Jamiyat | 09:11 / 25.12.2019
6244
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda qoramol boquvchilarni chuv tushirgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Foto: Shutterstock

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat Xatirchi tumani sudi, qassoblik bilan shug‘ullanishini aytib qoramol boquvchilarni chuv tushirgan 29 yoshli N.Ch.ga nisbatan hukm chiqardi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, N.Ch. 2019 yil iyun oyining boshida fuqaro J.Q.,ga o‘zini qassob ekanligini aytib, uning ikki bosh qoramolini 13.000.000 so‘mga hisoblab, pullarni 20 kun davomida to‘lab berishini va'da qilib, J.Q.ni aldab, ikki bosh qora mollarni firibgarlik yo‘li bilan egallagan.

Bundan tashqari, N.Ch. jinoiy faoliyatini davom ettirib, takroran fuqaro B.Q.ning narxi 6.500.000 so‘mlik bir bosh qora moli va 4.000.000 so‘m naqd puli, J.Q.ning 5.000.000 so‘m naqd pullari hamda fuqaro Q.R.ning narxi 2.800.000 so‘mlik bir bosh qoramolini firibgarlik yo‘li bilan egallab, pullarni o‘zining ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Dastlabki tergov jarayonida N.Ch. tomonidan jabrlanuvchilarga nisbatan yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangan va unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi va 168-moddasi 3-qismi «b» bandi (firibgarlik) bilan ayblov e'lon qilinib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov yakuniga ko‘ra, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sud muhokamasiga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudi tomonidan N.Ch.ning oilaviy ahvoli, qilgan ishidan pushaymondaligi, yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplaganligini inobatga olib, sodir etgan jinoyati og‘ir jinoyatlar turkumiga kirsa-da, insonparvarlik prinsipi asosida unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan eng kam oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil-u 3 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid