O‘zbekiston | 19:06 / 24.12.2019
10948
3 daqiqa o‘qiladi

«Jabrlanuvchilarning yarmidan ko‘pi – bolalar». O‘zbekistonda ovqatdan zaharlanishga oid raqamlar

Foto: Pixabay

O‘zbekistonda 2017─2019 yillar davomida 154ta ovqatdan zaharlanish holati qayd etilgan bo‘lib, ularda 1700 nafar fuqaro jabrlangan. Jabrlanganlarning 60 foizdan ortig‘i (665 nafari)ni bolalar tashkil etadi.

Zaharlanish holatlarining 15tasi o‘lim bilan tugagan.

Bu haqda Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayevga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Senatorning ma'lum qilishicha, ovqatdan zaharlanish holatlari asosan umumiy ovqatlanish shoxobchalari, ta'lim muassasalarida kuzatilyapti.

Shu bilan birga, 5 yoshgacha bo‘lgan har 10 bolaning bittasi (asosan o‘g‘il bolalar) yetarlicha ovqatlanmaslik natijasida o‘sishdan orqada qolmoqda. Bolalardagi kamqonlikning 75 foizi temir tanqisligi sababli rivojlangan.

«O‘zbekistonda iste'mol qilinayotgan «yodlangan» belgisi qo‘yilgan tuzning 36 foizigina talab darajasida yodlangan. Qolganlarida esa yodning izi ham yo‘q. Iste'mol qilinadigan unning 30 foizigina temir moddasi bilan to‘yintirilgan», ─ dedi Nizomxo‘jayev Senat kengashining 24 dekabrdagi kengaytirilgan majlisida.

Zayniddin Nizomxo‘jayev mamlakat bo‘yicha maktabgacha ta'lim hamda umumta'lim muassasalarida ichimlik suvi ta'minotining talabga javob bermasligini qayd etib o‘tdi.

«Respublika bo‘yicha 1533tadan ziyod maktabgacha ta'lim tashkilotida ichimlik suvi tashib keltiriladi. 2000dan ortiq maktab esa ichimlik suvi bilan ta'minlanmagan. Mayli, suv tashib keltiriladi, lekin uni gigiyenik nuqtayi nazardan to‘g‘ri saqlash uchun kerakli sharoit tashkillashtirilmagan. Yosh bola hatto qo‘lini ham gigiyenik jihatdan toza suv bilan yuvishi kerak, ammo ichiladigan suv ham noto‘g‘ri saqlanmoqda», ─ deydi senator.

Uning aytishicha, ko‘plab ta'lim muassasalarida oshxonalar achinarli ahvolga kelib qolgan.

«Respublika bo‘yicha 300ta maktabda oshxona ta'mirtalab ahvolga kelib qolgan yoki umuman oshxona mavjud emas. 343ta maktabgacha ta'lim tashkilotida ovqat tayyorlash uchun o‘tindan foydalanilyapti. To‘g‘ri, hammamiz o‘choqda pishirilgan ovqat bilan katta bo‘lganmiz. Lekin bog‘chalarda o‘choqning ustiga shunchaki bitta shift yopib, to‘rt tomoni ochiq holda ovqat qilinyapti.

Shuningdek, yegulik mahsulotlarining saqlanishi ham talabga mutlaqo javob bermaydi. Texnologik jihozlarning 60 foizdan ortig‘i yaroqsiz ahvolda, muzlatkichlar bo‘lmagan oshxonalar ham mavjud. Muzlatkich bor joylarda esa elektr muammo», ─ deydi Zayniddin Nizomxo‘jayev.

Mavzuga oid