O‘zbekiston | 14:00 / 13.01.2020
44894
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi korxonaning gaz hisoblagichlarini tendersiz o‘rnatishmoqchi. Korxona kimniki?

Foto: Vladimir Smirnov/TASC

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tabiiy gazni nazorat qilish va hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Loyihada aytilishicha, «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasida yiliga 750 ming dona «Smart Metering» schyotchiklarini ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ishga tushiriladi. Bu loyiha doirasida 20 mln dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya o‘zlashtiriladi, 200 ta ish o‘rni yaratiladi, mahalliylashtirish darajasi 37 foizga yetkaziladi.

Bu loyiha Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiya agentligi tomonidan Rossiyaning «Gazdevays» AJ bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. 

«Gazdevays» AJ kimniki?

Davletovuz telegram kanalining yozishicha, «Gazdevays» AJning ustav fondi 1 543 080 000 rubl bo‘lib, uning yagona ta’sischisi «Tsentraktiv» MChJ hisoblanadi. «Tsentraktiv» MChJning ta’sischilari esa «Donata» MChJ (50 foiz) va jismoniy shaxs Sattorov Furqat Abdulloyevich (50 foiz).

«Donata» MChJning ikkita ta’sischisi bo‘lib, bittasi Londonda (Temm Engineering LTD), ikkinchisi Kiprda ochilgan firma (FRENERO ENTERPRISES LTD)lar hisoblanadi.

Mahsulot ishlab chiqarish 2020 yilning birinchi choragida ishga tushadi.

Davletovuz’ning bildirishicha, qaror loyihasi bilan yangi korxonaga yaxshigina imkoniyatlar taqdim etilmoqda:

«Birinchidan, «Qishloq qurilish invest» va «Shahar qurilish invest» AJ va boshqa qurilish tashkilotlariga mazkur schetchiklarni hech qanaqa tanlov, tendersiz sotib olish huquqi berilayapti. Umumiy soni 30 mingdan ortiq.

Ikkinchidan, «Hududgazta’minot» AJ 2020—2021 yillarda «Gazdevays» MChJ QKning schetchiklarini 3 mln 620 mingdan ortiq iste’molchiga (ham yuridik, ham jismoniy) o‘rnatadi. Bunda ularga Majburiy ijro byurosi yaqindan yordam beradi. Bu ham hech qanaqa tendersiz, tanlovsiz amalga oshiriladi. Darvoqe, korxonaning yillik quvvati 750 ming dona, ikki yilda buncha schetchik ishlab chiqara olmaydi, demak, «o‘zbekona biznes» modelida ish tutiladi: olib kiriladi. Buning uchun quyida imtiyoz berilayapti.

Uchinchidan, «Gazdevays» MChJ QK ijtimoiy ahamiyatga ega loyihani amalga oshirayotgani uchun uning mahsulotlari QQS, bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi».

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqa bir xuddi shunday qaror loyihasi bo‘yicha o‘zining salbiy xulosasini bergan.

Mavzuga oid