O‘zbekiston | 18:43 / 13.01.2020
6030
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zyo‘linspeksiya» 2019 yilda yo‘l-qurilishi obektlarida aniqlangan qoida buzilishlar to‘g‘risida ma'lumot berdi

“O‘zyo‘linspeksiya” tomonidan 2019 yil davomida 3257 ta yo‘l-qurilish obektlarida, shu jumladan, 178 ta qurish, qayta qurish va mukammal ta'mirlash obektlarida hamda 3079 ta joriy ta'mirlash, saqlash va boshqa obektlarda nazorat ishlari o‘tkazildi, deb xabar bermoqda inspeksiya axborot xizmati.

“Davlat inspektorlari tomonidan aniqlangan qoidabuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha mas'ul xodimlarga 2682 ta yozma ko‘rsatma berildi. Shundan 2635 ta ko‘rsatmadagi qoidabuzilishlar bartaraf etilgan, qolgan 47 ta ko‘rsatmaning ijrosi ham davlat inspektorlari nazoratiga olindi. Ko‘rsatmalarni o‘z muddatida bartaraf etmagan mas'ul shaxslarga nisbatan intizomiy javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish va aniqlangan qoidabuzilishlarni bartaraf etish uchun tegishli tashkilotlarga 221 ta taqdimnoma kiritildi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, yo‘l-qurilishi obektlarida qo‘pol ravishda qoidabuzilishlarga yo‘l qo‘ygan va berilgan ko‘rsatmalarni belgilangan muddatda bartaraf etmagan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar qo‘llanishi uchun 164 ta ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborildi. Shulardan 150 tasi bo‘yicha ma'muriy sudlar tomonidan 103,6 mln.so‘mlik jarima undirish bo‘yicha qaror qabul qilindi, qolgan 14 tasi ham sudda ko‘rib chiqilmoqda.

Sifatsiz bajarilgan 4846,6 mln.so‘mlik qurilish-montaj ishlari hajmini to‘lovdan chiqarib tashlash bo‘yicha buyurtmachilarga 58 ta talabnoma kiritilgan. Shulardan 1902,1 mln. so‘mlik sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlari bartaraf qilindi.

Sun'iy inshootlar holatini nazorat qilish ishlari yuzasidan 162 ta obektda, shu jumladan, 8 ta qurish va rekonstruksiya qilish, 29 ta mukammal ta'mirlash, 8 ta tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish va 117 ta saqlash obektlarida nazorat ishlari o‘tkazildi.

Natijada 2 ta ko‘prik avariya, 5 ta ko‘prik avariya oldi holatida hamda 3 tasi qoniqarsiz ahvolda ekani aniqlanib, dalolatnomalar rasmiylashtirildi. Ikkita ko‘prikda harakatni to‘xtatish va vaqtincha aylanma yo‘l qurish, qolgan 8 tasida esa kerakli yo‘l belgilarini o‘rnatish va doimiy nazorat o‘rnatish lozimligi to‘g‘risida – avtomobil yo‘llari bosh boshqarmalariga murojaat qilindi.

Yuqoridagilardan tashqari, o‘tgan 2019 yil davomida avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilarning murojaatlariga asosan yo‘l obektlarining sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash yuzasidan ham sezilarli natijalarga erishildi.

Xususan, yil davomida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan jami 131 ta murojaat kelib tushgan. 

Murojaatlarning 89 tasi bo‘yicha yo‘l obektlarining sifat ko‘rsatkichlari aniqlandi, shundan 46 ta holat yuzasidan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berildi, 43 ta obektni manzilli dasturga kiritish bo‘yicha hokimliklar va tegishli sektor rahbarlariga takliflar berildi.

Mavzuga oid