Jahon | 20:10 / 05.01.2020
32348
3 daqiqa o‘qiladi

Iroq parlamenti mamlakatdan xorijlik harbiylar olib chiqilishi uchun ovoz berdi

Reuters © Alaa Al-Marjani

Iroq parlamenti IShIDga qarshi kurash uchun xalqaro koalitsiya bilan tuzilgan kelishuvni bekor qilib, mamlakatdan xorijlik harbiylarni olib chiqib ketish uchun ovoz berdi. Bu haqda Al Arabiya telekanali xabar qilmoqda.

Avvalroq Iroq bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Odil Abdul-Mahdi xorijlik harbiylarni chiqarib yuborish masalasi parlament tomonidan ko‘rib chiqilayotgani haqida ma'lum qilgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror AQSh va boshqa davlatlar bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishga, shu bilan birgalikda bu davlatlar bilan munosabatlarni mamlakat suverenitetini hurmat qilish va ichki ishlarga aralashmaslik asosida do‘stona saqlab qolishga qaratilgan. 

Iroqdagilarning ma'lum qilishicha, Vashington eronlik general Qosim Sulaymoniyni yo‘q qilish bo‘yicha amaliyot boshlanishidan bir necha daqiqa oldin hujum haqida ogohlantirgan, rasmiy Bag‘dod hujumga ruxsat bermagan.

Iroq TIV Sulaymoniyga qarshi amaliyotni qoralab chiqqan.

O‘z navbatida, AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Robert O'Brayyen Bag‘dodni amerikalik harbiylarning kelgusidagi faoliyati bo‘yicha qaror chiqarishda tiyilishga chaqirgandi.

AQSh boshchiligidagi koalitsiya avvalroq Iroqdagi harbiylarni o‘qitishni to‘xtatgandi. Shu bilan birga, qo‘mondonlik IShIDga qarshi kurashda hamkorlik saqlanib qolishini bildirgandi.

Iroqdagi namoyishlar va Sulaymoniyning o‘ldirilishi

Iroqdagi vaziyat 31 dekabr kuni AQShning Bag‘doddagi elchixonasi shialar tomonidan qamal qilingach keskinlasha boshladi. Namoyishchilar Amerikaning Kirkukdagi bazasiga shialarning «Kataib Hizbulloh» guruhi hujumidan keyin amerikalik harbiylar tomonidan berilgan aviazarbalar oqibatida halok bo‘lganlarning dafn marosimidan chiqib elchixonaga hujum qilishgandi. Harbiylar ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llab, 1 yanvar kuni namoyishchilarni tarqatib yubordi.

Iroq prezidenti Barham Solih namoyishchilarning AQSh elchixonasiga hujumini qoralagan va bunday harakatni «Iroq suverenitetiga hujum» deb baholagandi.

3 yanvarga o‘tar kechasi Bag‘doddagi aeroport yaqinida AQSh harbiylarining aviazarbasi oqibatida Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi generali Qosim Sulaymoniy o‘ldirildi.

Iroq TIV general Sulaymoniyga qarshi amaliyotni mamlakat suvereniteti buzilishi deb baholadi.

Mavzuga oid