Jahon | 21:41 / 05.01.2020
123238
3 daqiqa o‘qiladi

Eron AQShning harbiy obektlariga hujum qilishga tayyorlanmoqda

Eron general Qosim Sulaymoniyning o‘limiga javob hujumiga tayyorlanmoqda. Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiyning harbiy ishlar bo‘yicha maslahatchisi, general-mayor Husayn Dehqonning so‘zlariga ko‘ra, bu hujum AQShning yuzlab obektlarini qamrab olishi mumkin.

Eron AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy obektlariga zarba berishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. General-mayor Husayn Dehqon CNN muxbiriga bergan intervyusida general Qosim Sulaymoniyning o‘limi uchun javob «harbiy yo‘l bilan bo‘lishi»ni aytib o‘tgan.

Foto: Vadim Savitsky / AP

«Urushni Amerika boshladi. Shuning uchun ular javobga tayyor turishlari kerak. Urushning bu bosqichiga yakun yasashi mumkin bo‘lgan narsa - ular bergan zarbaga teng darajada zarba berilishidir.

Javob shaksiz harbiy bo‘ladi va bu javob harbiy obektlarga qaratiladi», degan u.

U aynan qaysi obektlarga hujum qilinishiga aniqlik kiritmagan, lekin javob hujumlari Yaqin Sharqdagi Tehron ta'siridagi turli guruhlar orqali emas, Eron qurolli kuchlari tomonidan yo‘llanishini ma'lum qilgan. 

Shu bilan birgalikda, u Eron javob berishga shoshilmasligi, hujum nishonlari obdon o‘ylab tanlanishini ma'lum qilgan.

Qayd etish kerakki, AQShning bu mintaqadagi harbiy kontingenti juda katta. Xususan, Saudiya Arabistonida «minglab amerikalik askarlar» bor, Iroq hududida bir necha baza joylashtirilgan va ularda 5 mingga yaqin harbiy mavjud. Bundan tashqari, AQSh Qatarda yirik Al-Udeyd aviabazasiga ega, bu yerda Iordaniya, Kuvayt va BAA harbiylari ham joylashgan.

Biroz avvalroq, Iroq parlamenti mamlakatdan xorijlik harbiylar olib chiqilishini yoqlab ovoz bergandi. Iroq hududida amerikalik harbiylardan tashqari, Buyuk Britaniya harbiylari ham bor, The Times nashri ma'lumotiga ko‘ra, britan harbiylarini qutqarish amaliyoti tayyorgarlik ko‘rish haqida ko‘rsatma bo‘lgan. The Sun nashrining yozishicha, hududdagi vaziyat keskinlashsa, rasmiy London ittifoqchisi AQShni qo‘llab-quvvatlash uchun «Tomagavk» qanotli raketalari bilan qurollangan atom suvosti kemasini harakatga keltirishga tayyor.

  • 3 yanvar kuni Bag‘doddagi aeroportda amerikalik harbiylarning aviazarbasi oqibatida Islom inqilobi muhofizlari korpusining «Al-Quds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniy o‘ldirildi. Eron tashqi siyosatidagi bosh strategni yo‘q qilish buyrug‘i shaxsan AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan berilgan. Rasmiy Tehron bir necha marta Vashingtondan ushbu generalning o‘limi uchun qasos olinishini ma'lum qilgan, o‘z navbatida Tramp ham agar Eron tomonidan amerikaliklarga hujum qilinsa, AQSh harbiylari Eron hududidagi 52ta obe'ktni nishonga olishi bilan tahdid qilgan.

Mavzuga oid