sportchilarni qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilish to‘g‘risidagi oliy ta'lim muassasasi rektori buyrug‘ining qabul qilinishiga asos bo‘ladi.

Mavzuga oid