O‘zbekiston | 20:01 / 16.01.2020
4475
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank «Qishloq qurilish bank»da davlat ulushining oshishini o‘tish chorasi deb atadi

«Qishloq qurilish bank»da davlat ulushining oshishi transformatsiya jarayoni oldidan o‘tish chorasi hisoblanadi. Bu haqda payshanba kuni O‘zbekiston Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov ma'lum qildi.

Foto: Qishloq qurilish bank

7 yanvarda bo‘lib o‘tgan «Qishloq qurilish bank» ATB aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida budjet ssudasidan vujudga kelgan 780 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘ni ATB “Qishloq qurilish bank” ustav kapitalidagi Moliya vazirligining ulushini ko‘paytirishga yo‘naltirish bo‘yicha qaror qabul qilingandi. Bankning ustav fondidagi davlat ulushi 90 foizdan ortiqni tashkil etadi.

Norqulovning qayd etishicha, ulushning oshirilishi «bankning davlat oldidagi majburiyatlarining bir qismini qayta rasmiylashtirish» bo‘lib, hukumat davlatning bank sektoridagi ishtirokini qisqartirish rejasini saqlab qolmoqda. «Ikkinchidan, bu bankning moliyaviy faoliyati barqarorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Aslida bunday qarorlar boshqa banklar bo‘yicha ham qabul qilingan», - dedi u.

«Bu banklarni transformatsiya va xususiylashtirishga tayyorlash uchun qilinmoqda. Bank oyoqda mustahkam turishi uchun uni qo‘llab-quvvatlash kerak. Ushbu chorani o‘tish chorasi sifatida ko‘rish kerak. Bu jonli pul taqdim etish degani emas. Bu moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi», - deb ta'kidladi Norqulov.

“Biz hozir (bank tizimini isloh qilish va xususiylashtirish bo‘yicha – tahr.) strategiya ishlab chiqmoqdamiz. Xususiylashtirish «Qishloq qurilish bank» bilan bo‘lgani kabi keng qamrovli qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirishni talab qiladi», - dedi u.

Mavzuga oid