Sport | 12:16 / 30.12.2019
31161
2 daqiqa o‘qiladi

Shomurodov qishdayoq «Rostov»ni tark etishi mumkin

Klub uni 10 mln yevroga sotishga tayyor.

«Rostov»ning o‘zbekistonlik hujumchisi Eldor Shomurodov qishki transferlar vaqtida klubini o‘zgartirishi mumkin. Bu haqda «Federalnoye agenstvo novostey» manbasi xabar bermoqda.

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, rostovliklar forvardini qo‘yib yuborishni istashmaydi, ammo futbolchi uchun kamida 10 million yevro mablag‘ taklif etilsa u bilan xayrlashishga rozi bo‘lishadi.

Xabarda qayd etilishicha, futbolchining o‘zi ham jiddiy takliflarni ko‘rib chiqishga qarshi emas. Ushbu mavsumda to‘purarlik salohiyatini namoyish etgan futbolchiga nafaqat Rossiyadagi top-klublar, balki Fransiya va Germaniyadagi jamoalar ham qiziqish bildirmoqda.

Bundan oldinroq o‘zbekistonlik hujumchi uchun eng jiddiy taklif Moskvaning TsSKA klubidan bo‘layotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Shomurodov 2017 yil yozida «Rostov»ga Toshkentning «Bunyodkor» klubidan 300 ming yevro evaziga transfer bo‘lgandi. Uning rostovliklar bilan amaldagi shartnomasi muddati 2024 yilgacha tuzilgan.

U joriy mavsumda RPLning birinchi davrasida 10 gol urib, 6 golli uzatmaga mualliflik qildi. U shuningdek, O‘zbekiston milliy jamoasida 46 o‘yinda 20 gol urishga ulgurdi.

24 yoshli futbolchining transfer qiymati transfermarkt.de portalida 6,5 million yevroga baholangan.

Mavzuga oid