O‘zbekiston | 21:00 / 31.12.2019
139454
10 daqiqa o‘qiladi

Otabek Nuritdinov kim va u nega qamaldi?

30 dekabr kuni Facebook'da Otabek Nuritdinov taxallusi ostida ijtimoiy-siyosiy voqealarga munosabat bildirib kelgan Abdufatto Nuritdinov 15 sutkaga qamalgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ichki ishlar va prokuratura idoralari yuqoridagi faktni tasdiqladi. Rasmiy ma'lumotga ko‘ra, tuhmat, haqorat va mayda bezorilikda ayblangan bloger Andijon viloyati ma'muriy sudining 30 dekabrdagi qaroriga asosan BHMning 60 baravari miqdorida jarimaga tortilgan.

Otabek Nuritdinov kim?

Abdufatto Nuritdinov Andijon viloyati Asaka shahri, Ibn Sino mahallasi Shinam ko‘chasida yashaydi. Facebook'da Otabek Nuritdinov nomi ostida akkaunt yuritadi.

U feysbukda Andijon viloyati ijtimoiy sohalaridagi kamchiliklar haqida yozib kelgan. Tizim rahbarlari haqida keskin fikrlar bildirib, xalq ta'limi, maktabgacha ta'lim, yo‘l muammolari va boshqa mavzularda tanqidiy postlar yozib borgan.

So‘nggi kunlarda u Jalaquduq tumanida yashovchi  aholi vakillarining 22 dekabr kuni o‘tkazilgan saylovlar natijasidan noroziligi ifodalangan videolavhalarni ulashgan.

U qaysi aybi uchun jazoga tortildi?

Andijon viloyat IIB Abdufatto Nuritdinovga 15 sutka qamoq jazosi tayinlanishi bo‘yicha batafsil ma'lumot berdi.

«Fuqaro E.Yakubov, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilib, Facebook’ ijtimoiy tarmog‘i orqali «Otabek Nuritdinov» nomli akkaunt egasi tomonidan uni obro‘sizlantiruvchi, asossiz va tuhmatdan iborat bo‘lgan ma'lumotlarni muntazam ravishda joylashtirib kelayotganligini, shu sababli «Otabek Nuritdinov» nomli akkaunt egasiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Shuningdek, fuqarolar M.Isaqova va F.Buzrukov ham «Facebook» ijtimoiy tarmog‘idagi «Otabek Nuritdinov» nomli akkaunt egasiga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab murojaat qilib, M.Isaqova o‘zining shikoyatida joriy yilning 18 oktabr kuni uning shaxsiyatini sharmanda qiluvchi uydirmalar tarqatib, u va uning jamoasini «korrupsion o‘chog‘» deb haqorat qilganini bildirib, tuhmat va haqorat qilingani, F.Buzrukov esa o‘zining profili orqali «33 million kishi bittadan tuflasa ham tufugiga cho‘kib o‘lasan, oynaga bir qaragin yaxshilab e'tibor berib qaragin» deb ushbu profilga uni tasvirlab, shaxsiyatiga teguvchi «cho‘chqa» rasmini joylab, uni qattiq haqorat qilganligini bildirgan. 

Bundan tashqari, A.Nuritdinov, joriy yilning 30 dekabr kuni soat 10:30da jamoat joyi hisoblangan Asaka tumani Moliya bo‘limining ma'muriy binosi yonida, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, hokimiyat va davlat idoralarining vakillariga noo‘rin talablar qo‘yib, fuqaro B.Qohhorovni uyatli so‘zlar bilan so‘kib, fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi xatti-harakatlarni sodir etgan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida fuqaro A.K. Nuritdinov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 40-(tuhmat), 41-(haqorat) va 183-(mayda bezorilik) moddalarida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etgani aniqlanib, to‘plangan hujjatlar o‘rnatilgan tartibda ma'muriy sudga yuborilgan.

2019 yilning 30 dekabr kuni ish yuzasidan Andijon viloyati ma'muriy sudi qaroriga asosan, fuqaro Nuritdinov Abdufatto Kamolitdinovichga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javrobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 40-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida 6 690 000 so‘m jarima jazosi; 41-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida 6 690 000 so‘m jarima jazosi, 183-moddasi bilan 15 (o‘n besh) sutka ma'muriy jazo belgilanib, biroq, ushbu jazolar Kodeksning 34-moddasi qo‘llanilgan holda uzil-kesil o‘tash uchun 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan», deyiladi ma'lumotda.

Asaka tuman prokuraturasi ham bu borada rasmiy ma'lumot berdi.

«Asaka tuman prokuraturasi tomonidan Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanida tug‘ilgan, Asaka tumani, Ibn Sino MFY, Shinam ko‘chasi, 23-uyda yashovchi fuqaro Nuriddinov Abdufatto Kamolitdinovich Asaka tuman IIB tomonidan Ma'muriy javobgarlikka tortish haqida qaror qabul qilinganligi aniqlandi.  

O‘rganish davomida, A.Nuriddinov O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi, 41-moddasi, va 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Andijon viloyati ma'muriy sudining 30.12.2019 yildagi qaroriga asosan A.Nuriddinovga O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida 6 690 000 so‘m jarima jazosi, mazkur kodeksning 41-moddasi bilan 30 baravari miqdorida 6 690 000 so‘m jarima jazosi, 183-moddasi bilan 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.  

Bundan tashqari, sudning qaroriga asosan A.Nuriddinovni qamoqda bo‘lgan har bir kuni uchun 33 450 so‘m miqdorida, jami 501 750 so‘m qamoqda saqlash xarajatlari undirilishi belgilangan. 

Shuningdek, mazkur qarorni ijro qilish Andijon shahar IIB zimmasiga yuklatilganligi ma'lum qilinadi», deyiladi prokuratura xabarida.

«Otabek Nuritdinov»ning oila a'zolari nima deydi?

Abdufatto Nuritdinovning oila a'zolari bilan Andijon viloyat ma'muriy sudi binosi yonida uchrashdik. Ular sud qarorini olish uchun kelishgan ekan.

«Otabekni 30 dekabr kuni Asaka tuman moliya bo‘limiga, «Siz so‘ragan hujjatlar tayyor bo‘ldi», deb chaqirishgan. U soat o‘nda o‘sha yerga borsa, unga o‘sha yerdagi xodimlardan biri, «Mana sen so‘ragan ma'lumotlar», deb uning betiga otibdi. Otabek, «Nima qilyapsizlar?», desa  moliya bo‘limidagilar bir-biri bilan urishib,  janjal ko‘tarishgan. So‘ng Otabekni, mayda bezorilik, haqoratda ayblab mashinaga solib, IIBga olib kirib ketishibdi. Menga bu haqda o‘sha yerda bo‘lgan moliya xodimlaridan biri gapirib berdi. U odamning xavfsizligi nuqtayi nazaridan ismi-sharifini ayta olmayman», deydi onasi Matlubaxon Qurbonova.

Uning opasi ham fikrlarini bildirdi.

«Nohaqlik bo‘ldi. Agar oddiy holatda fuqaro huquqbuzarlik yuzasidan murojaat qilsa, o‘n-o‘n besh kun ish kunida ko‘rib chiqishadi. Otabek ukam ishida bo‘lsa, bir-ikki soatni ichida barcha dalil-isbotlarni tayyor qilishgan. Asaka qolib, Andijondagi sudga olib kelishibdi. Qarorni ko‘rdik, u moliya bo‘limi binosida birovni urgan bo‘lsa, sud med-ekspertiza tahlillari qani?», deydi opasi Mohiraxon Nuritdinova.   

Otabekning onasiga kechki soat 7larda  MFY orqali «O‘g‘lingizning mashinasi moliya bo‘limi orqasida turibdi», degan xabarni aytishadi.

«Mashinani olgani borganimda, «Asaka tuman IIB jinoyat-qidiruv bo‘linmasi xodimi Sirojiddinga uchrang», deyishdi. Borganimda IIB xodimi, «O‘g‘lingizni mayda bezorilik, haqorat uchun olib kirib qo‘ydik. Hozir Andijonda sudda», dedi. Men xodimga farzandim unday bezorilik qiladigan yigitlardan emasligini aytdim.  Andijonga boray, desam bugun-erta kelinimning ko‘zi yoriydigan. Uni yolg‘iz tashlab keta olmadim», deydi Matlubaxon Qurbonova.

Ma'muriy sud binosiga turmush o‘rtog‘idan xavotir olib, uning rafiqasi Nilufar Ziyovuddinova va ikki qizi – Safiya va Osiyo ham birga kelgan edi.

Abdufatto Nuritdinovning onasi yana Asaka tuman IIB jinoyat-qidiruv xodimi unga o‘g‘lining qamalishiga qanday izoh berganini aytdi.

«Xodim «o‘g‘lingizga anchadan beri material yig‘ilgan, Otabek Nuritdinov internetdagi postlarida odamlarni haqorat qilib kelyapti. Bugungi ish qo‘shimchasi bo‘libdi. Sizga telefon qilib yana ma'lumot beraman», dedi. Lekin telefon qilishmadi. O‘g‘limning mashinasi ichida kimlardir davlat mulkini talon-toroj qilgani to‘g‘risida hujjatlar bor edi. Hech narsa qolmabdi. Otabek Rossiyada ishlab kelgan. Ayni paytda hech qayerda faoliyat yuritmas edi. Uylarimiz buzildi. Qurilish ishlari bilan band edi», deydi u.

Shu paytda blogerning opasini Ma'muriy sud binosiga chaqirishdi. Bir muddatdan so‘ng ichkaridan chiqqan Mohiraxon Nuritdinova sud raisining yordamchisi unga Abdufatto Nuritdinovni tovon puli to‘lab olib chiqib ketib bo‘lmasligi va ikki oy muddat ichida qayta ko‘rib chiqishga ariza va shikoyat berish huquqiga ega ekanligini tushuntirgani haqida aytib berdi.

Facebook'da akkaunt yuritgan fuqaroning oilasi uning ahvolidan xabar olish va shikoyat-ariza tayyorlash uchun advokat yollashini aytishdi.

Ayni paytgacha o‘rganishlarimiz bo‘yicha mana shu ma'lumotlarga ega bo‘ldik. Voqealar rivojini kuzatamiz.    

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzuga oid