Jamiyat | 16:40 / 10.01.2020
26028
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasiga 150ta «Ford» rusumidagi reanimobillar topshirildi

Toshkentda xorijdan keltirilgan tez tibbiy yordam xizmatida foydalaniladigan 150ta «Ford» rusumidagi eng zamonaviy reanimobillar topshirildi.

«Endilikda barcha qulayliklarga ega ushbu mashinalar tez tibbiy yordam xizmatiga topshirilishi barobarida mamlakatimizda tez tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasi mutlaqo yangi innovatsion, sifat jihatdan yuksak, barcha xalqaro talablarga to‘liq javob beruvchi tizimga o‘tmoqda.

Aholiga shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish zamonaviy tibbiyotning muhim yo‘nalishi sanaladi. Mamlakatimizda bu yo‘nalishda yaratilgan zamonaviy tibbiyot tizimi yildan yilga takomillashmoqda. Keyingi uch yil mobaynida bu sohani rivojlantirish bo‘yicha Prezidentimizning qator Farmon va qarorlari qabul qilinib, mazkur tizimning huquqiy asoslari takomillashtirildi.

Tez tibbiy yordam xizmatining maxsus sanitar avtotransport parki ham yangilandi. 2017-2018 yillar mobaynida O‘zbekiston tarixida birinchi marta 1500ta tez tibbiy yordam xizmati uchun yangi ixtisoslashgan avtomashinalar xarid qilindi. Natijada bugungi kunda tizimda ikki yarim mingga yaqin zamonaviy tez yordam mashinalari aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Oxirgi yillarda tez tibbiy yordam xizmatiga ajratilayotgan mablag‘ ham bir necha barobar oshdi. Jumladan, bitta chaqiriqqa tez tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida ishlatiladigan dori vositalari uchun sarflangan mablag‘ning dori vositalari bo‘yicha narxi respublika bo‘ylab qariyb o‘n barobarga o‘sib, 5800 so‘mga yetdi.

Bundan tashqari, tez yordam brigadalari dislokatsiyasi qayta ko‘rib chiqilib, aholi yashash punktlariga yaqinlashtirildi. Bugungi kunda 844ta qishloq oilaviy poliklinikalarida tez tibbiy yordam tayanch punktlari tashkil etildi. Buning natijasida tez yordam brigadalarining xizmat ko‘rsatish radiusi 15-20 kilometrdan 8-12 kilometrgacha qisqardi. Endilikda yurtimizda har 13 ming aholiga bitta maxsus tez yordam mashinasi xizmat ko‘rsatmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid