O‘zbekiston | 09:00 / 31.12.2019
16792
10 daqiqa o‘qiladi

«Toza» statistika ketidan quvish: bu jinoyatchilik va ajrimlar sonini kamaytirishda naf beradimi?

Foto: Depositphotos

Respublikamizda turli sohalarda statistik ma'lumotlar yuritiladi. Ularning ayrimlari yuzasidan majlislar o‘tkaziladi, rahbarlarning faoliyatiga baho beriladi, kimlardir shu raqamlar ortidan ishdan olinadi, yana kimlar uchundir qo‘shimcha chora-tadbirlar va vazifalar belgilanadi.

Biroq iqtisodiy sohani qo‘ya turaylik, ijtimoiy hayotdagi ayrim sohalarda yuritilayotgan statistika va tahlillar uchun chora ko‘rilishi, ularni bartaraf etish yuzasidan turli keraksiz majlislar o‘tkazilishini yoqlamayman. Insonlar hayoti o‘yinchoq emas-ku?

Aytmoqchi bo‘lganim — jinoyatchilik hamda oilaviy ajralishlar masalasida imkon qadar kichikroq raqamli statistikani ta'minlashga bo‘lgan intilish haqida.

Nega?

Chunki aynan mana shu sohalarda raqamlarga qarab ish ko‘rish ko‘zbo‘yamachilik, soxtakorlikni keltirib chiqarmoqda. Pastroq raqamlar talab etilishi sohada jinoyatchilik kamayishi emas, aksincha — yanada ildiz otishi uchun xizmat qilmoqda.

Fikrimni tushuntirishga harakat qilaman.

Masalan, ichki ishlar organlari oldiga huquqbuzarlik va jinoyatchilik ko‘lamini kamaytirish masalasi qo‘yilgan. Qaysiki hududda jinoyatchilik darajasi katta bo‘lsa, o‘sha hududdagi rahbarlarga chora ko‘rilmoqda va yoki aksincha. Ayrim hududlarda bir yilda birorta jinoyat ro‘y bermagani haqida ma'lumotlar ham matbuotda ko‘z-ko‘z qilinmoqda.

Aslida ham vaziyat chindan ham yaxshi tomonga o‘zgarganmi? Unday deyish juda qiyin, fikrimcha.

«Toza» statistika ortidan quvish — mayda jinoyat va huquqbuzarliklarning qasddan qayd etilmasligiga olib kelmoqda. Ichki ishlar idoralarida ishlovchi do‘stlarimizning aytishicha, vaziyat shu darajaga yetganki, o‘g‘irlik qilgan, yengil va og‘ir tan jarohati yetkazilgan holatlarda ushbu jinoyatni qayd etish, ekspertizadan o‘tish uchun yo‘llanma berish o‘rniga, ichki ishlar organlari nizolashayotgan tomonlarni yarashtirib qo‘yishga majbur bo‘lishmoqda. Albatta, six ham, kabob ham kuymaydigan bu sharoitda korrupsiya uchun ham keng yo‘l ochiladi.

Bu bilan ko‘zlangan samaraga erishish mumkinmi? Albatta yo‘q. Chunki jazo muqarrarligi yo‘qolmoqda. Kichik jinoyatlar uchun hech qanday jazoga loyiq ko‘rilmasligini ko‘rgan, sezgan insonlar o‘sha qilmishlarini takrorlamaydi deb o‘ylaysizmi? Bunday adolatsizlik jamiyatda norozilik uyg‘otadi, ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan ishonchsizlik vujudga keltiradi, ularning obro‘si pasayishiga olib keladi.

Ko‘pchilik, masalan, ma'lum bir jinoyatlar uchun jazo choralari qattiqlashtirilsa, o‘sha jinoyatning oldi olinadi, deb ham o‘ylaydi va shunday takliflar ham beradi. Hatto ba'zi jinoyatlar uchun o‘lim jazosini taklif qiladiganlar bor, go‘yoki shunday qilibgina, unga qarshi kurashish mumkin.  Ammo, bu ham noto‘g‘ri.

Misol uchun, chegarani buzib kontrabanda tovar olib kiruvchilarga qarshi keskin kurashilgan, hatto ularni ta'qib qilib, otish ham mumkin bo‘lgan. Ammo mana shunday xavf bo‘la turibam, odamlar bu yo‘ldan qaytishmagan.

Yoki yo‘l harakati qoidalarini buzuvchilarga jarimalar qanchalik oshirilmasin, yo‘l-transport hodisalari kamayib qolgani yo‘q. Xulosa qilish mumkinki, jazoning qat'iyligi emas, balki uning muqarrarligi jinoyatchilikning keskin kamayishiga olib keladi.

Binobarin, har bir nojo‘ya qilmish uchun qonunchilikda belgilangan tarzda surishtiruv o‘tkazib, jazoni tayinlabgina adolat o‘rnatish, ichki ishlar, prokuratura va sud organlari obro‘sini ham yuksaltirish mumkin.

Bu holni quruq statistikadan qochib, fuqarolarning ariza va telefon orqali murojaatlarni faqat shaffof ravishda onlayn registratsiya qilib, prokuratura nazoratiga olib bartaraf etish kerak.

Biroq, qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilishi lozim bo‘lgan, jinoyat va huquqbuzarlikni qayd etishni yashirganlik uchun chora ko‘rishi shart bo‘lgan prokuratura organlari ham jinoyatchilik darajasi uchun javobgar etib belgilanishi vaziyatni yanada og‘irlashtiradi, deb o‘ylayman.

Ikkinchi masala — oilalarda ajrim masalalari ko‘payib borayotganidan ularni bartaraf etish uchun yig‘ilishlar o‘tkazilayotgani, turli chora-tadbirlar belgilanayotgani mavzusi.

Bu masala bilan shug‘ullanishi aytilayotgan xotin-qizlar qo‘mitasi, «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Yoshlar ittifoqi, mahalliy hokimliklar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar o‘zlarining kurakda turmaydigan tadqiqotlari hamda takliflari bilan chiqishlar qilayotgani yanada hayratlanarli.

Bu orada ajrashishni qiyinlashtirish uchun yuqorida ta'kidlaganimdek, sudlar ariza qabul qilmayapti. Yarashuv muddatini juda uzoq belgilashmoqda. Ajrashish uchun qayta-qayta arizalar berilmoqda.

Boshqa tomondan, musulmonchilik bor, aqida masalasi bor: «uch taloq» olgan xotin endi hech qanaqasiga o‘sha er bilan yashay olmaydi. Bu tomonlarini mutasaddilar bir zum o‘ylab ham ko‘rishayotgani yo‘q.

Natijada hanuz qonuniy er-xotin bo‘lib turgan erkak va ayol allaqachon boshqa oila qurib, hattoki yangi oilasida farzand ko‘rishga ham ulgurgan bo‘lishadi. Biroq sud ularni ajratmaydi. Chunki statistika buziladi, kattalardan gap eshitadi!

Oila — o‘ta shaxsiy masala. Ajralish qandaydir ma'lum bir prinsip asosida ro‘y bermaydi. Ularning har biri individual vaziyat. Umuman, er-xotinning oilaviy hayotiga hech kimning aralashishga haqqi yo‘q.

Bir-birini yoqtirmay qolgan, hali farzand ko‘rmagan er-xotin qoidaga muvofiq, FHDYo organlari tomonidan osongina ajralishi kerak. O‘rtadagi mol-mulk masalasi keyin ikki o‘rtada fuqarolik tartibida sudda ko‘rib chiqilaveradi.

Hozir mutasaddilar oilada tug‘ilgan farzandlarni ro‘kach qilishmoqda. Ajrashaman degan oilalarning qariyb 70 foizida farzand borligi aytilmoqda. Biroq, ajrashishga jazm qilgan erkak va ayol yosh bola emas-ku, ular o‘rtadagi farzand uchun javobgar, bu javobgarlik qonunchilikda belgilab qo‘yilgan — talablariga rioya qilinsa bas. Qonunchilikka to‘liq amal qilishni talab qilish kerak, bo‘ldi.

Xo‘p, keling, vaziyatga oilada tug‘ilgan farzandlar tomonidan qarab ko‘ramiz. Bola otasiz yoki onasiz holatda ruhiy tomondan ko‘proq qiynaladimi yoki doimiy janjal, urush, ziddiyatlar kuzatiladigan oiladami? Bu — birinchidan.

Ikkinchidan, ajrimlarda bolani faqat onasiga berish qariyb odat tusiga kirgan. Natijada, bola ajralishdan so‘ng moliyaviy og‘irroq holatda bo‘lgan yoki kimningdir qaramog‘ida bo‘lgan onada qoladi. O‘sha ona yo doimiy aliment talab qilib, erini quvlab yurib ziddiyatlarda yashaydi, yo bolasini qarindoshlariga tashlab, chetga ishlagani ketadi.

Agar rostdan ham bolaning kelajagi eng muhim bo‘lsa, keling, ajrimlarda imkoniyati kattaroq, moliyaviy holati yaxshiroq tomon bolani olsin. Bu sharoitda bola o‘sha birinchi holatdan, ya'ni ajratilmagan ziddiyatli oiladan ko‘ra baxtliroq yashamaydimi?

Biz baxtli oila — ajrashmagan oila, baxsiz oila — ajrashgan oila, degan stereotiplarga o‘ralashib qolganmiz. Bu o‘sha statistikaga qarab fikrlashdan paydo bo‘ladi.

Devor ichida, er xotin birga yashayotgan farzandli oila, go‘yoki baxtli, ammo o‘sha devor ortida nima bo‘layotganini statistika bilmaydi-ku? Vaziyatga xos tomondan yondashish, har bir oila uchun alohida yechim berishning yagona yo‘li — ularni tinglash, ya'ni er va xotinning istaklarini birinchi planga olib chiqishdir.

Yosh farzandlar taqdiri uchun, ana, alimentni o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilsin va jazoning muqarrarligi ta'minlansin — yetarli bo‘ladi.

Oiladagi zo‘ravonlik sabab ajrashish tashabbusi ayollardan chiqqanda ularni xotin-qizlar qo‘mitasi, qarindoshlar, mahalla-ko‘y, yoshlar ittifoqi tomonidan nuqul turli bahonalar bilan yarashtirib qo‘yaverish fojiaga yetaklamaydimi?

Ana shunday notinch oilalarda ayollar, erkaklar o‘z joniga qasd qilmoqda. Yoki erining kaltaklari ostida umri xazon bo‘lmoqda, bunday manzaraga guvoh bo‘lib ulg‘ayayotgan yosh avlodning ruhi siniq holda tarbiya topmoqda. Nega bu statistika xotin-qizlar qo‘mitasini qiziqtirmaydi?

Nosog‘lom oila faqat erkak kishining aybi bilan emas, ayol kishining tashabbusi bilan ham yaralishini unutmasligimiz kerak. Xuddi shunday zo‘ravon, tovlamachi yoki xiyonatkor ayol bilan yashashga majbur bo‘layotgan erkaklar ham bor.

Buzilib bo‘lgan oilani majburiy saqlab turish — ikkita yangi sog‘lom oila paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qilish demakdir.

Nega inson o‘ziga yoqmay qolgan yoki o‘zini azoblayotgan kishi bilan yashashga mahkum bo‘lishi kerak?! Qaysi mezon asosida? Shu savolga javob izlab ko‘ring. Javob bitta: odamlarning xohishi hech narsa emas — muhimi «katta»larning xohishi. Statistika buzilmasligi kerak! Davlat tomonidan moliyalashtirilayotgan, aslida keraksiz qandaydir jamoat tashkiloti «ishlayotgandek», «ajrimlarni kamaytirishga erishayotgandek» ko‘rinishi uchun ham kerak.

Biroq shuni ham unutmaslik kerakki, huquqiy-demokratik davlat ajrashishga qarshi kurashmaydi, oilani davlat ishi — boshqaruvning davomi, deb hisoblamaydi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
jurnalist.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid