Jamiyat | 22:51 / 25.12.2019
42778
10 daqiqa o‘qiladi

Shifokorni kamsitib nimaga erishamiz?

Shifokorlarning pora olishini yashirish – oyni etak bilan yopishdek gap. Ularning nima uchun pora olishi, o‘zi bemor berganini pora deb atash mumkinmi-yo‘qmi — bu endi alohida masala.

Shifokorlarning pora olishidan yozg‘iramiz, xafa bo‘lamiz. Shubhasiz, bemor og‘ir vaziyatda turganidan tamagirlik qilishni oqlab bo‘lmaydi. 

Lekin keling, boshqa bir jihatga e'tibor qarataylik: bizning nazarimizda hammasi poraxo‘r ko‘rinadigan shifokorlarning aslida nari borsa 10-20 foizi «soqqa qilsa bo‘ladigan» deya baholanadigan joylarda ishlashadi. Bular – yirik shaharlar markaziy shifoxonalaridagi yetakchi mutaxassislar, tor soha vakillari (kardiolog, ginekolog yoki jarroh kabilar)dir. Lekin ular bu darajaga yetgunlaricha ko‘p narsadan voz kechganlari, ilm deb ter to‘kkanlari, tunlarni tongga ulaganlarini unutmaslik kerak. Boshqalarni kamsitmagan holda ularni shartli ravishda yuqori toifa deb olamiz. Aynan shu yuqori toifa tibbiyotni saqlab turadi aslida.

Endi tibbiyotning mutlaq ko‘pchilik vakillari — qishloq vrachlik punktlari shifokorlari, umumiy amaliyot vrachlari, poliklinikalarda qog‘oz to‘ldirish bilan umri o‘tayotgan mutaxassislar, tunlari navbatchilik qilibgina shifokor nomini saqlab yurganlar — ishoning, tirikchilikka yetar-yetmas maoshga sabr qilib yashab yurishibdi yoki o‘z g‘ururlarini nari surib, qo‘shimcha ishlar bilan shug‘ullanishyapti.

O‘rtacha shifokor o‘rtacha oylik maosh oladi — bu taxminan 2 million so‘m degani. Endi bu pulga qanday tirikchilik qilish mumkinligi to‘g‘risida yozib, boshingizni qotirishga hojat yo‘q. Lekin shugina maoshning ham osmon qadar javobgarligi bor — bemor uchun siz shifokorsiz, oylikni olyapsizmi, davlat sizni o‘qitganmi, vazifangizni bajarishingiz shart! Balki siz kontrakt to‘lab, o‘z pulingizga o‘qigandirsiz, maoshingiz tirikchilikka yetmas, lekin buning kimga qizig‘i bor?

Qishloqdagi shifokorning holiga bir qarang — mol ham boqadi, dehqonchilik ham qiladi, kerak bo‘lsa paxsa ham uradi. Axir u ham ne umidlar bilan 7-8 yil suyagu-o‘lik titkilab o‘qigan. Shu qishlog‘imga foydam tegsin deb qaytib kelgan. Qishloqda odam yo‘talsa ham unga qarab chopadi. Yaxshiyam xalqimiz inson qadrini biladi, xizmatini quruq qo‘ymaydi. Ukol qildi deya ikkita non qistirib jo‘natadi. Lekin oxirgi paytlarda mana shu berganini minnat qilganlarning bir toifasi paydo bo‘layotirki, bu haqda quyida alohida to‘xtalmasak bo‘lmas.

Yoki poliklinikadagi do‘xtirni olaylik. Eshigining oldi hamisha gavjum, lekin tuzalsa tuzalib ketaqolmaydigan bemorlarning daftarlari bir xirmon. Har tashrifga sahifa-sahifa to‘ldirib tashlanadi. Bu yerda endi non berish urf emas — saxiyroqlar besh-o‘n ming so‘m tashlab ketishadi. Shifokor shunga ham xursand, iqtisodiy jihatdan qaraganda shunday tushumlarga ham shukr qilib, ko‘cha tozalash, binoni ta'mirlash, obuna, ishidan tashqari uyma-uy yurib hammaning holidan majburiy xabar olishlarni ham ichiga yutib bajaradi.

Bo‘lgan voqea, o‘qib vahmingiz keladi. Poliklinikadagi bir nechta tahlil uchun bir shifokorga o‘n ming so‘m (!) berayotgan bemor shu vrach-laborantni kerakli joyga tutib beribdi. Ozmi, ko‘pmi – pora-da! Deyarli 30 yillik faoliyatini shu tarzda yakunlagan va kamiga panjara ortiga poraxo‘r sifatida yo‘l olgan, shundoq ham uchma-uch kun kechirib kelgan shifokor o‘z sohasiga tupurib ketgan bo‘lsa ajabmas.

Yana bir toifa bor – tez yordam shifokorlari. Ularniki hammanikidan ham og‘ir, mast-alastni eplagan ham, depressiyani amallagan ham, kamiga borgan joyida kaltak yegan ham shular. To‘g‘ri, maoshi ko‘proq, bandligi kamroq. Lekin ular o‘tkazgan bitta tun boshqalarning bir necha kuniga teng, asabiylik yuqori.

Lekin biz bularni ko‘rmaymiz yoki ko‘rishni istamaymiz. Biz uchun o‘sha yuqori toifaga o‘zimiz olib borib berayotgan pullar muhim. Xulosamiz ham tayin — hamma shifokorlar poraxo‘r!

Aytaylik, bemor kechqurun tasodifan shifoxonaga tushdi, operatsiya zarur. Uning yaqinlari navbatchi jarrohning malakasiga shubha qilib, tajribalirog‘ini chaqirtirdi. Malakali shifokorning ish vaqti emas, u ham barcha insonlardek uyida dam olmoqda. Lekin bemor tarafning fikricha, u albatta kelib amaliyotni bajarishi shart va buning uchun hech narsa umid qilmasligi lozim...

To‘g‘ri, shifokorlar orasida bemorning murakkab vaziyatidan foydalanib, diagnozni vahima qiladiganlar, davolashdan oldin, hali aniq samara bo‘lmasdan ta'magirlarcha pul so‘raydiganlar, arzon dori bilan davolanish imkoni turganda qimmatini yozib, manfaat topadiganlari bor va ular talaygina. Lekin, ishoning, unaqalar kun sayin kamayib bormoqda.

Darvoqe, dorilarni tavsiya qilish ham bir mavzu. Buning uchun ham shifokorlar ko‘p va xo‘b tanqid obektiga aylandi va bu tanqidlarda asos ham bor. Tanqidchilarning asosiy dalili – shu dorining arzoni bo‘laturib, do‘xtir qimmatini yozib bergani. Yana bu dorining arzonini ko‘rsatib faktlar bilan isbotlaydilar. Faktlaringiz asosli, lekin qisman. Oddiy mantiqqa e'tibor bering — sifatli narsa arzon bo‘lishi mumkinmi? Arzon dorilar ancha qimmat, lekin nufuzli ishlab chiqaruvchi mahsulotidan samaraliroq deya yuz foiz kafolat bera olamizmi? Ikkisining tarkibi bir xil deguvchilarga bir misol — «Moskvich» ham, «Mersedes» ham bir qaraganda o‘xshash: ikkisida ham to‘rttadan g‘ildirak, bittadan motor bor, ikkovi ham bir haydovchi va to‘rt yo‘lovchini manzilga eltadi. Lekin uzoq yo‘lga chiqqan odam qay birini tanlaydi? Ayniqsa bu sog‘liq bilan bog‘liq bo‘lganda.

Hozir shifokorlar malomatlardan qutulish uchun shunday yo‘l ham tutishmoqda — bemorga ham arzon, ham qimmat dorilarni tavsiya qilib, tushuntirib, tanlash imkoniyatini berishmoqda. Har kimning ixtiyori o‘zida, juda bo‘lmasa dorixonaga borib, shunga o‘xshash dorining arzon variantini sotib olishga hech kim to‘sqinlik qila olmaydi, organizm sizniki.

Qisqa qilib aytganda, bizning bir nechta ajoyib talablarimiz bor. Shifoxonada:

– bizni eng malakali shifokor qabul qilishi lozim;
– navbat har qancha katta bo‘lmasin, biz birinchi kirishimiz kerak;
– boshqalarga o‘n daqiqa vaqt ajrata olmay turgan shifokor soatlab bizning dardimizni eshitishi, eng zo‘r tibbiy uskunalarda tekshirishi, barcha tahlillarni zudlik bilan o‘tkazishi shart;
– eng muhimi, dorilarni ham o‘zi berib, xizmatiga hech narsa umid qilmasligi lozim. Chunki otning kallasiday oylik olyapti-da. Bu shartlarni bajarmasa, unga istagancha zahar sochish, poraxo‘rlikda ayblash mumkin!

Ana shunday munosabatlarimiz tufayli o‘zimizda ishlab turgan oliy toifaning yoshi katta vakillari birovning qo‘liga qaraguncha tinchgina xususiy tibbiyotga o‘tib ketishni ma'qul ko‘rmoqda. Yosh, umidli mutaxassislar esa biz qoloq deya nazarga ilmaydigan, har kuni o‘q ovozi eshitilib turadigan, lekin shifokorning qadri baland davlatlarga ming qiyinchiliklarga qaramay, ko‘z yumib ketib qolishmoqda.

O‘zi shundoq ham tor mutaxassislikdan voz kechib, hammani umumiy amaliyotga o‘tkazishda obro‘sini to‘kkan tibbiyotimiz bu ketishda qachon va qanday qilib nufuzini ko‘tara olarkin, xalq dardiga qanday qilib darmon bo‘larkin, bunisi endi katta savol...

«Buncha bu poraxo‘rlarni himoya qilib qoldingiz?», deya so‘rarsiz. Kamina ham 17 yil avval tibbiyot institutini tugallaganman. Ammo bir kun ham sohamda ishlash nasib qilmadi. Qizig‘i, mening hozirgacha eng qalin olti nafar kursdosh do‘stlarimning faqat bittasigina bevosita shifokorlik bilan shug‘ullanmoqda. Har zamon asl sohamni qo‘msab qolaman. Keyin yana ular chekayotgan zahmatni va atrofdagilarning munosabatini kuzatarkanman, o‘zimga taskin beraman.

Albatta, shifokorning har biriga mo‘may-mo‘may pul tiqishtiraverish kerak, degan fikrdan mutlaq yiroqman. Lekin ularni kamsitaverish, mehnatini to‘g‘ri baholamaslik, past nazar bilan qarash va aybini topib, ruhan tepkilash ham hech qachon yaxshilikka olib kelmaydi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid