Jahon | 19:22 / 07.01.2020
61604
2 daqiqa o‘qiladi

General Sulaymoniyning dafn marosimi vaqtida halok bo‘lganlar soni oshdi. Marosim boshqa kunga qoldirildi

Eronning Kirmon shahrida general Qosim Sulaymoniyning dafn marosimi u bilan vidolashish istagidagilarning haddan tashqari ko‘pligi bois boshqa sanaga qoldirildi. 

ISNA agentligi ma'lumotiga ko‘ra, marosim vaqtida yuzaga kelgan taloto‘p tufayli halok bo‘lganlar soni 50 kishiga yetgan, 200dan ortiq kishi jarohatlangan holda shifoxonaga yotqizilgan. Ularning ayrimlari og‘ir ahvolda.

Avvalroq dafn marosimi vaqtidagi tiqilinchlar tufayli 35 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi.

«Ayni vaqtga kelib marosim vaqtidagi tartibsizliklar tufayli halok bo‘lganlar soni 50 nafarga yetdi, yana 213 nafar vatandoshimiz jarohatlandi», degan shahar tez tibbiy yordam markazi boshlig‘i.

Dafn marosimi tashkilotchilaridan biri bo‘lgan Mahdi Sadafi odamlarning ulkan oqimi tufayli marosimni davom ettirishning imkoni bo‘lmagan.

Dafn marosimi qaysi kuni o‘tkazilishi keyinroq OAV orqali ma'lum qilinadi.

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ning «Al-Quds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni bo‘lgan general Qosim Sulaymoniy 3 yanvar kuni Iroqning Bag‘dod shahrida amerikalik harbiylar bergan aviazarba natijasida halok bo‘lgandi. O‘tgan kunlar mobaynida uning jasadi Ahvaz, Qum va Tehron shaharlari bo‘ylab aylantirildi va bugun Eron janubi-sharqida joylashgan Kirmon shahriga keltirildi. Marosimga mamlakatning turli nuqtalaridan ham odamlar kelishdi va unda yuz minglab kishilar ishtirok etdi.

Mavzuga oid