Jamiyat | 20:20 / 10.01.2020
8468
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy oliy ta'lim kvalifikatsiyalarini tan olish va nostrifikatsiya qilishga oid arizalar yildan yilga oshmoqda

2019 yil xorijiy davlatlarda olingan diplomlarni tan olish bo‘yicha qabul qilingan 12 867ta arizaning bor-yo‘g‘i 26 foizi ijobiy baholanib, nostrifikatsiyalangan.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

So‘nggi 3 yil ichida xorijiy oliy ta'lim kvalifikatsiyalarini tan olish va nostrifikatsiya qilishga oid arizalar soni 5,3 martaga o‘sdi.

2017 yilda 2 ming 409ta, 2018 yilda 4 ming 964 ta ariza qabul qilingan bo‘lsa, 2019 yilda 12 ming 867ta arizalar ro‘yxatga olingan. Bu haqida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenbayev tomonidan ma'lumot berildi.

Uning qayd etishicha, 2019 yil xorijiy diplomni tan olish uchun topshirilgan arizalarning 72,4 foizi qo‘shni mamlakatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari ta'lim muassasalarining hujjatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

«Biroq 2019 yilgi 12 867ta arizaning bor-yo‘g‘i 26 foizi ijobiy baholanib, nostrifikatsiyalangan.

Hozir ijtimoiy tarmoqlarda ham bu mavzu keng muhokamada. Chegaradan o‘tgandan so‘ng yoshlarimiz ayrim qo‘shni mamlakatlarda arzon narxli OTMlarda 300-400 AQSh dollari to‘lab ta'lim olishmoqda.

Bu yoshlarning ikkita yo‘li bo‘ladi: birinchi kursdan keyin o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish yoki o‘qishni tugatgach, hujjatining O‘zbekistonda tan olinishiga erishish», deydi Ulug‘bek Toshkenbayev.  

Uning ta'kidlashicha, har bir davlatda nufuzli va milliy reytingi past bo‘lgan OTMlar mavjud bo‘ladi. Milliy reytingi past bo‘lgan OTMlarda ta'lim olgan yoshlar hatto diplomni tan olish imtihonlaridan ham o‘ta olishmaydi.

«Biz bu masalani qanday hal qilishimiz zarur degan savolga javob berishimiz zarur? Yoshlar O‘zbekistonda oliy ta'lim olishi uchun qamrovni oshirishimiz kerak.

Lekin bu o‘rinda ham savol paydo bo‘ladi. Oliy ta'lim qamrovi oshgach, ertaga  biz ularga ish topib bera olamizmi, shuncha oliy ma'lumotli kadrlar Respublikaga kerakmi-yo‘qmi, degan masala ham bor», deya mulohazalarini bildirdi Ulug‘bek Toshkenbayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, faqatgina oliy ta'lim muassasalarida sifatni oshirish bilan bu murakkab masalani hal etish mumkin.

Mavzuga oid