O‘zbekiston | 19:08 / 06.01.2020
28696
12 daqiqa o‘qiladi

«Deputat va senatorlarga nisbatan xalqning ishonchi tushib borayotgani rost» - senator Abduqodir Toshqulov bilan suhbat (1 - qism)

Kun.uz’ning turli davlat idoralari vakillari bilan suhbatlari davom etadi. Navbatdagi suhbatdoshimiz O‘zbekiston Oliy Majlis Senati a'zosi Abduqodir Toshqulov bo‘ldi.

Senator bilan suhbatimiz O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash masalalari, korrupsiyaga qarshi kurashish  bo‘yicha respublika idoralararo komissiya faoliyati, jamiyat hayotida deputat va senatorlarning o‘rni, shuningdek, ta'lim muammolariga bag‘ishlandi.

O‘zbek jamiyatidagi korrupsiya illatini ikki-uch yilda birdaniga tozalab tashlashning iloji yo‘q

Bir muddat avval O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi faoliyat boshlagan edi. Ammo bugunga kelib, bu komissiya qanday faoliyat yuritayotgani, nima ish qilayotgani bo‘yicha harakatlarni deyarli sezmayapmiz.

Senatordan ushbu komissiya hozirda aynan qanday faoliyat bilan shug‘ullanayotgani bo‘yicha fikrlarini so‘radik.

 Abduqodir Toshqulov o‘z javobini quyidagicha ifodaladi.

Abduqodir Toshqulov

— Odatda parlament va hukumat vakillarining xalq oldida kam ko‘rinish berishi tanqid qilinardi.

Shavkat Mirziyoyev prezidentlik vazifasiga kirishishi bilan davlat, jamiyat va dunyo hamjamiyatiga yangi siyosiy modelni tavsiya qildi. Ushbu yangi model ijrosi bo‘yicha barcha tuzilma va idoralar o‘z faoliyatlarini qayta ko‘rib chiqishlari kerak edi. Shu boisdan oxirgi yillarda korrupsiyaga qarshi keskin kurash choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Shuningdek, qurilish va Oliy ta'lim sohasi korrupsiyadan xoli sohalar, deb e'lon qilindi.

Endi, siz aytgan idoralararo komissiya faoliyati haqida.

Bu idoralar faoliyati sust ishlayapti, deyolmayman. Bizning jamiyatda korrupsiya yillar davomida yig‘ilib kelgan shunday illatki, uni ikki-uch yilda birdaniga tozalab tashlash ilojsiz.

Ikkinchidan, korrupsiya deganda faqat pora tushunilmaydi. Bunda firibgarlik, tovlamachilik, neopotizm (qarindosh urug‘chilik) va boshqa tushunchalar ham bor. Bu illatlarning ildizini jamiyatdan sug‘urib tashlash uchun esa yillar kerak.

Nazarimda, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasini faoliyatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishlarda deb bilmaslik kerak. Bu idora a'zolari bugungi kunda korrupsiya bilan kurashish bo‘yicha davlatga, hukumatga tavsiyalar beryapti va bu tavsiyalar amaliyotga joriy etilyapti. Masalan, O‘zbekiston prezidenti tomonidan 2019 yil 3 oktyabrda «O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon imzolandi.

Shuningdek, xujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (DXRA) tashkil etildi. Nega? Biz qachonki davlat xizmatchisi tanlovini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysak, ularni yetarli ish haqi bilan ta'minlashni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysak va xodimlar faoliyatida reyting tizimini amalga oshirsak, bu korrupsiyaga qarshi kurashda yana bir ishonchli qadam bo‘ladi. Bu ishlar albatta, komissiya tavsiyalari asosida bo‘lmoqda.

Senat tarkibidagi Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasining o‘tgan davrdagi faoliyati shaxsan meni qoniqtirmaydi

Xuddi shu kabi qo‘mita O‘zbekiston Oliy Majlis Senati tarkibida ham faoliyat yuritmoqda. Bu qo‘mita qanday faoliyat bilan shug‘ullanmoqda va uning ish samarasi nimalarda ko‘rinadi?

Senatordan bevosita o‘zi a'zo hisoblangan qo‘mita faoliyati haqida ham so‘radik.

— Odatda Parlament haqida mana shunday munosabatlar ko‘p bildiriladi va sizni gapingizda ham jon bor.

Balki, sizni bu qo‘mitaning ta'lim, sog‘liqni saqlash, umuman, turli yo‘nalishlarda tadbirlar o‘tkazish bilan cheklanib qolayotgani qoniqtirmayotgandir. Buning o‘z sabablari bor. Birinchidan, ushbu qo‘mitalar ikki palatada ham qonunchilik va sud huquq qo‘mitalari negizida tashkil qilindi.

Bu esa o‘sha qo‘mitalarda faoliyat yuritib kelgan deputat va senatorlardan iborat qilib shakllantirilgan.

Qo‘mitalarga korrupsiyaga qarshi kurashuvchi shaklining berilganiga ko‘p bo‘lmadi. Eng katta umidimiz esa yangi chaqiriqdan.

Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasining o‘tgan davrdagi faoliyati shaxsan meni qoniqtirmaydi.

Shunday kasalliklar borki, ular surunkali hisoblanadi va biologik nuqtai nazardan ularni birdaniga davolab bo‘lmaydi.

Hozir prezidentning siyosiy irodasi bilan korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhiti yaratildi.

O‘zini bilgan rahbar va xodimlar korrupsiyadan o‘zini tortyapti. Bunga qo‘shimcha stimul sifatida ish haqlari oshyapti, qonunchilikda turli o‘zgarishlar bo‘lyapti.

Korrupsiyaga qarshi kurashadigan yagona agentlik tuzish vaqti keldi

O‘zbekistonda Prokuratura, Ichki ishlar va Davlat xavfsizlik xizmati tashkilotlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi bo‘limlar faoliyat yuritadi. Huquq organlaridagi bu bo‘limlar korrupsiyani yuzaga keltiradigan omillar bilan emas, korrupsiya bilan kurashadi. Bizga esa ilm va amaliyot hamkorligida korrupsiyani keltirib chiqarayotgan omillarni aniqlaydigan va uning oldini oladigan tizim kerak. Xo‘sh, ilm va amaliyot hamkorligida korrupsiyani keltirib chiqarayotgan omillarni aniqlaydigan, uning oldini oladigan, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashadigan yagona organ, agentlik tuzish vaqti kelmadimi?

Senatordan bu borada fikrlarini so‘radik.

— Ko‘pgina rivojlangan davlatlar tajribasiga e'tibor beradigan bo‘lsak, korrupsiyaga qarshi kurash, avvalo, huquq tartibot organlarining o‘zidan boshlangan.

O‘ylaymanki, sizni fikringizda jon bor va rivojlanishimizning keyingi demokratik bosqichlarida ko‘pgina davlatlarda uchragani kabi korrupsiyaga qarshi kurashadigan yagona agentlik yoki qo‘mita tuzish vaqti keldi.

Bu agentlik bilan esa huquq tartibot organlari ham, ta'lim, sog‘liqni saqlash va mahalliy hokimliklar ham hisoblashishi kerak.

Sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining oyligini oshirish, balki, budjetga og‘ir kelayotgandir

Yaqinda sog‘liqni saqlash vazirligi, umuman, shu tizim korrupsiyaga botib ketganligi ham senat raisi, ham Bosh prokuror tomonidan juda qattiq tanqid qilindi.

Ammo sog‘liqni saqlash tizimidagi xodimlarning oylik maoshlariga e'tibor qaratilsa, bu ularning extiyojlarini to‘la qondirmasligini ko‘rsatadi. Xo‘sh, shunday vaziyatda bu tanqidlar samara beradimi?

— Savolga o‘zingiz deyarli to‘la javob berib bo‘ldingiz. Senatda sog‘liqni saqlash tizimi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yig‘ilish ishidan o‘zimiz ham qoniqdik. Yig‘ilishda muhokamalar juda jiddiy tus oldi.

Bilasizmi, tayoqning ikki uchi bor. Bir tomoni korrupsiya illatidan butun umr qutulolmaydigan insofsiz shifokor ham bor, ikkinchi tomoni xodimlarning ish haqi kam.

Ammo ish haqini oshirish orqali korrupsiyani butkul yo‘qotamiz, deb ham bo‘lmaydi. Bu bir omil, lekin, yana bir jihat sinovdan o‘tdiki, oliy ta'lim tizimida ish haqlarining oshishi korrupsiyani teng yarmiga kamaytirdi.

Hozir oliy ta'limdagi ko‘pchilik o‘qituvchilar korrupsiyaga qarshi murosasiz bo‘lib bormoqda.

Sog‘liqni saqlash tizimida esa xodimlar ko‘p va bu davlat budjetiga balki og‘ir kelayotgandir.

Eng yomoni shifoxonalardagi ko‘pchilik hamshiralar 0.25 shtat birligida ishlaydi. Ularning oyligi esa 600 ming so‘mga ham bormaydi.

Bu muammolar yillar davomida yig‘ilib kelgan. Ko‘p yillar sohada kvotalar soni cheklangan edi.

Korrupsiya borasida yana bir narsaga e'tiboringizni qaratgan bo‘lardim: oluvchi qo‘l bo‘lmasa, beruvchi qo‘l ham bo‘lmaydi. Demakki, xalqimiz ham bu illatdan qutulishi kerak, korrupsiyaga murosasiz bo‘lishi kerak.

Shifokorning oyligini oshirmay turib, ularni tanqid qilib bo‘lmaydi.

Jamiyat muammolarini gapirishda jurnalist va blogerlar senator va deputatlardan ko‘ra ilgarilab ketdi

So‘nggi vaqtlarda senator va deputatlarning obro‘yi, xalqning ularga ishonchi tushib borayotgandek. Abduqodir Toshqulov bu mavzuda ham fikrlarini bildirdi.

— So‘zim avvalida aytganimday, O‘zbekistonda yangi siyosiy jarayonlar boshlangach davlat va nodavlat tashkiloti vakillari harakatga tushishdi.

Nazarimda, so‘nggi vaqtlarda jurnalist va blogerlar jamiyatdagi muammolarni yoritishda senator va deputatlardan ko‘ra ilgarilab ketdi.

Aytganingizdek, deputat va senatorlar o‘z faoliyati bilan birga bu masalalarni ham olib ketishda qiynalishmoqda.

Yana bir jihatga e'tibor berish kerak, qonunchilik palatasiga bir loyiha kirsa o‘qishlar, frakksiya va qo‘mitalarda ko‘rilishlarini hisob kitob qilganimizda u qonun holiga kelguncha 27 marta qayta ko‘rilar ekan. Ya'ni, deputat o‘tirib qonun ijodkorligi bilan shug‘ullanadi, bu esa xalqqa ko‘rinmaydi.

Deputatning ikkinchi vazifasi nazorat tahlil va vakillik vazifasi. U bir oyda 10 kun saylov uchastkasiga chiqadi. Albatta, mana shu uchrashuvlarda ular tomonidan berilayotgan va'dalarning bajarilmasligi ham siz aytayotgan holatlarga sabab bo‘lyapti.

Yana bir sababni ochiq aytish kerak. Senatorlarning bu vazifadan tashqari ham davlat tashkilotidagi boshqa bir vazifasi bor. Shu sababli ham ayrim senatorlar tanqidiy fikrlar bildirishdan, muammolarni gapirishdan o‘zini tiyib turadi.

So‘nggi yillarda deputat va senatorlarga xalq ishonchi tushib borayotgani bor gap. Rasmiylarning muammolar haqida gapirmasligi hali ham o‘sha eski qo‘rquvning saqlanib qolayotganidan.

Ayrim rahbarlar quyushqondan chiqib ketmoqda

So‘ngi vaqtlarda OAV va ijtimoy tarmoqlarda qonunlarning barcha uchun teng ishlamayotgani borasida bildirilayotgan e'tirozli fikrlar soni ortib bormoqda. Bu esa xavfli holat hisoblanadi.

Qaysidir viloyat, tuman hokimi, senator yoki boshqa amaldor qonunni buzsa, u shunchaki, kechirim so‘rab qutuladi, oddiy xalq vakili, jurnalist yoki bloger qonun buzilishiga yo‘l qo‘ysa, qamaladi, yoki jarima to‘laydi.

Xo‘sh, nega bu kabi holatlar ko‘payib bormoqda? Senator savolga quyidagi mazmunda javob berdi.

— Qonun hammaga tengligi konstitutsiyamizda belgilangan, buni barchamiz bilamiz.

Siz aytayotgan masala ommaviy emas, ammo ijtimoiy tarmoqlarda chiqayotgan to‘rt-besh rahbarning ayb qilib, vaziyatdan shunchaki kechirim so‘rash bilan qutulayotgani holatlari ham bor gap. Menimcha, ularga baribir chora ko‘riladi.

Bu og‘ir savol. O‘sha rahbarlarning tajribasi, boshqa sohalardagi xizmatlari, mutaxassisligi inobatga olinib, balki qandaydir kechirim instituti ishlayotgandir, lekin bu noto‘g‘ri. Ayrim rahbarlarning quyushqondan chiqib ketayotganini ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘ryapmiz.

Qonun hammaga barobar bo‘lishi kerak.

Mavzuga oid