Jamiyat | 16:06 / 13.01.2020
31634
2 daqiqa o‘qiladi

Tabiiy gaz hisoblagichlarini almashtirish uchun pul to‘lanmaydi - DXA

Tabiiy gazni hisobga olish uskunasini yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha nimalarni bilasiz?

Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tabiiy gazni hisobga olish uskunasini yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha eslatma berdi.

«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 avgustdagi 698-sonli «Yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan.

Mazkur qarorga ilova qilingan «Tabiiy gazni hisobga olish uskunasini (hisoblagichni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti»gi muvofiq hisobga olish uskunalarini qiyoslash davriyligi jismoniy shaxslar uchun — 8 yil, yuridik shaxslar uchun — 4 yilni tashkil etadi.

Reglamentga ko‘ra, Hisobga olish uskunasini (hisoblagichni) qiyoslashdan o‘tkazish davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun jismoniy shaxslardan bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi, yuridik shaxslardan bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida yig‘im undiriladi.

Shuningdek, Tabiiy gazni hisobga olish uskunasini ta'mirlash yoki yangisiga almashtirishga doir sarf-xarajatlar hududiy gaz ta'minoti tashkilotlari tomonidan qoplanadi deb belgilangan.

Biroq, iste'molchilardan hisoblagich uskunalarini yangisiga almashtirish uchun pul undirish holatlari aniqlanmoqda. Mazkur holatlar yuzasidan Davlat xizmatlari agentligining 11-48 ishonch raqamiga murojaat qilish mumkin», deyiladi Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi matbuot xizmati eslatmasida.

Mavzuga oid