Jamiyat | 19:43 / 22.01.2020
6917
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahridagi bog‘chalarga qabul uchun navbatga qo‘yilgan bolalar soni ma'lum qilindi

22 yanvar kuni Toshkent shahri hokimiyatida yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar yo‘nalishida qilingan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Hokim o‘rinbosari Elbek Shukurov Toshkent shahrida maktabgacha ta'lim muassasalari xususida gapirdi.

«2019 yilda Toshkent shahrida maktabgacha ta'lim sohasida qilingan ishlarga to‘xtalib o‘taman. 18ta davlat bolalar bog‘chalari to‘liq ta'mirdan chiqarildi, Sergeli tumanida 5ta yangi bolalar bog‘chasi tashkil etildi. 65ta nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti ochildi. Ayni vaqtda Toshkent shahrida maktabgacha ta'lim muassasalariga qabul uchun navbatga qo‘yilgan bolalar soni qariyb 20 ming nafarni tashkil etyapti. MTMlardagi yaratilgan shart-sharoitlarga qarab navbatga turish vaqti farqlanadi.

To‘lov miqdori ancha past bo‘lgan bog‘chalarga ariza berilgan kundan boshlab qabul amalga oshiriladi. Narx yuqorilashgani sari talab kuchayadi va shunga qarab muddat cho‘ziladi. Eng ko‘p muddat 2-3 oy hisoblanadi. Bu, albatta, qamrov hajmiga ham bog‘liq. Aholi zich tumanlarda MTMlar soni kam bo‘lsa, navbatga turish vaqti uzayadi. Bizda Sergeli tumani bo‘yicha muammolar yuzaga keldi. U yerda aholi soni oshib boryapti. MTMlardagi navbat ham juda katta. Yil davomida bu muammoni tizimli hal qilamiz», deya Shukurovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.  

Mavzuga oid