Jamiyat | 20:16 / 10.01.2020
10149
5 daqiqa o‘qiladi

Mukofot jamg‘armasi 50 million so‘mlik tanlov yakunlandi. Yana 11 nafar g‘olib pul mukofotlari bilan taqdirlandi

Kun.uz sayti orqali 2019 yilning noyabr-dekabr oylari davomida umumiy sovrin jamg‘armasi 50 million so‘m bo‘lgan «Mega tanlov-2» o‘tkazilib, g‘oliblar aniqlangan edi.

Tanlovning yakuniy hisob-kitoblariga ko‘ra, unda jami 305 ming 422 nafar ishtirokchi qatnashdi.

O‘tgan hafta davomida tanlov g‘oliblari sayt tahririyatiga tashrif buyurishdi va o‘z sovrinlarini qabul qilib oldi.

Birinchi g‘olib 85635 raqam egasi – Sardorbek Qosimov bo‘ldi. 

Qayd etish kerakki, odamlar orasida yutuqli tanlovlarga ishonch unchalik yuqori emas. Jumladan, bu g‘olibimiz ham tanlov xabarini do‘stidan ilk bor eshitganda unga ishonmagan. 

«Hammasi omadimni sinash uchun bir urinib ko‘rish istagi va kichik topshiriqlarni bajarish bilan sodir bo‘ldi.

Tanlovdan bir hafta o‘tib sayt muxbirlari tomonidan menga qo‘ng‘iroq bo‘lgachgina g‘olib bo‘lganimga va tanlov shaffof ekanligiga ishondim», deydi Sardorbek.

Ikkinchi g‘olib – 88872 raqam egasi Mirzohid Qoriyev

U mutaxassisligi bo‘yicha ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib, hozirda Namangan viloyatidagi maktablardan birida dars beradi.

«Ota-onam biroz betob bo‘lib qolishgandi. Kecha ularni ko‘rgani bordim. Ular bilan suhbatlashib o‘tirgandik, shu paytda sayt xodimlari telefon qilib qolishdi.

Ular men tanlovda ishtirok etmaganimni tasdiqlashgach, ishtirok etish raqamimni so‘rashdi. Shundan keyin raqamlarni solishtirib, g‘olib bo‘lganimni aytishdi.

Bu xabar bizga juda quvonchli bo‘ldi», deydi u tanlovdagi ishtiroki haqida.

«Mega tanlov-2»da qatnashib, unda g‘olib bo‘lganlar orasida yosh uy bekalari ham bor. 159650 raqam bilan tanlovda ishtirok etgan va g‘olib bo‘lgan Vazira Tohirova ham yutuqni qabul qilishga turmush o‘rtog‘i va farzandi bilan tashrif buyurdi.

U saytning telegramdagi kanalini doimiy ravishda kuzatib borishi, tanlov haqida ham telegram kanaldagi e'lon orqali xabar topgani haqida aytib berdi. 

«Tanlovdagi ishtirokimdan keyin oradan bir necha kun o‘tdi, lekin sizlardan biror xabar bo‘lmagach, demak, g‘olib bo‘lmabman-da, degan fikr o‘tgandi. G‘oliblik haqidagi xabarni esa bir hafta o‘tgach oldim va barchasi haqqoniy ekanligiga ishonch hosil qildim.

Shu paytgacha oddiy qiziqish bilan bir nechta tanlovlarda ishtirok etib ko‘rganman, lekin g‘olib bo‘lmagandim. Shuning uchun ham, rosti, ishonmagandim», deya g‘oliblik hayajoni bilan gapirdi u.

«Mega tanlov-2» davomida yana bir kichik tanlov e'lon qilingan edi. Tanlov ichida tanlov shartiga ko‘ra, «Mega tanlov-2» e'lonini telegram messenjeri foydalanuvchilariga eng ko‘p ulasha olgan qatnashchilarga 3 million so‘m pul mukofoti va'da qilindi.

Bu kichik tanlovning g‘olibi Surxondaryo viloyatidan bo‘ldi. Xushnudbek Ismatov hozirda maktabda musiqa fanidan o‘quvchilarga dars beradi.

«Tanlovda g‘olib bo‘lish uchun butun oila a'zolarimiz bilan harakat qildik, desam bo‘ladi. Kuch-birlikda, deyishganidek, mana natijasini ko‘ryapmiz», deydi Xushnudbek.

Tanlovning avvalgi sonlarida shuningdek, 103042 raqam egasi Raxmonbek Rahimov (5 million), 75808 raqam egasi Jamshid Farmonov (5 million), 23613 raqam egasi Rustam Ramazanov (5 million), 67134 raqam egasi Nozima Habibullayeva (5 million), 7712 raqam egasi Akmaljon Nusratullayev (5 million), 46216 raqam egasi Dadaxon Po‘latov (5 million), Ismatov Nodir (3 million) kabi ishtirokchilar g‘oliblikka erishgan va sayt tahririyatidan o‘z sovrinlarini olib ketishgan edi.

Tanlovning yana bir g‘olibi - (15650) raqam egasi bilan esa bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning noyabrida ham sayt tahririyati tomonidan umumiy jamg‘armasi 15 million so‘m bo‘lgan «Mega Konkurs» o‘tkazilib, 3 nafar g‘olib taqdirlangandi.

Kun.uz g‘oliblarni yana bir bor tabriklaydi.

Mavzuga oid