Jamiyat | 11:52 / 08.01.2020
66843
6 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonlik ayrim chegarachilarning «hurmati juz-juz»mi? Rossiyaga safar sarguzashtlari

2019 yilning noyabr-dekabr oylarida xizmat safari bilan Rossiyada bo‘ldik. Borish va qaytish poyezdda bo‘ldi. Bundan ko‘zlangan maqsad, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli xalqaro yo‘nalishda qatnovchi poyezd Qozog‘iston tranzit hududidan o‘tishida kuzatiladigan muammolar haqidagi xabarlarga oydinlik kiritish, bunga guvoh bo‘lish edi.

Safar davomida haqiqiy holat ham bu boradagi gaplarni tasdiqladi, qozog‘istonlik ba'zi bir chegarachilar va bojxonachilarning «hurmati juz-juz» ekanini ham bilib oldik.

2019 yil 7 noyabr kuni yo‘lga chiqib, Sariog‘och chegara punktida to‘xtadik. Chegaraning O‘zbekistondagi qismidan o‘tishga 2 soatga yaqin vaqt sarfladik, Qozog‘iston hududida ham yana 2 soat atrofida turishimizni aytishdi. Vagonga dastlab chegarachilar chiqishdi. Yo‘lovchilarni navbati bilan bo‘sh turgan qo‘shni kupeda maxsus qurilma vositasida qayd eta boshlashdi.

Albatta, bundan avval, ular yuklarimizni ko‘rib chiqishgan, OAV vakili ekanimizdan xabar topishgandi. Birozdan so‘ng, kupega qo‘shni yurt bojxonachisi kirib keldi.

U yukimiz ko‘pligi, pastga tushirib, rentgentdan o‘tkazish jarayoni ko‘p vaqt olishi, sarson bo‘lishni istamasak, «juz-juz» berishimiz kerakligini aytdi. Buyog‘i qanday bo‘larkin, deya o‘zimizni go‘llikka solib turganimizda, qo‘shni kupedagi chegarachi uni chaqirib qoldi. Qozog‘istonlik bojxonachi chegarachi bilan nimalarnidir pichirlashishgach, qaytib kelib, «sizlar ketaveringlar, aq jol», deya xayrlashib, vagonni tark etdi.

Rossiyaga kirib bordik, kunlar o‘tdi, ikki oydan keyin vatanga qaytishni boshladik. Bu safar ataylab platskartga chipta oldik. Rossiya-Qozog‘iston chegarasidan yaxshi o‘tdik. Ya'ni, barcha o‘z ishini bajardi, ko‘ngilsiz holatlarni kuzatmadik.

Biroq, ko‘p yillardan buyon Rossiyaga qatnovchi hamrohlarimiz hammasi Sariog‘ochda boshlanishini aytishdi. Biz ochig‘i, Rossiyadan qaytayotgan oddiy o‘zbek migrantlari qiyofasida shu onlarni intiqlik bilan kutdik.

- Haliyam Mirziyoyev prezident bo‘lib, prezidentlar yaxshi bo‘lgach, bular (qozog‘istonlik chegarachilar va bojxonachilar) ancha yaxshi bo‘lib qolishdi. Ilgarilari yigitlarimizni xor qilishardi, pul bilan qaytayotganiga «uveren» bo‘lgani uchun dangal so‘rab olardi, pul bermaganiga qo‘ymasdi, - deydi farg‘onalik bir opa.

- Nima, hozir pul olishmaydimi?, - deya so‘raymiz gapni gapga ulash ilinjida.

- Olishadi, lekin hozir, ularning «hurmati» arzonlashdi, - deb gapga aralashdi yonimizdagi boshqa hamsafarimiz.

Nihoyat, poyezdimiz Qozog‘iston dashtlari uzra cho‘zilgan po‘lat izlar ustida chopqillab, Sariog‘och chegara punktiga ham yetib keldi. «Provodnik»larimiz bizni oldindan tayyorlashdi. Biohojatxonalar yo‘qligi bois, hojatxonalar eshiklari qulflandi. Barcha qozog‘istonlik chegarachilar-u bojxonachilarni kuta boshladi.

Hammasi risoladagidek ketayotgandi, biz vaziyat ancha o‘zgaribdi-da, deb xursand bo‘lib turuvdik, sokinlik uzoq cho‘zilmadi. Bojxonachilar, pasport nazorati kelib ketgach, chegarachilar guruhi kirib kelishdi deng. Chaqqon-chaqqon harakat qilishib, kimning yuki ko‘pligini aniqlashdi va ulardan biri «yuking ko‘p, hurmatti qil, juz-juz ber» deb qoldi. Biz yana avvalgidek, talmovsirab turaverdik. Yo‘q, bular anoyi emas ekan. Boshqa biri kelasolib, meni vagonning o‘rtarog‘iga tortib ketdi. Qolganlari talabalar, Rossiyadan qaytayotgan mehnat muhojirlaridan «hurmatlarini qilish»ni so‘ray boshlashdi, desam, yumshoq aytgan bo‘laman, talab qilishdi.

Mening esa cho‘ntaklarimni titkilashdi. Menga shu kerakmasmi, «pul yo‘q», deya imkon darajasida qarshilik ko‘rsatishga urindim. Chegarachi tishlaganini uzib oladigan xilidan ekan, cho‘ntagimdan 150 rubl topib oldi, ammo «insofli» ekan, «ana bor ekan-ku, hurmat jo‘qma», deya 100 rublni oldi-yu, 50 rublni qaytarib berdi va nari ketdi.

Xullas, Rossiyadan O‘zbekistonga poyezdda qaytayotgan vatandoshlar, (avtobusda borib-qaytib ko‘rmadim, bu ham bo‘lib qolar) Sariog‘ochga kelganda cho‘ntakda 100 rubl qolsa kifoya, bosh og‘riq qilmay, kayfiyatni buzmay O‘zbekistonga kirib olasiz. Axir, qozog‘istonlik ayrim chegarachilar va bojxonachilarning «hurmati juz-juz», o‘ylanmang.

P.S.: Qozog‘iston va Rossiya chegarachilari vazifalarini tezroq bajarishlari uchun maxsus mobil qurilmalar bilan jihozlangani yo‘lovchi bo‘lsak-da, bizning havasimizni keltirdi. O‘zbek chegarachilari qo‘shni hamkasblarining qo‘lidagi jihozlarga qanday qarasharkin?!

Mavzuga oid