O‘zbekiston | 16:00 / 02.01.2020
29306
10 daqiqa o‘qiladi

«Halol bo‘lsang, hech kimdan qo‘rqmaysan». Korrupsiya va sudyalar mustaqilligi haqida Batir Matmuratov bilan suhbat

Oliy Majlis Senatining uchinchi chaqiriqdagi tarkibi vakolatlarini topshirish arafasida. Shu munosabat bilan Kun.uz qator senatorlar bilan intervyular tashkil etishni rejalashtirgan.

Birinchi suhbatdoshimiz – Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Batir Matmuratov bo‘ldi. Senator suhbat davomida korrupsiya, sudlar mustaqilligi, saylovlar va boshqa masalalardagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

– 2019 yil ham yakuniga yetdi. Ortda qolgan yildan, Senatdagi faoliyatingizdan xulosalaringiz qanday?

– Assalomu alaykum. Ko‘pchilik bir narsadan hayron bo‘ladi – turli xil qonunlar, farmonlar, qarorlar, farmoyishlar nega buncha ko‘p qabul qilinmoqda? Gap shundaki, biz juda shiddatli islohotlar davrida yashayapmiz. So‘nggi 3 yilda biror soha qolmadiki, qonunchiligi o‘zgarmagan bo‘lsa. Bir yo‘nalish yo‘qki, katta ishlar amalga oshirilmasa. Bu jarayonda albatta samarali qonun va qarorlarga ehtiyoj seziladi. Birgina bizning qo‘mitamizning o‘zigina o‘tgan davr davomida 72ta qonun hujjatini muhokamadan o‘tkazdi. Bu juda jiddiy va ko‘p mehnat talab qiladigan jarayon.

– Qo‘mitangiz ancha murakkab sohani qamrab oladi – Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi. Aytingchi, xalqimiz qachon korrupsiya jilovlanganini his qiladi?

– Bir faktga e'tiboringizni qaratmoqchiman – 2017 yilga qadar bizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yagona qonunning o‘zi bo‘lmagan. Turli xil tarqoq qonun hujjatlari va normalarni qo‘llab yurganmiz. Prezidentimiz o‘z faoliyatini boshlagan dastlabki kunlardayoq bu masalaga jiddiy e'tibor qaratdi. Hozirgi kunda alohida qonun, qaror va farmonga egamiz. Ko‘pchilik nega qaror qabul qilingani ortidan yana ayni shu yo‘nalishda farmon ham qabul qilindi, deb so‘raydi. Aytish kerakki, farmon qabul qilinishi masalaning g‘oyaviy ahamiyatini anglatadi. Bu baloga qarshi kurashga naqadar jiddiy kirishilganini bildiradi.

Yana bir masala bor. Korrupsiyaga qarshi kurashda avvalo huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda tartib-intizom bo‘lishi kerak. Agar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda tartib-intizom kuchli bo‘lsa, boshqa idoralar qo‘rqadi. Afsuski, bizning ayrim huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hokimiyat organlari bilan shunday bog‘lanib ketgan. Aslida bularning hammasi mustaqil idora bo‘lishi kerak.

Ikkinchidan, sudlar mustaqilligi bo‘yicha ko‘p qonun hujjatlari qabul qilingan. Ularning daxlsizligi, saylanishi, ishlariga aralashmaslik, hatto ijtimoiy himoya masalalari – barchasi qonunlarda ko‘rsatilgan. Agar sudyaning o‘zi, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan qo‘shib aytaman, o‘zining mustaqilligini o‘zi ta'minlamasa, u hech qachon mustaqil bo‘la olmaydi.

Ya'ni avvalo sudya va huquqni muhofaza qiluvchi idoraning xodimi o‘zining yurish-turishiga, odob-axloqiga, shu bilan birga korrupsiyaga moyilligiga o‘zi baho berishi kerak. Agar noma'qul ishga aralashsa, bu ishining oshkor bo‘lib qolishidan qo‘rqib, ayrim noma'qul odamlarning gapidan chiqa olmay qoladi. Ular biladi – uyiga chaqiradi, ziyofat qiladi, to‘n kiydiradi... To‘y qiladigan bo‘lsang, bir hafta oldin qo‘y-u aroq, hammasini olib borib tashlaydi, xizmatlaringga deb yana pul ham berib ketadi... Agar shunda «E, rahmat ukam yo akam» deb aytadigan bo‘lsang, sen hech qachon mustaqil bo‘la olmaysan. Hech qachon korrupsiyaga qarshi kurasha olmaysan. To‘ying o‘tgach, har qanday noma'qul ishlarni bitirib ber, deb keladi.

Shuning uchun ham buyuk faylasuflar aytadiki, sen uyingga olib keladigan narsani halollab olib kelsang, hech kimdan qo‘rqmaysan. Hech kimdan qarzdor emassan.

Mening afsuslanadigan narsam... Ayrim vaqtlari chemodan-chemodan pullar chiqdi, deyishadi. Bu pullar nima, suvga tashlasang yo‘q bo‘lib ketadi – gap unda emas. Shu chemodan-chemodan pulni noqonuniy yo‘l bilan yig‘ish uchun... Bizning islohotlarimizga mo‘ljallangan qancha mablag‘ bu. Demak, qurgan qurilishimiz ham chala bo‘ladi, ishlagan ishlarimizning hammasi chala bo‘ladi. Qurgan imoratimizni uch yildan keyin ta'mirlashga to‘g‘ri keladi. Afsuski, bu nomard odamlar shuni tushunmaydi. Sen nafaqat [korrupsiya orqali] pul yig‘yapsan, balki davlatning, iqtisodiyotning tomiriga bolta uryapsan. Bu narsa ularning ongida yo‘q.

– Aynan bugun (suhbat 25 dekabr kuni yozib olingan – tahr.) Sog‘liqni saqlash tizimidagi korrupsiya holatlari bo‘yicha idoralararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda vazir va uning o‘rinbosarlari, sohadagi qator rahbarlar faoliyati jiddiy tanqid qilindi. Bu yo‘nalishdagi muammolarni qanday baholaysiz?

– Albatta, shifokorlarga, hamshiralarga og‘ir gap aytishning o‘zi qiyin. Sababi ularning faoliyati murakkab. Lekin hamma sohalarda bo‘lgani kabi tibbiyotda ham nopok kimsalar uchrab turadi. Endi bir jihat – biz xalqimizning o‘zida korrupsiyaga qarshi murosasizlikni kuchaytirishimiz kerak. Ko‘pchilik qaysidir shifokor dang‘illama uy qursa, qimmatbaho mashina minsa, «qandingni ur» deb maqtab qo‘yadi. Aslida u necha kishining ko‘z yoshlari evaziga bu boylikni to‘plagan.

Bugungi yig‘ilish ko‘lami juda keng bo‘ldi. Avvallari ham korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiya yig‘ilishi bo‘lardi, ammo unda bir necha soha bo‘yicha gap ketar, ko‘p masalalar ochiq qolardi. Bugun faqat bir soha – sog‘liqni saqlash keng tahlil qilindi, muammolar ro‘y-rost ochib tashlandi. O‘ylaymanki ularning yechimi bo‘yicha ham zarur ishlar amalga oshiriladi.

– Bu yil O‘zbekiston muhim siyosiy jarayon – saylovlarni o‘tkazdi. Bu borada fikrlaringizni bilmoqchi edik.

– Bu yilgi saylovlar avvalgilaridan farq qildi. Avvalo Ekologik partiya demokratik asosda, kurashlardan keyin o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Yangi Saylov kodeksiga amal qilindi, bir tashkilot vakillariga cheklov qo‘yildi, bu ham qing‘irliklarning, tanish-bilishchilikning oldini oldi. Tashkilotchilik ham yaxshi bo‘ldi. Ovoz berish jarayoni soat 8:00da davlat madhiyasi bilan boshlangani ko‘tarinki ruh berdi.

Saylov bo‘yicha hujjatlarni muhokama qilgan paytimiz men qat'iy uch belgi usulidan voz kechishni taklif qilgandim. Ya'ni, hozir +, X va ✓belgilarini ishlatish mumkin. Lekin qishloqlarimizdagi oddiy odamlar buni tushunishmaydi-da. Balki kimdir o‘zi yoqtirgan nomzod qarshisiga «bu juda zo‘r odam» deb yozib ketar. Qat'iy talab bor, agar shu uch belgidan biri qo‘yilmasa yoki bir nechtasi qo‘yilsa, byuletten noto‘g‘ri to‘ldirilgan bo‘ladi. Qarangki, juda ko‘p byulettenlarda shu kamchilik kuzatildi.

– Ovoz berish, sanoq jarayonlaridagi qonun buzilish holatlari yuzasidan bizga ham ko‘p murojaatlar bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham turli lavhalar tarqaldi. Buni qanday izohlaysiz?

– Bu ayrim kalta o‘ylaydiganlar ishi va ular umumiy natijaga ta'sir qila olishmaydi. Juda muhim bir jihat – ana shunday holatlar ochiq-oydin ko‘tarilayotganining o‘zi ham demokratik jarayonlardan darak beradi.

Haqiqatni ro‘yobga chiqarishda nafaqat davlat idoralari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki ommaviy axborot vositalari xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ayniqsa blogerlarimiz juda yaxshi ishlashdi. Oldin ham bunday qonunbuzilish holatlari bo‘lgan, lekin ko‘pchilik buni ayta olmagan, aytgan narsasi ko‘rinmagan. Hozir esa mamlakatimizda erkinlik siyosati – odamlar ko‘rgan-bilganining hammasini aytyapti.

O‘rtoqlar, saylovni yuqori darajada, qonun ustuvorligi asosida, demokratik uslubda o‘tkazishimiz kerak, deb masalani qo‘yganimizdan so‘ng, eng faol ishtirokchi sifatida men aynan OAV xodimlari, fuqarolik jamiyati instutlari vakillari va blogerlarni ko‘rsatgan bo‘lardim. Ularga rahmat. Men o‘zim aytganman, korrupsiyaga qarshi kurashdagi eng yaqin do‘stim – OAV, blogerlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bo‘ladi. Shularning yordamida mamlakatimizdagi har qanday nopok ishni ochib tashlaymiz.

(Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin)

Abror Zohidov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid