O‘zbekiston | 19:45 / 22.01.2020
25821
4 daqiqa o‘qiladi

MIB xodimiga bosim o‘tkazgan Past Darg‘om hokimi yordamchisi 223 ming so‘m jarimaga tortildi

2019 yil dekabr oyida Kun.uz'da «Past Darg‘omda korxona elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelgan: MIBga hokimlik vakillari to‘sqinlik qilishdi» sarlavhali maqola e'lon qilingandi.

Bugun, 22 yanvar kuni MIB Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i Alisher Zokirov «Matbuot uyi»da o‘tkazilgan brifing chog‘ida ana shu voqea yuzasidan yakuniy ma'lumot berdi.

Alisher Zokirov

Unga ko‘ra, xizmat tekshiruvi natijasida o‘sha kuni dalolatnoma rasmiylashtirgan MIB xodimlari harakatida qonunbuzilish alomatlari topilmagan.

Qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan Past Darg‘om tuman Obodonlashtirish davlat korxonasiga tegishli beton tayyorlash korxonasi tomonidan davlatga 65 million so‘mlik zarar yetkazilgan. Dastlab, obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i B.Jo‘rayevga yetkazilgan zarar qoplanmasa, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi ma'lum qilingan. 65 million so‘mlik zarar qoplab berilgach, jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilingan.

Shuningdek, MIB xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatgan hokimlik xodimi A.Mardiyev va beton tayyorlash korxonasi xodimi R.Annabozorovlarga nisbatan Past darg‘om tuman prokuraturasi tomonidan ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan.

Sud qarori bilan MIBga qarshilik ko‘rsatib, elektrdan noqonuniy foydalanishga sharoit yaratgan xodimlarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan.

Asror Mardiyev (chapda) va Ramshid Annabozorov (o‘ngda)

Eslatib o‘tamiz, Juma shahridagi «Qatorterak» mahallasi yaqinida 2 gektardan ortiq tutzor avgust oyida kesilib, Obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli beton tayyorlash korxonasiga berilgan.

Beton tayyorlash korxonasi elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan va energiya sotish korxonalariga bir tiyin to‘lamasdan kelgan.

2019 yil 4 dekabr kuni MIB Past Darg‘om tuman bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Suhrob Jalilov va bo‘limning yana bir xodimi voqea joyini o‘rganib, elektr hisoblagichsiz ishlayotgan transformatorni muhrlab, dalolatnoma imzolaganda ularga keskin qarshilik ko‘rsatilgan. Jumladan, beton tayyorlash korxonasi ish yurituvchisi Ramiz Annabozorov plomba va muhrlarni yulib tashlab, avtomatni yoqib, korxonani yana ishga tushirgan. Shuningdek, Past Darg‘om tuman hokimining yordamchisi Asror Mardiyev ushbu vaziyatda MIB xodimlariga bosim o‘tkazib, elektrdan uzmaslikni talab qilgan.

Mazkur voqea saytda e'lon qilingach, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa elektr energiyasi tanqis bo‘lgan qish oylarida xalq mulkidan noqonuniy foydalanishi va bu ishga hokim yordamchisining bosh-qosh bo‘lishi, elektr ta'minoti idorasi rahbari ham korxonani tarmoqdan uzolmagani o‘quvchilar o‘rtasida norozilikka sabab bo‘ldi.

Keyinroq, bu masala Samarqand viloyati hokimligi, MIB viloyat boshqarmasi, viloyat elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari va Kun.uz nashri muxbirlari ishtirokida joyida o‘rganib chiqildi. O‘rganish davomida Past Darg‘om tuman obodonlashtirish direksiyasiga qarashli sement mahsulotlarini qayta ishlash zavodi tomonidan Past Darg‘om tuman elektr ta'minoti korxonasiga jami 56 986 364 (ellik olti million to‘qqiz yuz sakson olti ming uch yuz oltmish to‘rt) so‘m zarar yetkazilganligi hisoblandi.

Mavzuga oid