O‘zbekiston | 08:57 / 16.01.2020
18119
6 daqiqa o‘qiladi

SSP majburiy a'zolik masalasi bo‘yicha izoh berdi

Foto: Savdo-sanoat palatasi

Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlik sub'yektlarining SSPga a'zoligi masalasi to‘g‘risida izoh bilan chiqdi.

Bildirilishicha, dunyoda Savdo-sanoat palatalarini tashkil etishning bir nechta modellari mavjud. Yevropa modeli tadbirkorlarning umummajburiy a'zoligiga asoslanadi (Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Niderlandiya, Gretsiya, Avstriya, Turkiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlar). Shuningdek qisman majburiy a'zolik (Yaponiya, Singapur) va ixtiyoriy a'zolik modellari mavjud (Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston) 

O‘zbekistonda tadbirkorlik sub'yektlari birlashuvining huquqiy asoslari “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) qonunning 10-moddasida belgilab qo‘yilgan bo‘lib, unda uyushmaning maqsadi, xususan, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish vakolatlari aniq belgilab qo‘yilgan.

Palata, tadbirkorlar uyushmasi sifatida 1996 yilda tashkil etilgan. Prezidentning 19.07.2017 yildagi 5087-sonli Farmoni bilan Palataning tarkibi va funksiyalari tubdan qayta tashkil etildi.

Palata zimmasiga biznes manfaatlarini huquqiy himoya qilish, uni rivojlantirish, aholi va tadbirkorlarni biznes asoslariga o‘qitish kabi bir qator funksiyalar yuklatilgan.

“Belgilangan funksiyalarni bajarib borib, birgina 2019 yilda Palata tomonidan tadbirkorlar ishtirokida 888 ta me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazildi, shundan 521 ta loyihalar biznesni rivojlantirishga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkinligi aniqlangan; tadbirkorlar manfaatlarida 6,3 trln. so‘mlik 70 mingdan ortiq da'vo arizalari kiritilgan; Palataning hakamlik sudlari tomonidan 243 mlrd so‘m miqdorida 10,6 mingta da'vo arizalari ko‘rib chiqildi; 184,7 mingta bepul xizmat ko‘rsatildi (bu barcha xizmatlarning 94,7 foizi); 130 mln.AQSh dollari miqdorida mahsulot eksport qilinishiga va 67,7 mln.AQSh dollariga teng mini-texnologiyalar sotib olishga ko‘maklashdi; 75 ta biznes forumlar va ko‘rgazmalar tashkil etildi; 15,4 ming fuqarolar va tadbirkorlar biznes asoslari bo‘yicha o‘qitildi, ulardan 79 nafari chet elda malaka oshirdi.

Bu Palata xodimlari bajaradigan ishlarning atigi bir qismi. Tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha deyarli barcha choralar Palata tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan bepul ta'minlanadi, uning yagona manbai a'zolik badallari hisoblanadi. Masalan, bitta biznes-forum kabi bunday tadbirlarni o‘tkazish uchun katta mablag‘ va kuch talab qilinishi mumkin.

Palata kichik biznesni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimida muhim o‘rin egallaydi. Shu bilan birga, unga yuklangan vazifalarni faqat yuqori malakali xodimlarni jalb qilgan holda barqaror moliyaviy holati mavjudligida bajarish mumkin.

“Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risidagi qonun”da (yangi tahrirda) qisman majburiy a'zolik joriy etilgan. Bugungi kunda Palata a'zolari 20321 ta xo‘jalik yurituvchi sub'yekt (shundan atigi 4575 tasi 2019 yilda a'zolik badalini to‘lagan) bo‘lib, shulardan 15978 - yakka tartibdagi tadbirkorlar, 218 - yirik tadbirkorlik sub'yektlari, 4125 - boshqa yuridik shaxslardir. Agar mamlakatda 663270 dan ortiq tadbirkorlik sub'yektlari faoliyat yuritayotganligini hisobga olsak, ularning atigi 3,1 foizi Palata a'zolaridir.

Ushbu qonunning 17-moddasida faqat yirik tadbirkorlik sub'yektlarining majburiy a'zoligi nazarda tutilgan. Amaliyotda xam, qonunning ushbu normasi aynan shunday amalga oshiriladi.  Mavjud 2313 ana shunday korxonalardan bor yo‘g‘i 218 tasi Palataning majburiy a'zosi bo‘ldi, ularning aksariyati davlat ulushiga ega.

“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasida kichik biznes sub'yektlari: yakka tartibdagi tadbirkorlar; mikrofirmalar va kichik korxonalardir.

Bu qonunning 3-moddasiga binoan tadbirkorlik faoliyati (tadbirkorlik) tadbirkorlik faoliyati sub'yektlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan, o‘zi tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskorlik faoliyatidir.

Bundan kelib chiqadiki, yuqorida qayd etilgan kichik biznes sub'yektlari ham xususiy tadbirkorlardir va qonunda ularga ixtiyoriy a'zolik belgilab qo‘yilgan.

Shu bilan birga, Palataga qisman majburiy a'zolikning joriy etilishi Konstitutsiya va boshqa qonunlarga zid emas.

Xususan, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida “Siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari, diniy tashkilotlar hamda boshqa ayrim nodavlat notijorat tashkilotlarini tuzishning, ular faoliyatining, qayta tashkil etilishi va tugatilishining xususiyatlari maxsus qonunlar bilan tartibga solinadi. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati sohasining u yoki bu munosabatlari maxsus qonunlar bilan tartibga solinmagan hollarda ushbu Qonunning normalari qo‘llaniladi” deb belgilangan.

SSPga a'zolik masalasi maxsus qonun bilan hal qilinganligi sababli, qisman majburiy a'zolik ushbu qonunning 2-moddasiga zid kelmaydi”, - deyiladi Savdo-sanoat palatasi izohida.

Qayd etilishicha, qonunda “va xususiy tadbirkorlik” so‘zlari chiqarib tashlanishi faqat yirik xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning a'zoligini jalb qilish imkoniyatlarini kengaytiradi, kichik biznes sub'yektlari uchun esa a'zolik ixtiyoriy bo‘lib qoladi.

Mavzuga oid