O‘zbekiston | 19:40 / 08.01.2020
11133
2 daqiqa o‘qiladi

Yirik davlat kompaniyalaridan soliq yig‘ish yangi inspeksiya tomonidan amalga oshiriladi

Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, «O‘zbekneftgaz», «O‘ztransgaz», «O‘zqurilishmateriallari», «O‘zkimyosanoat» kabi yirik korxona va tashkilotlar budjet ko‘rsatkichlariga sezilarli ta'sir ko‘rsatadi. Endilikda ulardan tushumlar yaqinda tuzilgan Yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash inspeksiyasi tomonidan mustaqil yig‘iladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 8 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma'lum qilindi.

Qayd etilishicha, ilg‘or xorijiy tajriba hamda sinalgan amaliyot asosida mamlakatda milliy soliq tizimi yaratildi. Soliqlar soni va stavkalari optimallashtirildi. Qo‘shilgan qiymat solig‘ining stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirildi. Buning natijasida o‘tgan yili tadbirkorlar ixtiyorida jami 2 trillion so‘m mablag‘ qoldi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilariga o‘z komplekslari tarkibidagi korxonalarda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini har oyda muhokama qilib borish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Budjetga tushumlarni oshirishda yana bir muhim yo‘nalish — davlat aktivlari. O‘tgan yili davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan budjetga jami 1,6 trillion so‘m dividend to‘langan, xolos.

Shu bois mutasaddilarga davlat mulki obektlarini, jumladan, yog‘-moy va alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarni xususiylashtirish, yirik soliq to‘lovchi sub'yektlar bo‘yicha dividend to‘lash miqdori va davriyligini belgilash vazifasi yuklatildi.

Yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish uchun viloyat hokimlarining iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari moliya, soliq, bojxona, bank va iqtisodiy kompleks tarkibidagi boshqa tashkilotlar bilan birgalikda tadbirkorlarga munosib sharoit yaratish va budjet daromadlarini oshirish bo‘yicha doimiy ishlashi zarurligi qayd etildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid