O‘zbekiston | 14:51 / 09.01.2020
5134
2 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik: rotavirusga qarshi sifatli vaksina O‘zbekistonga arzonlashtirilgan narxda olib kiriladi

“Jo‘shqin Gujarat – 2019“ Xalqaro investitsion sammiti doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi va Hindistonning Bharat Biotech kompaniyasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga ko‘ra, rotavirus infeksiyasiga qarshi Bharat Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi Rotavac vaksinasini yetkazib berishga kelishilgan edi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi va Bharat Biotech kompaniyasi o‘rtasida olib borilgan muzokaralar natijasida, O‘zbekistonga ushbu vaksinaning 1 dozasini 0,85 AQSh doll. narxida yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi. O‘tgan davr mobaynida rotavirusga qarshi vaksinalarning 30 foizi UNICEF vaksinatsiya dasturining hamkori Global vaksinatsiya va immunizatsiya alyansi (GAVI) tomonidan moliyalashtirilishi hisobiga vaksinaning 1 dozasi 2,29 AQSh doll. narxda xarid qilingan.

Shuningdek, vazirlik tomonidan Bharat Biotech kompaniyasiga Rotavac vaksinasini O‘zbekiston davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Rotovirus infeksiyasiga qarshi qo‘llaniladigan Rotavac vaksinasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan qayta kvalifikatsiyadan o‘tgan bo‘lib, uni jahonning barcha davlatlarida qo‘llashga ruxsat berilgan. 

Bharat Biotech kompaniyasi bir qator xalqaro kompaniyalar va jamg‘armalar bilan hamkorlik natijasida mazkur vaksinani 2014 yili Hindiston bozoriga taklif etishga muvaffaq bo‘lgan. Kompaniya bergan ma'lumotlarga ko‘ra, uni yaratish uchun 200 million AQSh dollari investitsiya qilingan.

Rotavirus asosan chaqaloqlarda va kichik yoshli bolalarda oshqozon-ichak kasalligini keltirib chiqaruvchi virus bo‘lib, organizmni suvsizlanishiga olib keladi. Bolalarda kasallik qusish va tana haroratining yuqoriligi bilan kechadi. Rotovirus yoki xalqona tilda oshqozon grippi deb ataladigan ushbu kasallikka qarshi tibbiy preparatlar mavjud bo‘lmaganligi bois Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rotavirusga qarshi emlash amaliyotini qo‘llashni tavsiya etadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid