O‘zbekiston | 16:06 / 11.01.2020
69744
6 daqiqa o‘qiladi

Bojxona to‘lovlari 30 foizga oshgani rostmi?

Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona to‘lovlari boshqarmasi bosh inspektori Ilhomjon Pardayev bilan so‘nggi kunlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan bojxona yangiliklari bo‘yicha suhbat qildik.

– Ilhomjon, xush kelibsiz. Ko‘pchilik orasida “2020 yil 1 yanvardan bojxona to‘lovi 30 foizga oshar ekan” degan umumiy bir ma'lumot tarqaldi. Bu xabarlar qanchalik asosli?

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 noyabrdagi “Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlarni olib o‘tish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” PQ-4508-son qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan boshlab, respublikamizga kirib kelayotgan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan notijorat maqsadlardagi tovarlari bojsiz olib kirishning cheklangan me'yorlaridan ortgan holatlarda bojxona to‘lovlari soddalashtirilgan tartibda undirilishi yo‘lga qo‘yildi. Ya'ni, bojxona boji, qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksiz solig‘i o‘rniga tovarning bojxona qiymatidan 30 foiz, lekin har bir kilogrami uchun 3 AQSh dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda yagona bojxona to‘lovi stavkasi joriy qilindi.

Mazkur stavkalar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodidan va kelib chiqish mamlakatidan qat'i nazar tovarlarning barcha toifalari bo‘yicha bojxona qiymatidan kelib chiqqan holda tatbiq qilinadi.

Qaror bilan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiriladigan tovarlar toifasiga kirmaydigan tovarlar ro‘yxati ham tasdiqlandi. Ular sirasiga tibbiyot texnikasi va uskunalari, tibbiyot, xirurgiya, stomatologiya yoki veterinariya mebeli, fotolaboratoriyalar uchun apparatura va uskuna, o‘yin avtomatlari kabi qator tovarlar kiradi.

– Bu yangilik ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi, tabiiyki turli fikrlar bildirilmoqda. Bu bahs munozaralarni kuzatib boryapsizmi, munosabatingiz qanday?

– Albatta, faoliyatimizga oid har qanday xabar diqqat markazimizda bo‘ladi. Lekin bu qaror mohiyati to‘g‘ri tushunilishi, noto‘g‘ri tatbiq qilinmasligi kerak. Mana oddiy misol bilan tushuntirsam: 2020 yil 1 yanvarga qadar bojxona boji, aksiz solig‘i hamda QQS stavkalari yig‘indisi oziq-ovqat tovarlari uchun o‘rtacha 37% va nooziq-oqat tovarlari uchun 45%ni tashkil etgan. Endilikda esa bularning bari uchun 30% miqdorida yagona bojxona to‘lovi joriy etildi.

Ko‘rinib turibdiki, yangi joriy etilgan yagona bojxona to‘lovi 2020 yil 1 yanvarga qadar jismoniy shaxslardan undirilgan to‘lovlardan pastroq.

Shaxsiy ehtiyojlar uchun olib kiriladigan tovarlar toifasiga kirmaydigan tovarlar ro‘yxati tuzilishiga ham jiddiy sabab bor. Tijorat maqsadi uchun olib kirilayotgan tovarlarni “o‘z ehtiyojim uchun” degan vaj bilan olib kirish holatlari ko‘paymoqda. Vaholanki, yuqorida sanab o‘tilgan tovarlar asosan sanoatda, tadbirkorlikda foydalaniladi hamda ular sifat va xavfsizlik bo‘yicha majburiy tekshiruvlardan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan tovarlar sirasiga kiradi.

 – Jismoniy shaxslar qancha miqdorda yoki hajmda tovarlar olib kirishda bojxona to‘lovlari to‘lamaydilar?

– Jismoniy shaxslar avtomobil va piyodalar o‘tadigan punktlardan o‘tganlarida 300 AQSh dollari, poyezdda 1000, samolyotda 2000 AQSh dollarigacha qiymatdagi tovarlarni bojsiz olib kirishlari mumkin. Yirik maishiy texnikalar, masalan konditsioner, televizor kabi mahsulotlarni 6 oyda bir marta boj to‘lovisiz olib kirishga ruxsat beriladi.

 – Ko‘pincha nazorat punktlarida katta miqdorda xorijiy valuta olib o‘tilayotgani fosh qilingani bo‘yicha rasmiy ma'lumotlar beriladi. Ayting-chi, o‘sha pullarning keyingi taqdiri nima bo‘ladi?

– O‘zbekistonga cheklanmagan miqdorda valuta olib kirish, 100 mln. so‘mgacha qiymatdagi naqd milliy va xorijiy valutani olib chiqib ketish mumkin. Lekin shuncha imkoniyatlar berilganiga qaramasdan ba'zi fuqarolar valutani yashirib olib o‘tishga harakat qilishadi.

Bojxona organlari tomonidan 2019 yil davomida 221 ta holatda 14,1 mlrd. so‘mlik xorijiy va milliy valutalarni bojxona chegaralaridan noqonuniy ravishda olib o‘tish bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, bu pullar daliliy ashyo sifatida olingan. Huquqbuzarlik xolati bo‘yicha ushlab qolingan xorijiy va milliy valutalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 15.07.2009 yildagi 200-sonli qaroriga asosan bank muassasasiga vaqtinchalik saqlovga topshiriladi. Shundan so‘ng sud qaroriga ko‘ra ushbu huquqbuzarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilib, valuta boyliklari davlat egaligiga o‘tkaziladi.

 – Yaqinda yangi yil bayramini o‘tkazdik. Afsuski baribir paqildoqlar ovozi eshitilib turdi. Ayting-chi, bu borada nima ishlar qilindi-yu, kelajakda nima ishlar qilinishi kerak?

– Respublikamiz bojxonachilari tomonidan pirotexnika vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi qaratilgan tezkor-chora tadbirlar muntazam amalga oshirilib kelinmoqda.

Hamkasblarimiz o‘tgan 2019 yil davomida 311 ta qonunbuzarlik holatlarida qiymati 4 mlrd. 947 mln. so‘mlikni tashkil etuvchi 4 mln. 386 ming donadan ortiq pirotexnika vositalarining noqonuniy olib o‘tilishi va ichki hududdagi aylanmasiga chek qo‘yishdi. Xalqimizda “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” mazmunidagi maqol bor. Shunday ekan pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi nafaqat huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan ish olib borilishi, balki, har bir ota-ona, ta'lim muassasalari, mahalla idoralari bilan hamkorlikda ta'sirchan targ‘ibot ishlari olib borilishi maqsadga muvofiq.

 Abror Zohidov suhbatlashdi,
tasvirchi Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid