Jahon | 00:39 / 29.12.2019
15961
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziya bosh vaziri mamlakatdan boshpana so‘ragan uyg‘urlar Xitoyga qaytarib berilmasligini aytdi

Foto: Anadolu

"Agar uyg‘urlar Malayziyaga kelib boshpana so‘rasa, Xitoydan so‘rov kelib tushsa ham Malayziya uyg‘urlarni deportatsiya qilmaydi", - dedi Malayziya bosh vaziri Mahathir Muhammad. Bu haqda Anadolu agentligi xabar bermoqda.

Malayziya parlamentidagi muxolifat partiyalarining savollariga javob berar ekan, bosh vazir Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumanida yashovchi uyg‘urlarga nisbatan bo‘layotgan bosim va etnik ayirmachilik mavzusiga to‘xtalib o‘tdi. 

"Dunyoda musulmonlarga, shu jumladan uyg‘urlarga nisbatan bosimning mavjudligi barcha tomonidan tan olinishi kerak", dedi Mahathir.

Malayziya bosh vaziri 18-21 dekabr kunlari Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tgan musulmon mamlakatlar sammitida ham uyg‘urlar masalasini ko‘targandi.

Avvalroq AQSh savdo vazirligi Xitoyda uyg‘urlar bilan bog‘liq vaziyat sababli Xitoyning 28 ta tashkilotini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi.

Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumani Xitoy shimolida joylashgan bo‘lib, u yerda asosan islom diniga e'tiqod qiluvchi uyg‘urlar yashaydi. Pekin ma'lumotlariga ko‘ra, tumanda xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqaga ega ayirmachi guruhlar harakat qiladi. 2018 yil oxirida Xitoy hukumati tumanda terrorchilik va ekstremizm ta'siriga tushgan odamlar qayta tarbiyalanadigan ta'lim va kasbiy tayyorgarlik markazlari faoliyat yuritishini tan olgan.

Mavzuga oid