Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Oq uyda bolalarimning ofisi bo‘lmaydi» - siyosatga qaytgan Jo prezident bo‘la oladimi?
AQShda keyingi yil noyabr oyida navbatdagi prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Unda shubhasiz, amaldagi prezident Donald Trampning imkoniyatlari yuqori. Trampga asosiy raqobatchi sifatida Obama vaqtida vitse-prezident bo‘lgan Jo Bayden qaralmoqda. Demokratlardan ko‘rsatilgan nomzodlar orasida yetakchilikni ilk chiqishlaridanoq qo‘lga olgan Bayden mamlakatni o‘zgartirish kerakligini, Tramp AQShning obro‘siga putur yetkazayotganini iddao qilmoqda. Saylov kampaniyasi uchun nomzodlar orasida eng ko‘p pul yiqqan va xalqning mehrini qozongan Bayden saylovda Trampga jiddiy qarshilik ko‘rsata oladimi?
«Putinga prezidentni biz tanlaymiz, deb xabar yuborish uchun 5 dollar to‘lang»
Baydenning boshqa nomzodlar Tramp va Blumbergdan qanday farqi bor? Albatta, milliarder bo‘lmagani. Ikki nomzod har jihatdan bir xil bo‘lsa-da, ulardan birini tanlash kerak bo‘lsa, odamlar milliarder bo‘lmagan nomzodni tanlashi haqiqatga yaqin. U ham bizga o‘xshagan odam, deb o‘ylashadi kamida. Masalan, Maykl Blumberg prezidentlik poygasiga qo‘shilganini e'lon qilgach, «U prezidentlikni sotib olmoqchi», deb gapira boshladi ko‘pchilik. Tramp haqida ham shunday deyishgandi.
Bayden esa saylov kampaniyasi uchun odamlardan pul so‘rashdan tortinmayapti. Amerikadek siyosat san'at darajasiga ko‘tarilgan mamlakatda prezidentlikka nomzod xalqdan o‘z kampaniyasi uchun pul so‘rasa, buni oddiy qabul qilishadi. Bunday nomzodlarni yaxshi ko‘rib ham qolishadi. Bayden xususan bir chiqishida shunday degandi: «Agar men prezident bo‘lsam, bizning prezidentni tanlashga urinayotgan Putinlarning davri o‘tadi. 5 dollar bering va bu orqali unga prezidentni siz emas, biz tanlaymiz, janob Putin, deb xabar yuboring».
Baydenning kampaniyasi uchun allaqachon 25 million dollardan ko‘proq pul yig‘ildi. Xuddi «Sluga naroda» filmidagi prezident Vasiliy Goloborodka kabi avtobusdagi shtabi bilan mamlakatni kezayotgan Bayden asosiy e'tiborni o‘rta qatlamga qaratayotganini sezish mumkin. Bir qarasa, u afroamerikaliklarga ularning huquqlarini oshirishni va'da bergan, bir qarasa muhojirlarni umidlantirgan. Ammo Bayden o‘z kampaniyasi davomida bitta qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yayotgandek...
Albatta, biz Baydendek dono siyosatchiga baho berishga yoshlik qilamiz, ammo uning ba'zi harakatlarini tahlil qilsak, janob Bayden xafa bo‘lmas. Tramp oldingi saylovlarda qanday g‘olib bo‘lgani esingizdami? U saylovdagi asosiy raqibi Hillari Klintondan farqli o‘laroq xalqaro siyosatdagi uzoq yillik rejalar haqida leksiya o‘qimadi, shunchaki xalqqa uning davrida yaxshiroq yashashlari mumkinligini tushuntirdi («Qozoningizda tovuq go‘shti qaynashini xohlasangiz, bizga qo‘shiling» degandi «Qora ritsar» filmi qahramoni qirolicha askarlarni tetiklantirish uchun so‘zlagan o‘ta zerikarli va befoyda nutqidan so‘ng»). Tramp soliqlarni kamaytirishini, yangi korxonalar ochishini aytgandi va so‘zida turdi.
Hillari Klinton Rossiyaga ayovsiz zarba berishi, Xitoyni savdo jangida yo‘q qilishini va'da qilayotganda Tramp AQShning xalqaro politsiya vazifasini bajarishni bas qilishi kerakligini uqtirdi. Boshqacha aytganda, u odamlarga xalqaro maydondagi holat ikkinchi masala ekani, ular avvalo yaxshi yashashni xohlashini e'tiborga olgandi. Saylovda esa kim ularga yaxshi hayotni va'da qilsa, o‘shanga ovoz berishadi. Bayden Klintonning mana shu xatosini takrorlab bor e'tiborini Putinga, Trampni taxtdan ag‘darishga qaratmoqda.
Baydenning ustunligi nimada?

Trampning saylovdagi asosiy raqibi Bayden ekanining sabablari ham yo‘q emas. Jo saylovda g‘alaba qozonishiga shubha qilmayotganlar ham topiladi. Tramp prezidentlik vaqtida chindan odamlar uchun aytgan va'dalarini bajardi (to‘g‘ri, Meksika bilan o‘rtadagi devor hali qurilgani yo‘q), ammo Rossiya bilan «haddan tashqari quyuq» munosabatda bo‘lgani uning obro‘siga salbiy ta'sir qildi.
Ayniqsa, Finlandiyadagi Putin bilan uchrashuv Trampga juda salbiy zarba bo‘ldi. O‘sha uchrashuvda Trampdan Rossiya AQShdagi prezidentlik saylovlariga aralashgani haqida so‘rashdi. Tramp esa quruqqina qilib yo‘q, deb javob berdi. Keyin undan yanada murakkab savol so‘rashdi: «AQSh razvedkachilari Rossiya saylovlarga aralashganini isbotlaydigan ma'lumotlar topgan, ammo siz Putinning gaplarini tasdiqlayapsiz?». Tramp bu savolga shunday javob berdi: «Uning misollari ishonarliroq». Aynan mana shu javob nafaqat Trampning, balki AQShning xalqaro maydondagi obro‘siga salbiy ta'sir qildi.
Kaliforniyaning sobiq meri Arnold Shvarsenegger bu borada juda keskin gaplarni aytgandi: «Janob Tramp, chiqishingiz oxirida Putin bilan suratga tushishingizni kutdim. Siz o‘zingizni sharmandalarcha tutdingiz. Bir vaqtlar Ronald Reygan Berlin devori oldida turib Gorbachyovga «Janob Gorbachyov, bu devorni buzing», deb aytgandi. Siz esa o‘zingizni xuddi suvga bo‘ktirilgan makaronga o‘xshab tutdingiz».
Aynan Putin bilan uchrashuvlardagi «siyosiy mag‘lubiyati» Trampga saylovlar vaqtida qimmatga tushishi mumkin. Rossiya bilan munosabat amerikaliklar uchun o‘ta prinsipial masala. Shuning uchun bu boradagi tashviqot saylov davomida ko‘plab ovoz keltirishi mumkin. Bayden «meni saylasanglar, Putinlar bizning prezidentni tanlashga aralashadigan davr o‘tadi» deyish orqali oddiy xalqning mehrini qozonmasa ham, kamida AQSh siyosatchilari orasida obro‘sini mustahkamlaydi.
Amerikada klassik siyosatchilar qadrlanishini bilasiz. Trampdan farqli Bayden aynan mana shu toifadagi «old skul» siyosatchilardan. Undan kamida radikal chiqishlari bilan hammaning hayratiga sabab bo‘lmaydigan «risoladagidek» prezident chiqishini kutish mumkin. Bayden vitse-prezident lavozimida Obama bilan birga ishlaganini unutmaslik kerak. Bayden ayniqsa ketganidan so‘ng qadrlanayotgan Obamadan ko‘p narsa o‘rganganini taxmin qilish mumkin. U vitse-prezidentlikdan avval senator bo‘lib ishlagan, ya'ni siyosatga kecha kelib qolgani yo‘q. Ko‘plab saylovlarni ko‘rgan tajribali demokrat Bayden o‘z tajribasidan unumli foydalansa, Trampni yenga oladi.
«Agar men prezident bo‘lsam...»

Bayden chiqishlaridan birida Trampning «nozik joyidan olgandi». Bilasiz, Trampning farzandlari siyosat olamida tezda mashhur bo‘lib, katta davralarga ham qo‘shila boshladi. Bayden bu haqda shunday degandi: «Agar men prezident bo‘lsam, bolalarimning Oq uyda ofisi bo‘lmaydi».
Ko‘chirmachilik va prezidentlik saylovidan «diskvalifikatsiya»
Bayden bungacha ham prezidentlik saylovlarida qatnashgan. 1987 yil u saylovlarga qatnashishga qaror qiladi, ammo tezda Baydenning nomzodini olib tashlashadi. Chunki uning talabalik vaqtidagi ishlaridan birida ko‘chirmachilik alomatlari topilgan. Bir kuni Baydenlar oilasi regbi o‘yinini stadiondan kuzatishayotganda tomoshabinlardan biri plagiat haqida qo‘shiq aytib, ularning ustidan kulganida, Xanter Bayden uni do‘pposlab ketgan.
Bayden 2007 yilda ham prezidentlikka nomzodini qo‘yadi. Qizig‘i, u nomzodini qo‘yishidan ikki kun avval o‘g‘li gazetalar qahramoniga aylanadi. Ha, Xanter Bayden oldin ham otasining prezidentlik kampaniyasiga ta'sir ko‘rsatgan. Xanter amakisi Jimmi va yana bir sherigi bilan «Paradigm» fondini 21 million dollar evaziga sotib olishni rejalashtiradi. Ammo keyinchalik bu korxona aslida to‘lanadigan puldan ham arzon turishi ma'lum bo‘lgach, savdo buziladi. Xanter Bayden esa shundog‘am kreditga olingan ota-onasining 1,6 millionlik uyini garovga qo‘yishga majbur bo‘ladi. Praymerizda muvaffaqiyatli qatnasha olmagan katta Bayden esa yaxshisi Obamaga qo‘shilishga qaror qiladi. Natijada AQSh tarixidagi ilk qora tanli prezident Obama Baydenni vitse-prezident etib tayinlaydi.
Eng katta to‘siq – o‘g‘li
Jo Bayden prezidentlikka nomzodini qo‘yishi bilan Tramp uning xavfli raqib ekanini anglagan holda kechiktirmay ilk zarbani berdi. Bayden vitse-prezident bo‘lgan vaqtda uning o‘g‘li Xanter Bayden Ukrainadagi yirik gaz ishlab chiqaruvchi «Burisma Holdings» korxonasiga ishga kiradi va Trampning aytishicha, bu vaqt davomida katta miqdorda pul olgan. AQSh prezidenti buni korrupsiyaning haqiqiy ko‘rinishi deb atab Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvda Xanter Bayden ishini chuqurroq o‘rganishni so‘radi.
Aynan mana shu ishi, ya'ni boshqa mamlakat rahbariga bosim o‘tkazishi Trampni qiyin holatga tushirib qo‘ydi. Demokratlar unga impichment e'lon qilishdi. Bu voqealardan so‘ng Baydenning ham reytingi tushib ketdi. Ha, Xanter Bayden ishi saylovning ikki favoriti — otasi Jo Bayden va amaldagi prezident Donald Trampning saylov kampaniyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi.
Agar Ukraina prokuraturasi Xanterning korrupsiyaga aralashganini isbotlay olsa, saylovdagi asosiy intriga ham o‘ladi. Hozircha esa dunyodagi eng zo‘r poyga — AQSh prezidentlik saylovini kuzatishda davom etamiz. Eslab qoling, qariya Bayden oxirigacha kurashadi...
O‘tkir Jalolxonov
Mavzuga oid
15:23 / 25.05.2025
Jo Bayden saratonga chalingani e’lon qilinganidan keyin birinchi marta omma oldida ko‘rinish berdi
19:09 / 19.05.2025
Bayden saratonga chalingani haqidagi xabarlarga izoh berdi
09:57 / 19.05.2025
Tramp saraton kasalligi aniqlangan Baydenni qo‘llab-quvvatladi
08:24 / 19.05.2025