Jamiyat | 18:00 / 04.01.2020
14937
8 daqiqa o‘qiladi

Sarhisob va xulosa: Kun.uz'ning Samarqand filiali 2019 yil davomida eng ko‘p qaysi sohalarni o‘rgandi?

2019 yil yanvar oyida Kun.uz saytining Samarqand shahrida hududiy muxbirlik punkti tashkil etilgan edi. Bu hududdagi ijodiy jamoa Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy va Jizzax viloyatlari bo‘yicha faoliyat yuritadi.

O‘tgan bir yillik faoliyat davomida o‘rganilgan masalalar jamoa duch kelgan holat va muammolar taraqqiyotimizga asosan nimalar to‘siq bo‘layotgani haqda ham ma'lumot beradi.

Bugun odamlar nimadan norozi? Qanday muammolarga tezkor yechim bor? Qaysi sohalardagi huquqiy hujjatlarni to‘ldirish va mustahkamlash kerak? Muxbirlarimiz murojaatlarni o‘rganarkan, e'lon qilingan maqolalarda yuqoridagi savollar bo‘yicha ham o‘z takliflarini berib bordi.

Yana bir jihat: muammolarning hududiy xosligiga ham e'tibor qaratgan bo‘lardik. Ayrim viloyatlardan ma'lum yo‘nalishlardagi murojaatlar tinimsiz kelgani holda boshqa viloyatda bu muammo deyarli bo‘y ko‘rsatmasligi ham mumkin ekan. Tumanlar haqda ham shunday deyish mumkin.

Aytaylik, auksionda, qonuniy tartibda yer sotib olib qator muammolarga yo‘liqqan tadbirkorlar Samarqandda nisbatan ko‘proq.

«Samarqandning mudramayotgan sudyalari «insofli xaridor»ni qanday sargardon qilishayotgani haqida hikoya» deb nomlangan maqola auksionda yer sotib olib sarson bo‘lgan tadbirkorlar muammosiga payariqlik fuqaro misolidagi maqolada tizim muammolari o‘rtaga tashlandi. Bu boradagi shikoyatlar birinchisi va so‘nggisi ham emasligi ayon bo‘lgach, kattaqo‘rg‘onlik tadbirkorning aynan auksion bilan bog‘liq sargardonligi haqdagi maqola piching tarzida shunday boshlangandi: «Men ushbu maqolaning muallifi sifatida hech qachon auksionlardan ko‘chmas mulk yo boshqa narsa xarid qilmaslikni maslahat beraman».

Har ikki holatda ham muammoda ishni ko‘rib chiqqan sud organlarining ham «hissa»si borligi yana ham achinarli.

2019 yilni qaysidir ma'noda xususiy mulkning tan olinishi va hurmat qilinishi yili deyish mumkin.

Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olinadigan yer, mulk egasining huquqlari aslida qonunlarimizda ko‘rsatilgan. Ammo bu huquq yillar davomida ba'zan tan olinmagani, fuqarolarning uyi va boshqa mulklari kompensatsiya masalasi hal etilmasdan turib buzib tashlanishi borgan sari murojaatlar sonini oshirardi.

Nihoyat, Yakkabog‘ tumanida sodir bo‘lgan voqea: tuman hokimi o‘rinbosarining buldozerda tadbirkor do‘konini buzmoqchi bo‘lgani va tadbirkor hokim o‘rinbosariga benzib sepib olov yoqqani bu muammoga davlat darajasida e'tibor qaratilishiga olib keldi.

Muxbirimiz voqea joyiga yetib borganida binoni noqonuniy tarzda buzmoqchi bo‘lgan amaldor emas balki, unga qarshilik ko‘rsatgan tadbirkor, o‘g‘illari-yu bir necha yaqin uzoq qarindoshlari bilan birga olib ketilgani ma'lum bo‘ldi va «Yakkabog‘ voqeasi»: Qonunlarni oyoqosti qilgan mas'ullar ham jazolanadimi?» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilindi.

Shundan so‘ng «Yakkabog‘ voqeasi» deyarli barcha saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Oradan bir hafta o‘tib, O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov selektorda «snos» masalasini qattiq tanqid ostiga oldi.

3 avgust kuni esa O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev  «Fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlarining mulk huquqi kafolatlanishini so‘zsiz ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Birorta uy va mulk zo‘ravonlik bilan buzilmaydigan bo‘ldi.

Albatta, hokimlik tomonidan xususiy mulkka daxl qilish holatlari boshqa kuzatilmadi. Ammo mazkur voqealardan so‘ng 2014-15-yillardagi obodonchiliklar davrida mulkidan ayrilgan ko‘plab fuqarolar kompensatsiya talabi bilan chiqishdi.

Birgina Qashqadaryo viloyatida aholining milliardlab kompensatsiya pullari to‘lab berilmagani va bunga endi mahalliy hokimlikning kuchi ham yetmasligi ma'lum bo‘lib qoldi. Qiymati milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan to‘lanmay qolgan pullari haqda yana qator maqolalar e'lon qilindi. Va nihoyat respublika budjeti kompensatsiya uchun mablag‘ ajratib beradigan bo‘ldi.

Faoliyatimiz davomida bir narsaga amin bo‘ldik: Tadbirkorlik faoliyatiga to‘siq boshqa, ularni qaqshatib yerini tortib olish boshqa narsa ekan.

«Past Darg‘omda «o‘rmon qonunlari». Hokimlik baliqchi fermerlarni qaqshatib, ularning toshloq yerlarini kimga bermoqchi?» sarlavhali maqola e'lon qilingach, xuddi shunday bedodliklar yuzasidan murojaatlar «oqimi» paydo bo‘ldi va xuddi shu mavzuda yana bir nechta chiqish qilindi.

Tadbirkor mulki himoyasi bilan bog‘liq murojaatlar Buxoro va Surxondaryoda ham tez-tez kuzatilib turdi.

Bir narsaga e'tibor qaratishni istardik: ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar yil davomida deyarli barcha viloyatlarda bo‘y ko‘rsatib turdi. Ulardan eng og‘irlari Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo, Urgut, Past Darg‘om, G‘allaorol tumanlari va Jizzax shahri misolida yoritib berildi.

Surxondaryoda profilaktika inspektori tomonidan fuqaroning kaltaklangani, xuddi shu viloyatda pensiya yoshidagi o‘qituvchiga sobiq o‘quvchilarining qo‘l ko‘targani,  Buxorodagi muallimaning «sirli o‘limi», Urgutda o‘qituvchining o‘quvchini urishi bilan bog‘liq surishtiruvlar o‘quvchilar tomonidan keng muhokama qilindi.

Keyingi vaqtlarda ijodiy jamoa individual murojaatlardan ko‘ra, avvalo, ko‘pchilikka nafi tegishi mumkin bo‘lgan muammolarni o‘rganishga harakat qilmoqda.

Ana shunday muammolardan, oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari uchun qabul muammolari, kirish sinovlarida ijodiy imtihonlarni baholashdagi adolatsizliklar, Samarqand shahrida qurilishi rejalashtirgan ulkan mardikor bozori, ayrim hududlarda o‘qituvchilarning bir oylik harbiy xizmat shartnoma pulini to‘plashga jalb etilgani, «GM Uzbekistan»ning ichki bozorga chiqarayotgan mashinalaridagi kamchiliklar va servis xizmatidagi muammolar shular jumlasidan.

Albatta, saytning Samarqand filiali faoliyati faqatgina murojaatlar bilan bog‘liq emas. Turli ko‘rinishdagi loyihalar oyma-oy taklif etib borilmoqda.

Jumladan, sayohat ruknida yurtimizning noyob manzaralaridan fotoreportaj va yo‘l ocherklari, Yaponiya, Singapur, Rossiya kabi mamlakatlardan qiziqarli lavhalar o‘quvchilarni befarq qoldirmadi. Shu sababdan xorijiy mamlakatlar hayoti bilan bir qatorda o‘z yurtimizdagi noyob, ko‘pchilikning xabari bo‘lmagan maskanlar haqda o‘quvchilarimizni xabardor etib boramiz.

Bemorlar uchun yordam qo‘lini cho‘zish, xayriya aksiyalari orqali davolanishga imkon topa olmayotgan yurtdoshlarimizning xorijda va yurtimizda davolanishlarini tashkil etish yo‘nalishlarimizdan biri.

6ta viloyatdan ham yil davomida o‘nlab xayriya aksiyalari e'lon qilindi. Va aksariyati yurtdoshlarimizning ko‘magi bilan muvaffaqiyatli yakunlangani bizning ham ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tardi.

Shuhrat ShOKIRJONOV, Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbirlari.

Mavzuga oid