Sport | 08:58 / 15.01.2020
18411
2 daqiqa o‘qiladi

Dragan Cheran: «Nasaf»da legioner uchun 15-20 ming yevro maosh berishardi»

Foto: Tribuna.uz

Serbiya poytaxti Belgraddagi ta'tili davomida Dragan Cheran «Mozzarspor» nashriga intervyu berib, serb jurnalistlariga O‘zbekistondagi ilk klubi «Nasaf» jamoasi, budjeti va legionerlar maoshi haqida ham gapirib berdi.

Cherandan O‘zbekistondagi birinchi klubi «Nasaf» haqida so‘ralganda, u quyidagicha javob bergan:

- «Nasaf» tashkiliy jihatdan ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan va zamonaviy klub edi. Uning homiysi haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Har bir klubga neft kompaniyasi homiylik qilardi. Bu katta pullar. Jamoaning yillik budjeti 6 million yevroga teng edi. Eng asosiysi, hokim futbolga qiziqadigan inson bo‘lishi kerak. Dastlabki 1,5 yil zo‘r o‘tdi, keyin hokim o‘zgargach, yangisi sportga pul tikishni istamadi. Shu sababli klubni tark etdim. Bu jamoa Osiyoda Yevropa ligasiga o‘xshash bo‘lgan OFK kubogida zafar quchgan. O‘zbekistonning klublari kuchli bo‘lgani bois, hozirda ular bu turnirda ishtirok etishmaydi. O‘zbek klublari hozirda faqat OChLda qatnashishadi.

- O‘zbekistonda futbolchilar qancha maosh olishadi?

- Eng avvalo o‘zingizga bog‘liq. Ular dastlab sizni tarkibga qo‘shib, bir necha oy davomida kuzatishadi. Agar ular istagan o‘yinni namoyish etsangiz, oylik maoshingiz 15-20 ming yevroni tashkil etadi. Bu «Nasaf» singari klublardagi narx. Mahalliy futbolchilar esa ancha kam maosh olishadi. Shunga qaramay, olayotgan maoshlaridan doimo mamnun ekanliklarini yashirib o‘tirishmaydi, - deydi Dragan Cheran suhbat davomida.

Eslatib o‘tamiz, Dragan Cheran 2016 yilning ikkinchi davrasida «Nasaf» safiga qo‘shilib, 2018 yilning ikkinchi davrasida Qarshi klubini tark etgan va «Paxtakor» safiga kelib qo‘shilgan.

Mavzuga oid