Jahon | 08:32 / 03.01.2020
61686
3 daqiqa o‘qiladi

Islom inqilobi soqchilari korpusi generali Qosim Sulaymoniy AQSh zarbasi vaqtida halok bo‘ldi

Qosim Sulaymoniy/Foto: AP

Bag‘dod xalqaro aeroportiga aviazarba berilishi oqibatida Islom inqilobi soqchilari korpusining “Quds” maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni, general Qosim Sulaymoniy halok bo‘ldi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabar berdi.    

Zarbalar vaqtida Iroqning shia qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari Abu Mahdi al-Muhandis ham halok bo‘lgan. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi “Al-Xashd ash-Sha'biy” guruhining ma'lum qilishicha, aeroportning raketalar bilan o‘qqa tutilishida umumiy hisobda 7 kishi, jumladan guruhning 5 a'zosi va ikki mehmon halok bo‘lgan.    

Ta'kidlanishicha, Sulaymoniy shaxsi barmog‘idagi uzukdan o‘rnatilgan. 

Ma'lum qilinishicha, al-Muhandis aeroportga samolyoti yo Livandan, yo Suriyadan kelgan Sulaymoniyni kutib olishga soqchilar tarkibida kelgan. Zarba Sulaymoniy samolyotdan chiqishi bilan berilgan.

Eronning IRINN davlat telekanali boshlovchisining ma'lum qilishicha, Eron generalning halok bo‘lganini tasdiqladi. Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, general AQSh vertolyotlari hujumi oqibatida halok bo‘lgan.  

Bu orada Pentagon ham Sulaymoniy halok bo‘lganini tasdiqladi va zarbalar berishga buyruqni shaxsan AQSh prezidenti Donald Tramp berganini ma'lum qildi. Pentagonda ta'kidlanishicha, Sulaymoniy AQShning Bag‘doddagi elchixonasiga hujum qilinishiga rozilik bergan.   

Associated Press voqeaga izoh berib, Sulaymoniyning o‘ldirilishi “Yaqin Sharqdagi burilish lahzasi bo‘lishi va Eron hamda u tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi kuchlar tomonidan Isroil va AQShdan o‘ch olishga olib kelishi mumkinligini” ta'kidlab o‘tgan. 

Mavzuga oid