Turizm sohasida mavsumiylik omilini qanday kamaytirish mumkin? – Turizm qo‘mitasi vakili izoh berdi
Bugun, 10 yanvar kuni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan 2019 yildagi islohotlar samarasi hamda 2020 yil uchun vazifalarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Tadbirda turizm statistikasi, soha targ‘iboti va turizmning alohida turlarini rivojlantirish, transport infratuzilmasining rivojlanishi, xorijdagi diaspora bilan ishlash va investitsiyalarni jalb etish, hududlarda turizm infratuzilmasining rivojlanishi va tadbirkorlar bilan ishlash bo‘yicha 2019 yilda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berildi.
Tadbirdan so‘ng Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov Kun.uz muxbirining sohaga oid savollariga javob berdi.
– Tadbirdagi chiqishingiz davomida 2020 yilda Transport vazirligi bilan yangi yo‘nalishlarda qatnovlar yo‘lga qo‘yilishi haqida aytib o‘tdingiz. Aynan qaysi yo‘nalishlar ekani bo‘yicha ma'lumot bera olasizmi?
– Bu bo‘yicha vazirligimiz tomonidan juda katta ishlar olib borilyapti. Bizga berilgan imkoniyat bu – «Ochiq osmon» imkoniyati. Aeroportlarga yangi yo‘nalishlardan aviaqatnov jalb qilish bo‘yicha ishlar olib boryapmiz. Bu qaysi yo‘nalishlar? Biz uchun muhim bo‘lgan yo‘nalishlar – Yevropa mamlakatlari, Xitoy, hatto mana Erondan aviareys ochildi. Turkiya bor, bilasiz, judayam serqatnov yo‘nalish. Arab davlatlari alohida. Bizning o‘sha ziyorat turizmiga bo‘lgan salohiyatimizni hisobga olganda, menimcha bu yo‘nalishlarda aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish turizmga katta foyda bo‘ladi va oldimizga qo‘ygan maqsadimiz turistlar sonini yaqin 2-3 yil ichida 10 millionga olib chiqishga erishishimiz uchun aviaqatnov juda ham muhim. Biz buning ustida birgalikda ish olib boryapmiz. 2020 yilda bu ish davom etadi, yangi-yangi ishlar bo‘ladi.
– Turizm sohasida 2019 yilda mavsumiylik omili kamaygani bo‘yicha ma'lumotlar taqdim etildi. 2020 yilda bu bo‘yicha yana qanday ishlar amalga oshiriladi?
– Sohadagi mutaxassislar yaxshi bilishadi, avvallari mavsumiylik omili juda katta muammo edi. Sayyohlar asosan bahor, kuz oylarida kelishar, yoz va qish mavsumlarida mehmonxonalarimiz deyarli bo‘sh bo‘lar edi, faoliyati to‘xtardi. Bo‘sh bo‘ldi degani nima? O‘sha mehmonxona ishchisi ham ma'lum vaqt ta'tilga chiqishi kerak. Hozir bu keskin ravishda o‘zgardi. Nimaga? Chunki O‘zbekiston dunyoga ochildi. Buning natijasida biznes turizm yo‘nalishi rivojlandi.
Biznes turizm deganimizda chet eldan tadbirkorlar, investorlarning kelishi, yurtimizda turli forumlar tashkil etilishi natijasida mavsumiylikning kamayishiga hissa bu aslida. Prezidentimiz tashabbuslari, boshchiligidagi islohotlar natijasida O‘zbekiston dunyoga yuzini ochdi. Buning natijasida ko‘proq turist kelganining hisobiga ham mavsumiylik omili kamaydi. Biz turizmning alohida turlarini rivojlantirish bo‘yicha [ishlarni amalga oshiryapmiz]. Kongresslar va ko‘rgazmalar unitar korxonamiz ochildi. Aynan shu maqsadlarga yo‘naltirilgan.
Qish mavsumida konferensiyalar, yarmarkalar o‘tkazish va bu orqali mavsumiylik omilini kamaytirish maqsad qilingan. Qish turizmi, tog‘ turizmi, masalan Amirsoyga o‘xshagan kurortlar bo‘lsa, mavsumiylikni kamaytirishga xizmat qiladi. O‘sha yo‘nalishlarning ustida tizimli ravishda qo‘mita tomonidan ish olib borilyapti.
– Hududlarning turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha bajarilgan ishlar haqida ma'lumot berildi. Bilamizki, shunday viloyatlar bor, u yerda turistlarning oqimi kamroq. Aynan shunday joylar bo‘yicha ham aniq choralar belgilanganmi? Mazkur yo‘nalishda nima ishlar olib borilmoqda?
– Ba'zi hududlarga nimaga turistlar kamroq boradi? Avvalambor, turizm infratuzilmaga bog‘liq narsa. O‘sha siz aytgan salohiyati bor, lekin turist kam borayotgan bo‘lsa, demak turizm infratuzilmasi rivojlanmagan. Bu birinchi navbatda transport bilan bog‘liq. Yetib borish imkoniyati yo‘q. To‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘q. Tezyurar poyezd yo‘q. Ana shu sababli bo‘ladi.
Ikkinchi masala – bu turizm mahsuloti yo‘qligi. Salohiyat bor, lekin mahsulot sifatida turistga taqdim etilmaganligi.
Birinchi yo‘nalish bo‘yicha. Bilasiz, respublika doirasida infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha katta loyihalar amalga oshirilyapti. Turizmga bu avvalambor yordam bo‘ladi. O‘sha Xonobod-Mo‘ynoq yo‘nalishi – Surxondaryo turizm koridori. Bu siz aytgan muammoni aslida hal qiladi.
Ikkinchi tomondan, o‘sha biz aytgan mahsulotlar. Tadbirkorlarimizning tashabbuslari bilan, qabul qilinayotgan qarorlar bilan turizm mahallasi, turizm qishlog‘i kabi loyihalar shunga yo‘naltirilgan. Chekka-chekka hududlarga turistlar yetib borishi va turizmdan keladigan ham iqtisodiy, ham ijtimoiy foyda to‘g‘riroq tarqalsinki, kelajakda keladigan turistlar sonini keskin oshirsak, og‘irlik, yuk faqat Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarimizga tushib qolmasin.
Mavzuga oid
13:24 / 21.11.2024
COP29 ishtirokchilari iqlimga mos turizmni rivojlantirishga kelishib oldi
23:32 / 13.11.2024
Florensiya «haddan ziyod turizm»ga qarshi kurash bo‘yicha yangi choralar qabul qildi
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
10:26 / 03.11.2024