O‘zbekiston | 01:57 / 22.01.2020
28470
4 daqiqa o‘qiladi

«Bunga tayyorgarlik ko‘ryapmiz» – Mirziyoyev hokimlarning kengash raisi maqomini bekor qilish haqida

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda mahalliy deputatlik kengashlarini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi. Masalan, hokim va hokim o‘rinbosarlari, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq va sog‘liqni saqlash idoralari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qo‘yildi.

Ammo, prezident Shavkat Mirziyoyevning ta'kidicha, mahalliy kengashlar hududlardagi muammolarga yechim topishda o‘z vakolatlaridan deyarli foydalanmayapti.

«Qonunchilikda mahalliy kengashlarga keng vakolatlar berilgan bo‘lsa-da, amalda ularning natijasi ko‘rinmayapti, sezilmayapti. Qonunni bilmaganimiz uchun joylarda o‘tirgan mahalliy kengash raislari – hokimlar buni tushunmayapti. Tushuntirmayapti. O‘z ustida ishlamayapti», – dedi Shavkat Mirziyoyev Senatning ilk yalpi majlisidagi ma'ruzasida.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, davlat rahbari hokimlarning mahalliy kengash raisi maqomini bekor qilish masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan.

Lekin hozir hokimlar bundan foydalana olmayapti. Nimaga desangiz, hokim o‘z ustida ishlab, mahalliy kengashni ishlata olishi, shu mahalliy kengash orqali ijro organi vakillarini nazorat qila olishi kerak. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarini so‘rasa bo‘ladimi? Xalq ta'limi bo‘limi mudirini-chi? Yo‘l sohasi kattasini so‘rasa bo‘ladimi-yo‘qmi? Qani mahalliy kengashlar so‘rab, deputatlarni gapi bilan 2-3tasini ishga olib, korrupsiya qilgan yo‘llarini buzdirib, prokuratura orqali joyiga qo‘ydirib, namuna ko‘rsatsa...» – dedi Mirziyoyev.

Prezident yaqin-yaqingacha Toshkent shahri tumanlarida deputatlik kengashlari bo‘lmaganini yodga oldi.

«Mana, bir paytlar Toshkent shahrida mahalliy kengashlar yo‘q edi. Faqat shahar kengashi bor edi, tuman kengashlari yo‘q edi. Men kelganimdan keyin buni darrov o‘zgartirdim.

Men o‘zim Mirzo Ulug‘bek tumanida ishlaganman. U yerda kengash bo‘lmasa, ijro organini – sog‘liqni saqlash boshqarmasi, xalq ta'limi bo‘limi, ichki ishlar, kerak bo‘lsa prokuratura kabilarni kim nazorat qiladi?

Shaharga saylangan 6 senator tumanni nazorat qila oladimi? Hech qachon. Nima uchun bunday qilingan? Odamlarni ongli ravishda savodsiz qilib, o‘zgarishlarga befarq qilish qilingan. Tumanda kengash bo‘lmasa, ijro organini qanday qilib nazorat qilish mumkin? Usiz mutlaqo nazorat qilib bo‘lmaydi.

To‘g‘ri, bu qiyin masala. Lekin bugun hal qilmasak, ertaga kech bo‘ladi. Ijro organini endi qamchi bilan ishlatib bo‘lmaydi. Faqat qonun ustuvorligi bilan, adolat bilan, vatanparvarlik bilan ishlatishni o‘rganishimiz kerak», – deya ta'kidladi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev doimiy asosda ishlaydigan senatorlarni mahalliy kengashlarga biriktirish kerakligini aytib o‘tdi. 

Mavzuga oid